Jahon | 08:02 / 22.10.2018
4497
2 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyadagi zilziladan ko‘rilgan zarar deyarli bir milliard dollarni tashkil qildi

Foto: AFP/Jewel Samad

Indoneziyaning Sulavesi  orolida sentabr oxirida yuz bergan zilzilalardan ko‘rilgan iqtisodiy zarar kamida 911 mln dollarni tashkil qildi. Indoneziyaning tabiiy ofatlarning oldini olish agentligining bunday ma'lumotlarini The Jakarta Post nashri keltirib o‘tdi.

Shu bilan birga agentlik vakili Sutopo Nugroxoning ta'kidlashicha, bu faqatgina dastlabki raqamlar bo‘lib, ular beshak yanada oshadi.

Nugroxoning ma'lum qilishicha, tabiiy ofat oqibatida Markaziy Sulavesida 223 mingdan ko‘proq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Qochqinlarning yarmi mamlakatning boshqa hududlariga ko‘chib o‘tgan, biroq hanuz ko‘pchilik Palu shahrida tashkil etilgan vaqtinchalik markazlarda qolmoqda. Zilzila oqibatida 68 mingdan ko‘proq uy, yuzlab ta'lim va tibbiyot muassasalari, hukumat binolari butkul vayron bo‘lgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 28 sentabrda yuz bergan 7,4 magnitudali zilzila va uning ortidan kelib chiqqan sunami oqibatida 2256 kishi halok bo‘lgan, 10,6 mingdan ko‘proq kishi jarohat olgan. OAV o‘n minglab kishilar bedarak yo‘qolgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda, chunki qutqaruvchilar zilzila markazi yaqinidagi bir qator aholi punktlariga hanuzgacha yeta bora olishmagan. Fojia hududida umumiy hisobda 4 mlnga yaqin odam yashagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid