Jahon | 22:24 / 17.10.2018
36093
12 daqiqa o‘qiladi

Ommaviy qotilliklar: sabab, isyon va oqibat

Bugun, 17 oktabr kuni Qrimdagi Kerch shahrida joylashgan politexnika kolleji talabasi Vladislav Roslyakov ommaviy qotillik sodir etib, 18 kishini o‘ldirdi. U biroz oldinroq 12 kalibrli quroldan foydalanish uchun ruxsatnoma olgani ma'lum bo‘ldi. Bu voqea yana bir bor quroldan erkin foydalanishga ruxsat berilishi nechog‘liq to‘g‘ri ekani borasidagi munozaralarni kun tartibiga chiqardi. 

Vaqti-vaqti bilan bunday yangiliklar butun dunyo ommaviy axborot vositalarining bosh sahifalarini egallab oladi. Faqat hudud, ayovsiz o‘q otuvchi shaxs va halok bo‘lganlar soni o‘zgaradi xolos. Bunday yangiliklarni kuzatganlar ongida dunyoning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lmish AQShda ommaviy otishmalar kundalik holatga aylanib qolgan degan tushuncha ham shakllanib ulgurgan.

Xo‘sh, aslida ham shundaymi? Nega bir qarashda oddiy insonlar aytarli bir sababsiz bu qadar dahshatli qotilliklarga qo‘l urishadi?

Bu mavzuga oid voqealar shu qadar ko‘pki, AQShda aniq maqsadsiz va bir urinishda eng ko‘p odam o‘ldirganlar reytingi ham tuzilgan va bu o‘nlik quyidagicha ko‘rinish olgan:

10. Kolumbayn, 1999 yil, 20 aprel. Qurbonlar soni 13 nafar

Erik Harris (18 yosh) va Dilan Klibold (17 yosh) o‘z maktablarida ommaviy qirg‘in uyushtiradi. Ular 13 kishini o‘ldirib, 23 kishini yaralashadi va otishma yakunida o‘z jonlariga qasd qilishadi. Harris va Klibold kompyuter o‘yinlarini ko‘p o‘ynashar, o‘zlari ham otishmalardan iborat o‘yinlar yaratishga intilishardi. O‘sha paytlardayoq psixologlar o‘smirlarning kompyuter o‘yinlari orqali real hayotdan uzoqlashayotgani haqida bong urishgandi.

9. Edmond pochtasidagi otishma, 1986 yil, 20 avgust. Qurbonlar soni 14 nafar

Pochtaning oddiygina xodimi Patrik Sherrill uchta pistoletni olganicha o‘ziga tanbeh bergan rahbari Richard Esserni izlab yo‘lga tushadi va uni topib shu yerning o‘zida otib tashlaydi. Yana bir boshliqni topa olmagani alam qilgani tufayli boshqalarni ham ota boshlaydi va alaloqibat 10 daqiqa ichida 14 kishini o‘ldirib, 6 kishini qattiq yaralashga hamda o‘zini ham otib tashlashga ulguradi.

8. San-Bernardino, 2015 yil, 2 dekabr. Qurbonlar soni 14 nafar

Foto: Vedomosti

Ekstremistlar juftligi Sayid Rizvon Faruq (28 yosh) va Tashfin Malik (27 yosh) jismoniy imkoniyati cheklangan kishilar markaziga bostirib kirishdi va tadbirda to‘planib turgan odamlarga qarata to‘satdan o‘t ochishdi. 14 kishi o‘ldiriladi, 22 kishi yaralanadi. Politsiya avtomobilda qochgan juftlik ortidan to‘rt soat ta'qib qiladi va oxir-oqibat ular o‘ldiriladi.

7. Texas universiteti minorasidan nishonga olish, 1966 yil, 1 avgust. Qurbonlar soni 16 nafar

Charlz Uitman Texas universitetining namunali o‘quvchilaridan biri edi. Harbiy xizmatda snayperlik sirlarini puxta egallagani tufayli ham qizlar orasida obro‘si baland hisoblanardi. Ammo o‘qish davomida hammasi teskarisiga ketadi va u darslarni o‘zlashtira olmagani kamlik qilganday qimorga beriladi. 1966 yilning 1 avgusida u avvaliga o‘z onasi va xotinini, keyin universitet minorasiga chiqib olib boshqalarni ota boshladi. 16 kishini o‘ldirganidan keyin o‘zi ham halok bo‘lgan Charlzni tekshirganlarida, uning miyasida xavfli o‘sma borligi aniqlanadi.

6. «Makdonalds»dagi ommaviy qotillik, 1984 yil, 18 iyul. Qurbonlar soni 21 nafar

Ikki bolaning otasi, 41 yoshli Jyeyms Xyuberti San-Isidro shaharchasidagi umumiy ovqatlanish markaziga bir qo‘lida avtomat, ikkinchida pistolet tutganicha kirib keladi va tartibsiz o‘q uza boshlaydi. 21 kishi, jumladan bir necha bola qisqa muddat ichida halok bo‘ladi. Keyinchalik Xyuberti ruhiy xasta bo‘lgani va aynan o‘sha kuni psixiatr qabuliga kira olmagani ma'lum bo‘ladi. Chiqib ketishidan oldin u xotiniga odamlarni ovlash niyatida ekanligini bildirgandi.

5. «Lubi»dagi otishma, 1991 yil, 16 oktabr. Qurbonlar soni 23 nafar

Sobiq dengizchi, 35 yoshida ishsiz qolgan Jorj Gennard juda odamovi, ayollar va milliy ozchilikni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. O‘sha kuni u Texasning Killin shahrida joylashgan «Lubi» restoraniga avtomobilda bostirib kiradi va paydar-pay o‘q uza boshladi. Politsiya yetib kelgunicha u 23 kishini o‘ldirib, 27 kishini yaralaydi va o‘zini ham o‘ldiradi.

4. «Sendi Huk» maktabidagi ommaviy qotillik, 2012 yil, 14 dekabr. Qurbonlar soni 26 nafar

Foto: FBI / Handout via Reuters

O‘sha mash'um tongda 20 yoshli Adam Lenza avvaliga o‘z onasini otib o‘ldiradi, keyin maktabga kelib 6-7 yoshli bolalarning 20 nafari, katta yoshlilarning 6 nafarining hayotiga nuqta qo‘yadi. U bu ommaviy qotillikni avvaldan rejalashtirgani ma'lum bo‘ldi, ammo bunga nima sabab bo‘lgani sirligicha qoldi.

3. Virginiya politexnika universitetidagi otishma, 2007 yil, 16 aprel. Qurbonlar soni 32 nafar

Cho Sin Xi Politexnika universiteti bitiruvchisi edi. U hech bir sababsiz bu muassasaga kelib 32 kishini otib o‘ldiradi va 25 kishini yaralaydi. Keyinchalik Cho autizm ortidan yuzaga kelgan maniakal shizofreniyaga chalingani ma'lum bo‘ldi. Unga bu diagnoz 2005 yilda qo‘yilgan, lekin Cho davolanishdan bosh tortgandi. Ammo shtat qonunlariga ko‘ra aqliy zaiflar yoki majburiy davolanuvchilar ro‘yxatida yo‘qligi tufayli qonuniy tarzda qurol sotib olish huquqiga ega edi. U ikkita pistolet sotib oladi va 175ta o‘q uzish orqali 27 talaba va 5 nafar professorning boshiga yetadi, shundan so‘ng o‘zini o‘ldiradi.

2. Orlandodagi tungi klubga hujum, 2016 yil, 12 iyun. Qurbonlar soni 49 nafar

Foto: Adrees Latif / Reuters

Qo‘riqchi bo‘lib ishlovchi Omar Matin o‘sha kuni Orlando shahrida joylashgan, besoqolbozlarning sevimli maskani bo‘lgan «Puls» tungi klubiga kirib keladi va pistolet hamda yarim avtomat qurol yordamida ustma-ust o‘q yog‘dirib, 49 kishini o‘ldiradi va 53 kishini yaralaydi. Uning o‘zi ham politsiya o‘qidan o‘lgan. Keyinchalik surishtiruv natijasida Omar Matin ham bir jinslilar muhabbatiga duchor bo‘lgani e'lon qilindi.

1. Las-Vegasdagi dahshat, 2017 yil, 1 oktabr. Qurbonlar soni 59 nafar, yaralanganlar 527 kishi

Foto: David Becker / Getty Images

Bu otishmani AQSh tarixidagi 11 sentabr voqealaridan keyingi eng ommaviy qirg‘in deya baholashadi. 64 yoshli Stiven Peddok 28 sentabr kuni Mandalay Bay mehmonxonasining 32-qavatiga joylashdi va asta-sekin qurol yig‘ishni boshlaydi. Qizig‘i shundaki, keyinchalik uning nomeridan 23ta, uyidan 19ta har xil qurollar topilgan bo‘lsa ham, har kuni xonani yig‘ishtirib turuvchi mehmonxona xodimlari biror shubhali buyumni payqashmagan.

2017 yilning 1 oktabr kuni mehmonxona maydonida kantri musiqa festivali boshlandi. Peddok soat 22:05da o‘z nomeri derazasidan pastdagilarga qarata uzluksiz o‘q uzishni boshlaydi va roppa-rosa 10 daqiqada – soat 22:15da o‘t ochishni to‘xtatadi. Taxminan 300-350 metr masofadan yo‘llangan o‘qlar 59 kishining umriga zomin bo‘ladi, 527 kishi yaralanadi. Politsiya xonaga kirgunicha qotil o‘zini o‘ldirishga ulgurgandi.

Keyinchalik surishtiruvlar natijasida Peddok uzoq yillardan buyon qurolga ega bo‘lgani, oxirgi 13 oy ichida 33ta turli darajadagi avtomatik qurollarni mutlaqo qonuniy tarzda xarid qilgani ma'lum bo‘ladi.

Bu voqealarning har biridan so‘ng AQShda qurol savdosini cheklash bo‘yicha bahs munozaralar avj oladi. Qurol savdosi tarafdorlari va qarshilari o‘z argumentlarini ilgari surganlaricha uzoq tortishadilar, ammo yakunda hech narsa o‘zgarmaydi va navbatdagi ommaviy qotillikka qadar avvalgisi unutilib ketadi.

Buning o‘ziga xos jiddiy sabablari bor.

  • AQSh konstitutsiyasiga uzoq 1791 yilning 15 dekabrida kiritilgan ikkinchi tuzatishga ko‘ra, har bir fuqaro qurol sotib olish va saqlash huquqiga ega. Davlatning o‘zi fuqarolarning huquqlarini buzayotgan paytda hattoki qurolli isyon ko‘tarish huquqini beruvchi bu band asrlar o‘tsa hamki bekor qilinmagan, faqat quroldan foydalanish huquqi turli xil qonunlar va qoidalar bilan sayqallanib bormoqda.
  • AQShda qurol ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanuvchi yirik kompaniyalar davlatga qarashli emas, nodavlat tashkilotlardir. Ular siyosatchilar, muxbirlar, diplomatlar, senator va kongressmenlar orasida o‘z tarafdorlariga ega va qurolni cheklash borasidagi har qanday tashabbuslarga katta kuch bilan qarshi chiqadilar. Bunday mazmundagi qonunlar kun tartibiga qo‘yilishi bilan qurol ishlab chiqaruvchilarning gigant korporatsiyalari maxsus kampaniya boshlab yuborishadi va qudratli lobbi ortidan hattoki prezidentni ojiz qoldiradilar.

Bunga ko‘plab misollarni keltirib o‘tish mumkin. Barak Obama dastlabki prezidentlik muddatida qurol savdosini cheklash masalasini bir necha marta ko‘tardi. Navbatdagi ommaviy qotillikdan so‘ng Obama jonli efir vaqtida hatto qurbonlarni eslab ko‘ziga yosh ham olgandi. Ammo u ham arzirli natijaga erishmadi.

Uchinchidan, hattoki qurol ishlab chiqarish va sotish butunlay to‘xtatilgan taqdirda ham shu paytgacha xarid qilingan qurollar bir necha asrga yetadi. Chunki har bir qurol saqlovchi bir nechtadan o‘qotar vosita saqlaydi. Bundan tashqari, qurol savdosining shundoq ham rivojlanib ketayotgan nolegal bozori cheklov natijasida gullab-yashnashi aniq.

Shu o‘rinda qiziq jihat ko‘zga tashlanadi: har qanday ommaviy qirg‘indan keyin qurol savdosini cheklash borasidagi bahslar avj oladi, debatlar uyushtiriladi, tarafdorlar va qarshilar bir-birlarini so‘zlar hamda dalillar bilan mot qilishga urinishadi. Bu holat teskari ta'sir ko‘rsatadi – odamlar miltiq va to‘pponchalardan voz kechishni o‘ylashmaydi ham. Aksincha, bu paytda do‘konlardagi qurol savdosi bir necha barobar o‘sgani kuzatiladi. Chunki odamlar qurol savdosi cheklanishidan hadiksirab kerak-nokerak qurollarni zaxira uchun yanada ko‘proq sotib ola boshlaydilar.

Ammo bir narsani ta'kidlash lozim, AQShda og‘ir jinoyatlar soni muntazam kamayib bormoqda. Joriy yilda aholisi jihatdan deyarli bir xil bo‘lgan London shahri qotilliklar soni bo‘yicha Nyu-Yorkni ortda qoldirdi. Chunki Nyu-Yorkda so‘nggi 25 yil ichida qotilliklar soni 85 foizga kamaygani holda, Londonda bunday jinoyatlar ortib bormoqda.

Shuningdek, o‘tgan dam olish kunlarida (13-14 oktabr) Nyu-Yorkda so‘nggi 25 yil ichida ilk bor o‘q ovozi eshitilmadi, qaysidir inson otib o‘ldirilmadi. Demak AQShda jinoyatchilik yuqori darajada deb hisoblash noo‘rin. Vaqti-vaqti bilan maqsadsiz tarzda ommaviy qotilliklarga qo‘l uruvchilar masalasi alohida o‘rganiladi.

  • 2018 yil moliyaviy yakunlariga ko‘ra AQShda qurol ishlab chiqarish va sotish hajmi 33 foizga o‘sib, 55,6 milliard dollarga yetdi. Bu borada qo‘shma shtatlar mutlaq yetakchi hisoblanadi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid