O‘zbekiston | 01:12 / 20.10.2018
4475
3 daqiqa o‘qiladi

Yopiq harbiy shaharchalaridagi harbiy xizmatchilarga tadbirkorlik sub'yektlari xizmat ko‘rsatishiga ruxsat berildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Yopiq harbiy shaharchalardagi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari va ular oila a'zolariga savdo-maishiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Mazkur hujjatdan ko‘zlangan asosiy maqsad: davlat-xususiy sheriklik mexanizmini Mudofaa vazirligining yopiq harbiy shaharchalarida istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilari va ular oila a'zolariga tatbiq etish, zarur tovar va xizmatlar bilan ta'minlash, maqbul narxlarda ularni yetkazib berishdan iborat.

Prezident qarorining 1-bandiga muvofiq Mudofaa vazirligining yopiq harbiy shaharchalarida istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilari va ular oila a'zolariga tadbirkorlik sub'yektlari (yuridik shaxs va xususiy tadbirkorlar), shu jumladan sanoat tovarlari, oziq- ovqat, dori vositalari va tibbiy uskunalar, tibbiy xizmat va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.

Qarorning 2-bandiga ko‘ra 2022 yilning 1 yanvarigacha Mudofaa vazirligining yopiq harbiy shaharchalarida istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilar va ular oila a'zolariga savdo-maishiy xizmatlarini ko‘rsatadigan tadbirkorlik sub'yektlari yagona soliq to‘lovidan ozod qilinadi.

Mazkur hujjatning 4-bandida belgilanganidek, Mudofaa vazirligining yopiq harbiy shaharchalarida harbiy kiyim, furnitura va boshqa kiyim-kechak vositalarini sotish uchun tadbirkorlik sub'yektlari hamda harbiy qism bilan savdo-maishiy xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolanishi kerak. Bunda tegishli litsenziya talab etilmaydi.

Har tomonlama yaxshi tayyorlangan, yetarli darajada ta'minlangan va ijtimoiy himoyalangan, qudratli Qurolli Kuchlargina xavfsizlik va barqarorlikning, chegaralarimiz daxlsizligi va mamlakatimiz hududiy yaxlitligining, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam tayanchi va ishonchli kafolati bo‘ladi, deb yozadi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekistonning milliy armiya qurilishidagi aniq pozitsiyasi shunday tamoyil asosiga qurilgan. Yuqorida tilga olingan qaror ham bu borada amalga oshirilgan navbatdagi muhim yangiliklardan biridir.

Davlatimiz rahbarining e'tibori va g‘amxo‘rligi tufayli aholi punktlaridan uzoqda joylashgan yopiq harbiy shaharchalarda istiqomat qiladigan Vatan himoyachilari, ularning oila a'zolariga arzon, sifatli maishiy savdo xizmati ko‘rsatiladi. Demak, uzoq yo‘l yurib, vaqtini behuda sarflab, ortiqcha sarf-xarajat qilishga hojat qolmaydi. Bunday ezgu va xayrli ishlar mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yanada oshirishga, harbiy xizmatchilar ta'minoti, ijtimoiy muhofazasi borasidagi tizimli ishlar izchil davom etishiga xizmat qiladi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid