O‘zbekiston | 01:03 / 17.10.2018
7073
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xalq tabobati tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida e'tirof etildi

Foto: vseostrsse.ru

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 12 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3968-sonli qarori sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi desak, xato bo‘lmaydi.

Mamlakat aholisi o‘zining sog‘lig‘ini asrashda zamonaviy shifokorlar bilan bir qatorda tabiblarga ham murojaat qilib, ayrim holatlarda ijobiy natijalarga erishayotganligi sir emas. Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan ushbu hujjat aholining zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan foydalanishi bilan bir qatorda, xalq tabobatining ko‘p yillik ko‘nikmalari hamda amaliyotda tasdiqlangan ijobiy yutuqlaridan ham samarali foydalanishlariga keng imkoniyat yaratib beradi.

So‘nggi yillarda xalq tabobati yo‘nalishida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarda nazoratning yetarli darajada emasligi, shuningdek, xalq tabobatining zamonaviy tibbiyot tizimida tutgan maqomi va roli xususida qator savollar yuzaga kelayotgan edi. Mazkur hujjat shunisi bilan ham ahamiyatliki, xalq tabobati faoliyatini tartibga solish, to‘plangan tajriba va salohiyatdan samarali foydalanish, ushbu sohadagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish hamda xalq tabobatining usullari va yutuqlaridan samarali va xavfsiz foydalanish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida e'tirof etildi.

Endilikda xalq tabobati usulida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tibbiy faoliyatni litsenziyalash uchun belgilangan tartibda amalga oshirilishi va bunda tibbiy ta'lim ma'lumotiga bo‘lgan talab bo‘lmasligi hamda xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar o‘z faoliyatining natijalari bo‘yicha tibbiyot xodimlari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hajmda javobgarligi belgilandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etilishi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga, ushbu qarorda xalq tabobatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Jumladan:

- xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomini va ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar oqibati uchun javobgarligini belgilash;

- xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va mutaxassislar, ularning ish tajribasi, ko‘rsatadigan xizmat turlari haqidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan yagona ma'lumotlar bazasini shakllantirish;

- ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda aholiga tibbiy xizmatdan foydalanishda ongli ravishda tanlash imkoniyatini yaratish uchun xalq tabobatining ko‘p yillik ko‘nikmalari hamda amaliyotda tasdiqlangan ijobiy yutuqlarini zamonaviy tibbiyotga integratsiyalash orqali uning salohiyatidan foydalanish;

- xalq tabobati sohasida yetakchi mahalliy va chet el tibbiyot muassasalari hamda sog‘lomlashtirish amaliyot markazlari bilan yaqin hamkorlik qilish asosida xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yaratish belgilanmoqda.

Shuningdek, Respublika tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining “Davolash ishi”, “Pediatriya”, “Tibbiyot-pedagogika” bakalavriat yo‘nalishlaridagi o‘quv dasturlariga xalq tabobati bo‘yicha maxsus o‘quv siklini joriy etish ham nazarda tutilgan.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida xalq tabobati kafedrasi va “Xalq tabobati” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kursi tashkil qilinadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etiladi.

Mazkur qaror bilan xalq tabobati bilan shug‘ullanish tartibga solish maqsadida:

  • 2018 yil 15 noyabrga qadar davlat ta'lim standartlarining talablari asosida xalq tabobati bo‘yicha o‘quv dasturini hamda xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirishga mo‘ljallangan binolarning sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyenik normativlarini ishlab chiqilishi;
  • 2018 yil 1 dekabrga qadar xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy faoliyatni amalga oshirishda ishlatiladigan asbob-uskunalar va boshqa texnik vositalar, shu jumladan, tibbiy texnikaga nisbatan minimal talablarni belgilash ham nazarda tutilgan.

Eng asosiysi mazkur faoliyat turini tartibga soluvchi normativ-huquqiy xujjatlarni ishlab chiqilishini belgilanganligi natijasida:

  • xalq tabobati usuli bilan tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan shaxslar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarda salbiy oqibatlarni oldini olinishi hamda sohta tabiblik  bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning javobgarliklarini belgilanishiga;
  • xalq tabobati usuli bilan xalqimizga xizmat ko‘rsatayotgan shaxslar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarni davlat standartlari asosida amalga oshirilishiga;
  • yetarli tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lmasdan inson salomatligiga xalq tabobati usuli bilan aralashuvlarni qonuniy tarzda cheklanishiga olib keladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan ushbu qaror mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida xalq tabobatining zamonaviy tibbiyotga integratsiyalashuvini ta'minlash bilan bir qatorda, aholi salomatligini asrashda xalq tabobatining samarali usullaridan keng foydalanish imkoniyatini  yaratib beradi. Bu esa o‘z navbatida aholi uchun tibbiy xizmat turini tanlashda yana bir imkoniyatdir.

Mavzuga oid