9 yilda topilgan o‘g‘il: Onasi uning tirikligiga ishonardi
2009 yil sentabrda, 19 yoshida Rossiyaning Vladivostok shahridan O‘zbekiston tomon kelayotgan poyezdda Qozog‘iston Respublikasi Taraz shahrida yo‘qolib qolib, yaqinda topilgan Nazmiddin Soipov haqida saytimizda xabar berilgan edi.
Sayt ijodiy guruhi Samarqand viloyati Nurobod tumani Nurbuloq shaharchasiga — Nazmiddin istiqomat qiladigan xonadonga bordi.
Nazmiddin otasi Xudoyberdi Niyozov bilan Nurobod tuman tibbiyot birlashmasida davolash kurslari va profilaktikani o‘tayotgan ekan. Xonadonda ulardan xabar olish uchun uzoq-yaqindan mehmonlar kelganiga guvoh bo‘ldik.
Biz bilan suhbatda Nazmiddinning onasi Maryam Niyozova shuncha yildan buyon o‘g‘li tirik ekaniga ishonib kelgani, baribir kunlardan birida soppa-sog‘ holda eshikdan kirib kelishini kutganini aytdi. Shu kunlar kelganidan xursand, yordam bergan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Nazmiddin qanday yo‘qolib qolgan o‘zi?
Uning qo‘shnisi Vahob Tursunovning hikoya qilishicha, 2009 yili sentabr oylarida Vladivostokdan Novosibirsk orqali Toshkentga poyezdda qaytayotgan 19 yoshli Nazmiddinni (o‘zining tilidan) Jambul oblasti Taraz stansiyasida Qanaat ismli qozoq militsioneri tushirib qoldiradi.
Shundan buyon u dom-daraksiz ketadi. Ota-onasi faqat oradan uch yil o‘tibgina, 2012 yilda tuman ichki ishlar bo‘limiga uning yo‘qolgani to‘g‘risida ariza berishadi. Biroq — uni izlash bo‘yicha ishlar olib borilgan-borilmagani noma'lum — u topilmaydi.
Video: TasIX
Video: YouTube
Nazmiddinning topilish tarixi mo‘'jizaning o‘zginasi. Uning daragi ilk marta internetda chiqqan: 2018 yilning 27 iyunida telegramdagi «Ustalar» kanalida Nazmiddin haqida axborot paydo bo‘ladi. Uning tug‘ilgan sanasi, familiyasi, ismi, otasining ismi, aniq manzili ko‘rsatiladi va u Qozog‘istonda sargardon bo‘lib yurgani, g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonada mehnat qilayotgani, bilganlar bu xabarni yaqinlariga yetkazishi so‘raladi.
Biz Nazmiddinni ko‘rish uchun Nurobod tuman markazidagi tibbiyot birlashmasiga bordik. Uning ko‘rinishi yaxshi, salomatligida ijobiy tomonga o‘zgarishlar bor.
Vahob Tursunovning hikoya qilishicha, iyul oyida Nazmiddinning daragi chiqqach, hamqishloqlarining mashinasida, o‘zi, Nazmiddinning otasi Xudoyberdi Niyozov bilan birga Nazmiddinni olib kelish uchun Tarazga yo‘l olishadi.
Biroq borishgach, uni topa olishmaydi. Qidiruvlar besamar yakunlangach, Qozog‘iston politsiyasiga ham ariza tashlab, qaytishadi. Qidiruvga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi ham qo‘shiladi.
Video: Facebook
Nihoyat, sentabr oyining oxirida, uchovlon ikkinchi marta ular Qozog‘istonga u yerdan politsiyachilar Nazmiddinni aniq topishgani haqidagi xabar kelgach borishadi. Uning shaxsini tasdiqlovchi hujjati yo‘qolgani sabab O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasining Olmaota shahridagi bosh konsulxonasi yordamida «Vatanga qaytish guvohnomasi» rasmiylashtirilib, joriy yilning 4 oktabr kuni Nazmiddin Soipov yashash manziliga qaytib keladi.
Ayni paytda davolanish kursini o‘tayotgan va yaqinlari tomonidan parvarishlanayotgan Nazmiddinning o‘tmaslashgan xotirasi tiklanmoqda. Parvarish tufayli uning rangi toza bo‘lib bormoqda. To‘qqiz yilda topilgan o‘g‘il ayni paytda 28 yoshda… Endi Niyozovlar xonadoni to‘yga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
15:51 / 27.04.2024
Nurobodda 40 yil kutilib ta’mirlangan asfalt bir yilga bardosh berdi
15:57 / 17.10.2022
Nurobod tumaniga hokim tayinlandi
10:54 / 15.10.2022
Tog‘ etagida joylashgan qishloqdagi tug‘uruqxonada har kuni bir chaqaloq dunyoga kelmoqda
21:49 / 27.09.2022