Light | 11:09 / 15.10.2018
43532
6 daqiqa o‘qiladi

Jahon milliarderlari reytingi qanday qilib tuziladi?

Bir asrki bu reyting dunyo ahlini o‘ziga ohanrabodek tortadi. Chunki o‘zganing boyligini sanash ko‘pchilikka xos xususiyat. Xo‘sh, jahon milliarderlari reytingi qanday qilib tuziladi? Qanday uslublardan foydalaniladi va kimlar bu reytingdan joy olishi mumkin?

Foto: The Telegraph

Bundan yuz yildan ortiqroq vaqt muqaddam, 1917 yilda Berti Charlz Forbs o‘z nomidagi jurnalga asos solganida va dastlab 1918 yilda 30 nafar milliarderning ro‘yxatini tuzib, e'lon qilganida bu reyting bunchalar ommalashishini o‘zi ham bilmagan bo‘lsa kerak.

Jon Rokfeller o‘zining 1,2 milliard dollari bilan yetakchilik qilgan bu ro‘yxat o‘sha paytlardayoq katta shov-shuvga va tabiiyki ulkan mojarolarga sabab bo‘lgandi. Kimdir bu ro‘yxatda o‘zining o‘rni pasayib qolganidan shikoyat qilgan bo‘lsa, boyligini sir tutishni, jinoiy to‘dalar va eng muhimi soliqchilar e'tiborini tortishni xush ko‘rmaydigan qaysidir milliarder aksincha bu ro‘yxatga kirib qolganidan norozi bo‘lgandi.

Chunki Forbs tomonidan bu ro‘yxat tuzilgani holda unda xolislik yetishmas, hammasi bir kishining taxminiy hisob-kitoblariga asoslangandi. O‘sha davrlarda xolis reyting tuzishning o‘zi ham qiyin edi. Chunki moliyada hozirgidek shaffoflik yo‘q, aksariyat boyliklar “ko‘rpalar qatida” saqlanardi.

Yildan yilga “Forbs” reytingi mukammalashib bordi. Hozirda ham bu reytingdan norozilar chiqib qoladi. Oxirgi shunday mojaro AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp nomi bilan bog‘liq. Tramp prezidentlikka saylanganidan so‘ng, 2016 yil yakunlariga ko‘ra reytingda 1 milliard yo‘qotgani holda 220 o‘ringa pastlab ketdi hamda kamtarona 544-o‘rindan joy oldi. O‘shanda Tramp kamida 5 milliard dollarga ega ekanligini ta'kidlab, Forbs mutaxassislarini noxolislikda ayblagandi.

Umuman “Forbs” reytingini tuzishda bir nechta umumiy va o‘ziga xos qoidalar mavjud.

Foto: Depositphotos

1. Reytingga avloddan avlodga o‘tuvchi boyliklarga ega shaxslar kiritilmaydi. Meros tariqasida olingan boylik merosxo‘rlar orasida bo‘lingan va har bir shaxsniki aniq bo‘lishi kerak. Agar ulkan meros farzandlar o‘rtasida bo‘linmagan, ammo ziddiyatlarsiz taqsimlanishi aniq bo‘lsa, barcha farzandlar bir xil miqdorda boylik bilan ko‘rsatiladi;

2. Ro‘yxatga sulolalar, o‘z xalqining boyligini o‘z boyligi sifatida qarovchi monarxlar kiritilmaydi. Lekin shunday toifalar uchun asosiy reytingdan tashqari alohida ro‘yxat shakllantiradi va ular boylikni qanday tasarruf etayotganlari tahlil qilib boriladi;

3. Hokimiyat boshqaruvi ortidan boylik orttirgan diktatorlar, jinoiy to‘dalar rahbarlari, asosiy boyligining kelib chiqish manbalari ma'lum bo‘lmagan badavlat insonlar “Forbs” reytingidan joy ola bilmaydi;

4. Shuningdek, o‘z davlatini sir saqlovchi, kompaniyalarining yoki qimmatli qog‘ozlarining birja qiymati noma'lum, tasarrufidagi boyliklarni e'lon qilgan va reytingga kirishga da'vogar bo‘lgan, ammo ma'lumotlarni tekshirish imkoniyatini bermaydigan “boy”lar “Forbs”ni orzu qilib qo‘ya qoladilar.

Shu o‘rinda gap bosh reytingda – milliarderlar ro‘yxati va AQShdagi asosiy jurnal haqida ketayotganini alohida ta'kidlash joiz. Har sonida 60 dan ortiq tahliliy maqola joy oluvchi “Forbs” jurnali tijorat loyihasi ekanligini, buning ortida ham biznes yotganini unutmaslik lozim. Jurnal ma'lum haq egasiga asosiy ro‘yxatga kira olmasada, “Forbs” jurnalida ko‘rinish berishni, biznes loyihalarini tanishtirishni istovchi, yoki shunchaki boyligini ko‘z-ko‘z qiluvchi boyvachchalar haqida ham maqolalar chop etadi. Faqat bunday sahifalarni egallash uchun 80 mingdan bir necha million dollargacha haq to‘lash lozim bo‘ladi va tabiiyki bu maqolalar reklama maqomida bo‘ladi.

“Forbs” reytingi yildan yilga shu qadar shiddat bilan o‘zgarishi ham alohida e'tiborga molik. Ayniqsa, uzoq yillar ro‘yxatni boshqarishiga hamma ko‘nikib qolgan, bir vaqtlar dunyoning birinchi trillioneri bo‘lishi ishonch bilan aytilgan 62 yoshli Bill Geytsning arzimagan ikki-uch yil ichida 54 yoshli Jyeff Bezosdan anchagina (97 milliardga qarshi 160 milliard) ortda qolishini hech kim kutmagandi. Yoki kimsan Bill Geytsni taxtdan ag‘dargan Karlos Slim Eluning qisqa muddat ichida Mark Tsukerbergdan ortda qolib (67 milliardga qarshi 71 milliard), oltinchi o‘ringa tushib ketishini ko‘pchilik tasavvur qila olmasdi.

Ma'lumot o‘rnida: 2018 yil birinchi yarmida dunyo bo‘ylab 2208 milliarder borligi qayd etilgan. Bu 2017 yilga nisbatan 165 nafarga ortiq. Ularning o‘rtacha boyligi 4,1 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi va bu mablag‘ ko‘pchilik davlatlar yalpi ichki mahsulotidan ham ko‘pdir. Umumiy hisobda dunyo milliarderlarining boyligi 9,1 trillion dollariga teng hamda bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 trillion dollarga ko‘proq.

40 milliard dollarga ega odam faqat ilk 20 talikka kirishi mumkin bo‘lgan bu ro‘yxatda 50 milliard dollari bor odam kuchli 10 talikdan ham joy ola olmaydi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra milliarderlarning dastlabki o‘nligi quyidagicha:

Mavzuga oid