O‘zbekiston | 10:23 / 17.10.2018
5078
3 daqiqa o‘qiladi

Avtomaktablar faoliyatini sodir etilgan YTH soniga qarab baholash taklif etildi

Foto: Deskgram

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida avtomaktablar faoliyatini sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi soniga qarab baholash haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

“Avtomaktablar faoliyatini YTHga qarab baholashni va bu orqali ularni moliyaviy jazolash yoki rag‘batlantirishni taklif qilaman. Ma'lumki, bizda haydovchilik ruxsatnomasini olish katta muammo emas. Xorijiy ilg‘or mamlakatlarda haydovchilik guvohnomasini olish juda murakkab jarayon hisoblanadi. Haydovchilik guvohnomasiga da'vogar har bir shaxs avtomaktabning o‘zidagi bir qator murakkab imtihonlardan o‘tishi va o‘ta olmagan sharoitda qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirib qayta topshirishi ko‘zda tutilgan. Bizda esa, “qayta topshirish uchun qo‘shimcha to‘lov qildim” yoki “imtihondan o‘ta olmadim” degan gapni deyarli eshitmaymiz. Chunki deyarli barcha avto ishqibozlari uch yarim oydan keyin “prava” olaman degan gapni ishonch bilan ta'kidlaydi va shunday ham bo‘ladi. Shu bois, avtomaktablar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va ularning faoliyatini baholashda yangicha yondashuvlarga asoslanish lozim”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Qayd etilishicha, bunda noxush holatlar miqdorini kamaytirishning yo‘llaridan biri, YTH sodir etgan shaxslarning qaysi avtomaktabda tahsil olgani va shu maktab bitiruvchilari muayyan muddat davomida qancha YTH sodir etganligi miqdoriga qarab baholash mezonini joriy qilishdir. Buning uchun esa haydovchilik guvohnomasiga qaysi avtomaktabni tugatgan bo‘lsa, o‘shaning maxsus kod-raqami kiritilishi lozim. 

YTHning katta qismi qaysi avtomaktabga tegishli bo‘lsa, ana shu maktabni moliyaviy jazolashdan tortib, faoliyatini to‘xtatishgacha bo‘lgan choralarni ko‘rish mumkin. Yoki butun mamlakatimiz bo‘ylab qaysi avtomaktab hissasiga YTH nisbatan kamroq to‘g‘ri kelsa, o‘sha maktabga turli soliq imtiyozlarini taqdim etish va rag‘batlantiruvchi boshqa choralarni qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shundagina, har bir avtomaktab haydovchilarni yakuniy imtihongacha juda qattiq tekshirib, chig‘iriqdan o‘tkazgan holda tayyorlashiga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa, haydovchilar aybi bilan bo‘ladigan YTHlar sezilarli darajada kamayishi mumkin, deya yozadi murojaat muallifi.

Mavzuga oid