O‘zbekiston | 10:14 / 20.10.2018
4746
5 daqiqa o‘qiladi

“Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi” faoliyati takomillashtiriladi

Foto: National Geographic

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti huzuridagi “Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi”DUK faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Iqtisodiyot vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Moliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish vazirligi, Madaniyat vazirligi va “O‘zagrokimyohimoya” AJning O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti huzuridagi “Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi” davlat unitar korxonasining faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinishi mumkin.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifa va funksiyalari qatoridagi faoliyatining muhim yo‘nalishlari etib belgilanadi:

Respublikada aholi turar joylari, tabiiy va tarixiy obidalar, strategik obektlar hamda inshootlar va ochiq yer maydonlarida termitlariga qarshi zaharli yem-xo‘raklarini yaratish yuzasidan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti yoki boshqa tashkilotlar tomonidan yaratilgan termitlarga qarshi kurashish vositalarining biologik samaradorligini o‘rganish, tegishli xulosalar taqdim etish;

yem-xo‘rak ishlab chiqarish texnologiyasi va uni qo‘llash usullarini doimiy ravishda takomillashtirib borish va amaliyotga joriy etish;

termitlarga qarshi kurashish uchun yaratilgan yangi vositalarning iqtisodiy va biologik samaradorligini oshirish, amaliyotga joriy qilish, termitlarga qarshi kurashish yuzasidan uslubiy qo‘llanmalar, tavsiyalar, yo‘riqnomalar ishlab chiqish hamda patentga talabnoma tayyorlash;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari va “O‘zagrokimyohimoya” AJning hududiy filiallarining buyurtmasiga binoan termitlarga qarshi yem-xo‘raklarni shartnoma asosida tayyorlab berish;

zarur hollarda jismoniy va yuridik shaxslar bilan shartnoma asosida termitlarga qarshi kurashish ishlarini amalga oshirish;

termitlarni o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish maqsadida markaz xodimlarini xorijiy davlatlarning nufuzli ilmiy markazlarida malakasi oshirilishini ta'minlash.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining:

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Zoologiya institutiga tegishli Toshkent shahar, Olmazor tumani, Kichik xalqa yo‘li, 1-uy manzilida joylashgan 2 ta (618 m2) binoni Markazga operativ boshqarish huquqi bilan bepul berish;

mazkur binoni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Markazning byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan mukammal ta'mirlash to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarning natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar;

xo‘jalik faoliyati turlaridan olinadigan daromadlar;

xorijiy va donor tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilab qo‘yilishicha:

Respublikada termitlar zararidan kelib chiqadigan favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha monitoring yuritish ishlarini O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Markaz bilan birgalikda olib boradi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari aholi yashaydigan uy-joylarda, ijtimoiy va iqtisodiy soha obektlarida, korxona va tashkilotlarda hamda madaniy va tarixiy obidalarda termitlar monitoringini yuritish hamda ularga qarshi kurashish va profilaktik chora-tadbirlarni mulk egalari va mas'ul tashkilotlar bilan birgalikda shartnoma asosida amalga oshiradi;

“O‘zagrokimyohimoya” AJning hududiy filiallari tabiiy sharoitda (dala, qabriston, cho‘l zonalarida va boshqa ochiq joylarda) termitlar monitoringini yuritish hamda ularga qarshi kurashish va profilaktik chora-tadbirlarni mulk egalari va mas'ul tashkilotlar bilan birgalikda shartnoma asosida amalga oshiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid