Jahon | 08:13 / 15.10.2018
27650
2 daqiqa o‘qiladi

G‘oyib bo‘lgan jurnalist. Saudiya podshohi Erdo‘g‘an bilan gaplashdi

Foto: Habertürk

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdul Aziz Ol Saud yakshanba kuni kechqurun Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi. Saudiya podshohi saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining yo‘qolib qolishini surishtiruvdan o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma guruhni tuzish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaganligi uchun Turkiya rahbariga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Saudiya matbuot agentligi xabar tarqatdi.

Aniqlik kiritilishicha, podshoh, shuningdek, Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarning barqarorligini va ikki mamlakatning ularni rivojlantirishdan manfaatdorligini ta'kidladi.

O‘z navbatida, Turkiya prezidenti ikki mamlakat va xalqlar o‘rtasidagi qardoshlik hamda tarixiy munosabatlarga yuksak baho berdi va unda ularni kuchaytirish istagi borligini ta'kidladi, deya xabar beradi agentlik.

Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligiga kirganidan so‘ng g‘oyib bo‘ldi. Hukumat talabi bilan u diplomatik vakolatxonada ajrashish to‘g‘risidagi hujjatlarni shaxsan qabul qilib olishi kerak edi. Jurnalist qallig‘ini kiraverishda qoldirgan, biroq qaytib chiqmagan.

Konsullik xodimlarining bildirishicha, u «ketib qolgan». Turkiya hukumatining taxminiga ko‘ra, Saudiya maxsus xizmatlari jurnalistni bino ichida o‘ldirishgan va o‘sha kuni bosh konsullikka qayta-qayta kirgan, oynalari qoraytirilgan avtomobillarning birida jasadni olib chiqishgan. Kuzatuv kameralariga tushib qolgan qora mashina qidiruvga berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonining rasmiy pozitsiyasi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid