O‘zbekiston | 18:30 / 21.10.2018
19394
6 daqiqa o‘qiladi

Siyosiy absenteizm: «Biz qo‘rqoqmizmi?»

Foto: Depositphotos

«AQSh prezidenti Suriyaga hujumni boshlabdi. Rossiya ham qarab turmayapti. Turkiya kuchini ko‘rsatib qo‘yadi». Ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan xabarlar ostida aynan shu mazmundagi izohlarni o‘qib, (jahon siyosatini tushunishga intilishi uchun o‘quvchilarga rahmat, biroq...) hafsalam pir bo‘ladi.

Nega «xontaxta ekspertlari» O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar davrida ham o‘z fikrini bildirishga (garchi barcha konstruktiv bo‘lmasa-da, garchi asosli argumentlar bilan boyitilmasa-da) harakat qilmaydi? Loaqal davlat rahbari va hukumat bildirgan tashabbuslarni chuqur anglamasa ham, bevosita xalqning hayoti bilan bog‘liq o‘zgarishlarga munosabat bildirishdan «qo‘rqadi». Aslida, biz «qo‘rquv» deya atagan holatning ilmiy asoslangan nomi bor – siyosiy absenteizm.

Siyosiy absenteizm nima?

Absenteizm (lot. absens, absentis — bo‘shliq, angl. absenteeism) saylovchilarning saylov jarayonida ishtirok etishdan qochishi, keng tushunchada esa harakatsizlik bilan ifodalanuvchi siyosiy xarakter, elektoral tashabbus, partiyaviy mas'uliyatdan bo‘yin tovlash, miting va namoyishlarda ishtirok etmaslik tushuniladi. Shuningdek, absenteizm ish joyidan hech qachon topish mumkin bo‘lmagan xodimga nisbatan aytiladi, bunday munosabat tarixan individual salbiy xarakter bilan bog‘lanadi.

Sotsiologiyada mana shu jarayonga birmuncha tushunarli izoh berilgan, ya'ni absenteizm paydo bo‘lgan muhitda shaxsning psixologik moduli yaratilgan sharoitga moslashmagan bo‘ladi. Soddaroq qilib aytganda, u atrofdagi munosabatlardan qoniqish his etmaydi.

Shunday qilib, siyosiy absenteizmning paydo bo‘lishi va kuchayishiga qanday omillar faol ta'sir qilishi mumkin?

Yevropada keksalar federatsiyasi a'zosi Dirk Jarrening fikricha, qashshoqlik va ijtimoiy himoyadan mosuvo bo‘lish jamiyatda absenteizm kayfiyatini oshirib yuboradi.

«Yevropa 2020 strategiyasi» mintaqada 20 millionga yaqin kishini 2020 yilga qadar qashshoqlikdan qutqarib, ularning ijtimoiy himoya qilinishini nazarda tutadi. Shunga qaramay, 2015 yil to‘plangan ma'lumotlarga ko‘ra, muayyan sinfga mansub kishilarning ahvoli yanada yomonlashmoqda. Bunga qadar, 2010 yili muqobil strategiya qabul qilingandi, iqtisodiyot rivojlandi, ammo u ham yordam bermadi», deydi Dirk.

Federatsiya a'zosining aytishicha, iqtisodiy-ijtimoiy muammolar iskanjasida qolgan kishilar (ular esa YeI aholisining chorak qismini - 118 mln kishini tashkil etmoqda) siyosiy jarayonlarda ishtirok etishga o‘zida rag‘bat topmaydi.

«Ishsiz kishilarning 66 foizi, o‘rta maxsus ta'limga ega aholining 35 foizi, 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 31 foizi mana shu kategoriyaga kirish xavfi ostida turibdi», deydi u.

Shu tufayli qashshoqlik va ijtimoiy notenglikka qarshi murosasiz kurash ta'minlanmas ekan, demokratiya va mamlakat farovonligi shubha ostida qolaveradi. Inson huquqlarini himoya qilish (aslida huquqlarini tanitish) hanuzgacha kompleks yondashuvga ega bo‘lmagan jamiyatda fuqarolarning siyosiy faolligi talab etiladi. 

O‘zbekiston matbuotida «qashshoq oila» termini kam uchraydi, uning o‘rniga «kam ta'minlangan oila», «ehtiyojmand oila» kabi so‘z birikmalari qo‘llaniladi. Ko‘pincha, «kam ta'minlangan oila» yashash joyi bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inida ro‘yxatga olingan. Tabiiyki, bu borada rasmiy statistika birmuncha kichik raqamlardan iborat. Ammo, bunday munosabat bilan aholining katta qismi iqtisodiy-ijtimoiy muammolar bilan «band» bo‘lib qolganini yashirib bo‘lmaydi. 

Osiyo taraqqiyot banki ma'lumotiga (2016 yil) ko‘ra, O‘zbekistonda qashshoqlikda kun kechirayotgan kishilar umumiy aholining 12,3 foizini tashkil etadi. Ya'ni, bank mutaxassislari har bitta davlatning «milliy qashshoqlik» darajasini ishlab chiqqan bo‘lib, qizil chiziqdan quyida bo‘lgan aholi soni «qashshoq odamlar» sifatida e'tirof etadi. 

Tahlilga boshqa nazar bilan qarasak, bugungi kunda dunyo aholisining deyarli yarmi bir sutkada 2,5 AQSh dollaridan (taxminan 20 ming so‘m) kamroq pulga kun kechiradi. Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, respublikada o‘rtacha oylik daromad 1 mln 684,5 ming so‘mdir. Eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi esa 3 mln 213 ming so‘mdan ortiqroqni tashkil etadi —  moliyaviy va sug‘urta faoliyati sohasidagi xodimlar shuncha daromad topadi.

Ma'lumotga ko‘ra, eng kam o‘rtacha nominal ish haqi esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy soha xodimlariga hisoblangan. Ularning o‘rtacha nominal ish haqi 1 mln 85 ming so‘mga teng bo‘lgan. Ta'lim sohasida ishlayotganlar ham boshqa soha vakillariga nisbatan kamroq maosh olishlari ma'lum bo‘ldi. Ularning o‘rtacha nominal ish haqi 1 mln 300 ming so‘mga yaqin. Jahon tajribasiga ko‘ra, qashshoq odam bir oyda taxminan 610 ming so‘mga umr kechirishini inobatga olsak, ayni paytdagi ahvolimiz ham bizni xursand qilmaydi. 

Masalaning ilk tuguniga qaytib, xulosa qiladigan bo‘lsam, biz siyosiy jarayonlarda faol bo‘lmagan, munosabat bildirishdan qo‘rqadigan kishilar emasmiz, shunchaki, qashshoqmiz. Siyosiy faollikka qadar, mamlakatda yuz berayotgan hodisalarga individual munosabat bildirishdan-da, ko‘proq tashvishlantiradigan o‘z muammolarimiz talaygina xalqmiz.

Alisher Ro‘zioxunov