Light | 22:56 / 19.10.2018
18800
6 daqiqa o‘qiladi

«Bu yerdagi qoidalar Xitoydagidan tushunarliroq». Hindiston bilan ishlashning 8 ta o‘ziga xos jihati

Jivosite ijrochi direktori Timur Valishev kompaniya Hindiston bozoriga chiqqach ma'lum bo‘lgan ushbu mamlakat bilan ishlashning sakkizta o‘ziga xos jihatlari haqida hikoya qiladi. Ma'lumotni o‘qish u yerda endigina ish boshlash arafasida turganlar uchun foydali bo‘ladi.

Foto: Unsplash

Hindiston bilan aloqa qilish tajribasi ancha qiziq. Hamkorlikda ishlangan boshqa mamlakatlar bizga mentaliteti bo‘yicha tushunarli, ular bilan til topishish oson bo‘lsa, hindistonliklar bizga qaysidir ma'noda “o‘zga sayyoralik” bo‘lib ko‘rinishardi. Hindistondagi servisimiz rivojlanishi uchun 2017 yildan boshlab sarmoya kiritdik. Texnik ko‘mak va savdo uchun ikkita xodimni yollab, jivochat.co.in sayti nusxasini tayyorladik va narxlarni rupiyga o‘tkazdik. Biroq buning o‘zi yetarli emasdi. Xatolardan saboq chiqarib, hozirda ayrim kuzatishlarim bilan o‘rtoqlasha olaman.

1-jihat. Hindistonda xalqaro bozor bilan raqobat qilasiz

Agar loyihangiz Hindiston bozoriga kirib borsa, u holda siz hindlar bilan emas, global biznes bilan raqobatga kirishasiz (ko‘pincha ingliz va amerikaliklar bilan). Gap shundaki, Hindistondagi jami biznes va internet ingliz tilida. Sayt yoki mahsulotni hind tiliga tarjima qilishning hech qanday ma'nosi yo‘q. Chunki aholining 90 foizi ingliz tilida so‘zlashadi.

Masalan, kundalik hayotda Facebook va Google’ni faqat ingliz tilida qo‘llaydilar. Kompaniyalar tomonidan mijozlarga texnik ko‘mak ham istisno holatlaridan tashqari faqat ingliz tilida olib boriladi.

Foto: Unsplash

2-jihat. Hindlar savdolashishni juda yaxshi ko‘rishadi

Hindlar hatto tiyin ustida ham savdolashishni yaxshi ko‘rishadi. Buni milliy sport turi ham deyish mumkin. Xuddi arab bozoridagi kabi – narxlar savdolashish qiziq bo‘lishi uchun maxsus oshirib qo‘yilgan (buni Turkiyada ham kuzatish mumkin).

Hindistonda bunday yondashuv nafaqat bozorlar, balki ishbilarmonlik hamjamiyatida ham keng tarqalgan. Chegirmaga ega bo‘lding, demak kuning omadli bo‘ldi. Narx - qarorlarni qabul qilish omillaridan biri. Tejamkorlik yo‘lida hindlar jiddiy kelishuvlarga ham tayyorlar.

3-jihat. Mahalliy narsalarni qadrlashadi

Hindlar mahalliy ishlab chiqaruvchini qo‘llab-quvvatlaydilar. «Made in India» bu yerda hurmatga sazovor. Agar Hindiston kompaniyasi bilan munosabat ko‘rsatilsa, ishonch hissi darrov ortadi (aynan shunday vaziyatni Turkiyada ham kuzatishimiz mumkin). Shunday ekan, hind bozoriga kirishdan oldin nom, dizayn, foydalanish kabi omillarni mahalliy xodimlarni yollagan holda hindlarga moslashtirish muhim ahamiyatga ega.

Foto: Unsplash

4-jihat. Hindlar savdolarning agressiv usuliga o‘rganishgan

Hind odamga boshqa bir hind odamgina biror narsa sotishi mumkin. Buni ish tajribasi orqali o‘rgandik. Dastlab nima uchun savdolar yurishmayotganiga hayron qoldik (o‘sha vaqtda buni hindlar qilishmayotgan edi).

Mahalliy savdogar istiqbolli xaridor bilan telefonda muloqot qilishini eshitgach, barini tushundim. Muzokaralar usuli yumshoq qilib aytganda ancha “qattiq”.

Hindistonda odamlar savdolarning agressiv usuliga o‘rganishgan. Shuning uchun yevropalik yoki Lotin Amerika vakili uchun qo‘pollik bo‘lib ko‘ringan jihat, hindlar uchun odatiy holat.

5-jihat. Sovuq qo‘ng‘iroqlar ish beradi

Taajjubki, sovuq qo‘ng‘iroqlarga mijozlar ijobiy munosabat bildiradilar. Ular ish beradi. Bu odatiy amaliyot.

Foto: Unsplash

6-jihat.  E–commerce bozori tez o‘smoqda

Katta bo‘lmagan e-commerce-kompaniyalarning bozori katta va dunyoda eng tez o‘smoqda. 2014 va 2015 yillarda bozor hajmi ikki marta o‘sdi. 2016 yilda 39 foizga, 2017 yilda esa 26,4 foizga o‘sdi. Joriy davrga kelib Hindistondagi elektron tijorat bozori 27 milliard dollarni tashkil qilmoqda. 2018 yilda xaridorlar soni 120 milliondan ortdi.

O‘sish omili 4G-qurilmalarining paydo bo‘lishi, aholi farovonligining o‘sishi va logistikaning yaxshilanganiga bog‘lanmoqda. Tizimlarni mobil to‘lovlarga moslashtirish hisobiga o‘sish davom etishi kutilmoqda.

7-jihat. Tejashni xush ko‘rishadi

Hindlar tejashni yoqtiradilar. Demak, turli aksiya-chegirmalar – befoyda namunalar. Ular kamroq to‘lash uchun har qanday kelishuvga rozilar. Masalan, Gartner tadqiqotlaridan biriga ko‘ra, 10 ta mijozdan 9 tasi sifatli xizmat uchun ko‘proq haq to‘lashga tayyor. Bu Hindistonga tegishli emas – hindlardan pul olish osonmas.

Foto: Unsplash

8-jihat. Ular bilan munosabatlar o‘rnatish murakkab

Xodimlar bilan shaxsiy munosabat o‘rnatish oson emas. Mentalitetlar o‘rtasidagi farq katta.

***

Umuman olganda, barcha qiyinchiliklarga qaramay, Hindiston bozori jozibador. O‘ylashimcha, yaqin 10-20 yil ichida dunyodagi asosiy bozorlardan biriga aylanadi. Hindiston aholisi 1,324 milliard kishidan iborat (Xitoy – 1,379 milliard). Biroq xitoyliklardan farqli ravishda hindlar global ekotizimga integratsiyalashgan.

Gap shundaki, Hindiston uzoq vaqt davomida ingliz mustamlakasi bo‘lgan. Buyuk Britaniyaning ta'siri bugun uni Xitoydan farqlab turibdi:

bu yerda hamma ingliz tilida suhbatlashadi;

sud tizimini yaratishda hindlar ingliz huquqidan foydalanishgan – bu mamlakatni g‘arb biznesi uchun tushunarli va xavfsiz ko‘rinishga olib keladi.

O‘sish salohiyatidagi o‘xshashliklarga qaramay, bu yerdagi o‘yin qoidalari Xitoydagiga qaraganda tushunarliroq.

Mavzuga oid