O‘zbekiston | 17:22 / 19.10.2018
27369
3 daqiqa o‘qiladi

Prezidentlar hududlararo hamkorlik forumida ishtirok etdi, Mirziyoyev taklif bilan chiqdi 

Ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor “O‘zbekiston-Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi tashkil etildi. “O‘zekspomarkaz”da ochilgan forumda Rossiya hududlari, yetakchi kompaniya va sanoat korxonalari rahbarlari – jami mingdan ziyod kishi ishtirok etmoqda. 

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin ushbu forumga tashrif buyurdi. 

«Biz strategik sherigimiz va ittifoqdoshimiz - Rossiya Federatsiyasi bilan barqaror va ishonchli munosabatlarimizni yuksak qadrlaymiz. Ushbu forumning yuqori nufuzi va yuksak darajada tashkil etilgani ikki tomon ham hamkorlikdan manfaatdor ekani, bu borada ulkan salohiyat mavjudligining yana bir yorqin tasdig‘idir», dedi davlat rahbari.
 
O‘zbekiston va Rossiya hududlararo aloqalarga muhim ahamiyat qaratmoqda. Keyingi paytda bunday aloqalar yanada faollashdi. O‘zaro 40 dan ortiq tashrif uyushtirildi. Sentyabr-oktabr oylarining o‘zida O‘zbekistonning 14 hududi rahbarlari Rossiyaning 26 sub'yektida bo‘ldi. Bularning natijasida mahsulot yetkazib berish uchun yangi bozorlarga yo‘l ochildi, ish o‘rinlari yaratildi, aholi uchun qo‘shimcha daromad manbai paydo bo‘ldi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini aynan hududlar rahbarlari va tadbirkorlar belgilashini ta'kidladi.  

Yuqori texnologiyali qo‘shma korxonalar tashkil etish, xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish va uchinchi mamlakatlar bozorlarini o‘zlashtirish uchun kooperatsiyani kengaytirish zarurligi ta'kidlandi. 

Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Rossiyaning Ivanovo viloyati kompaniyalari ishtirokida mamlakatda qo‘shma to‘qimachilik klasterlari, Moskva bozorlariga meva-sabzavot yetkazib berish uchun Surxondaryo viloyatida zamonaviy agromajmua, Sverdlovsk viloyati bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida yengil va og‘ir metall konstruksiyalar zavodi, tataristonlik sheriklar bilan birgalikda Toshkent viloyatida kimyoviy o‘g‘itlar va Qoraqalpog‘istonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishda Moskva, Boshqirdiston, Orenburg va Rossiyaning boshqa sub'yektlaridagi ulgurji-taqsimot markazlari infratuzilmasidan foydalanish rejalashtirilmoqda. Bunday loyihalar juda ko‘p. 

Eng muhimi, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida mustahkam va uzoq muddatli sheriklik munosabatlari tashkil topdi. 

Forumda ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy masalalari, aniq loyiha va dasturlar muhokama qilindi. Ularning natijasida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik kelishuv va shartnomalar imzolandi. 

O‘zbekiston prezidenti Hududlararo hamkorlik forumini har yili o‘tkazishni taklif qildi.

Mavzuga oid