Jamiyat | 15:04 / 20.10.2018
6852
2 daqiqa o‘qiladi

Bemorlarni bepul dorilar bilan ta'minlash ustidan nazoratni kuchaytirish taklif etildi 

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida bemorlarning bepul dori vositalari bilan ta'minlanishi ustidan nazoratni kuchaytirish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, hozirda shifoxonalarda bemorlarga bepul berilishi kerak bo‘lgan dori vositalarining bemorlarga tarqatilgani haqidagi ma'lumotnomalar va ularni to‘ldirish shakli amalda samarasiz. 

“Chunki dori nomi yozilib, bemorga berilsa plyus (+), berilmasa minus (-) qo‘yiladi. Bemor kasalxonadan chiqqandan keyin, ma'lumotnomadagi minus (-)ni plyus (+) qilib qo‘yish unchalik qiyin emas va natija qanday bo‘lishi kundek ravshan”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bildirilishicha, yana bir kamchilik shuki, standart blankali retseptlar tartib raqamlarsiz berilyapti. Tartib raqami yo‘q retsept blankalari yo‘qotilsa ham nazorat qilib bo‘lmaydi.

“Taklifim: bepul dori vositalarini bemorlarga berilgani haqidagi ro‘yxatni takomillashtirish kerak. Ro‘yxatni har bir dori vositasi uchun alohida A6 formatli blankada tayyorlash va unga bemorning ism-familiyasi, dori nomi va sonini so‘z bilan yozish kerak. Bu blankaga bemor (uning vakili) dori vositasini bepul qabul qilgani haqida imzo chekishi shart. Agar bemor dori vositasini o‘z hisobidan olib kelsa, bu uchun alohida blanka qilinishi kerak. Bepul va o‘z hisobidan olingan dorilar blankalari ranglar bilan ajratilsa yaxshi bo‘ladi. Retsept blankasini, albatta tartib raqamli blankaga o‘tkazish kerak”, - deydi petitsiya muallifi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OTM talabalarini yotoqxona bilan ta'minlash haqida petitsiya paydo bo‘lgandi.

Mavzuga oid