Jahon | 02:32 / 20.10.2018
4816
2 daqiqa o‘qiladi

Assanj unga boshpana bergan Ekvador hukumati ustidan sudga arz qildi

Foto: Peter Nicholls / Reuters

WikiLeaks asoschisi Julian Assanj unga Londondagi elchixonasidan boshpana bergan Ekvador hukumatini muloqotini cheklashda ayblab sudga berdi. 

Ta'kidlanishicha, Ekvadorning Londondagi elchixonasi Assanjga Human Rights Watch huquqni himoya qilish tashkiloti yetakchi yuriskonsulti bilan uchrashishni rad etgan hamda advokatlari bilan bir nechta uchrashuvga ruxsat bermagan. Assanj advokatlari mijozlarining “siyosiy boshpanasini uning fikri va so‘z erkinligiga bog‘liq qilib qo‘yadigan” o‘zini tutish bayonnomasi bo‘yicha e'tiroz bildirmoqchilar.

Assanj o‘zini elchixonada qanday tutishi kerakligi haqidagi 10 sahifalik maxsus bayonnomaga ko‘ra, Assanjni ko‘rmoqchi bo‘lgan jurnalistlar, advokatlar va boshqa odamlarga o‘z shaxsiy ma'lumotlari, jumladan telefon va planshetlarining seriya raqamlari va IMEI kodlarini hamda ijtimoiy tarmoqlardagi nomlarini taqdim qilishlari zarur. Shu bilan birga Ekvador bu ma'lumotlarni boshqa tashkilotlarga berishga haqli ekani ko‘rsatilgan. Bayonnomada ta'kidlanishicha, elchixona Assanj yoki uning oldiga kelganlarning mulkiga taqiqlov qo‘yishi va ularni ordersiz Britaniya rasmiy idoralariga topshirishi mumkin. Jumladan, WikiLeaks asoschisidan mushugiga g‘amxo‘rlik qilish, vannaxonani ozoda tutish va boshqa davlatlar ichki siyosatlariga aralashmaslik talab qilingan. Agar Assanj talablarni bajarmasa, uni boshpanadan mahrum qilib, Britaniya hukumatiga topshirilishi ko‘rsatilgan. Aksincha, agar u o‘zini yaxshi tutsa, unga internet qaytarilishi mumkinligi aytilgan.

Mart oxirida Ekvador elchixonasi Assanjni barcha aloqa vositalaridan mahrum qilgandi. U elchixonada 2012 yildan beri qolmoqda. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid