O‘zbekiston | 11:46 / 24.10.2018
7466
5 daqiqa o‘qiladi

Yoshga oid toifa belgisi bo‘lmagan axborotni tarqatish taqiqlandi

Illyustrativ foto

“Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Axborot mahsulotining yoshga oid tasniflarini aniqlash mezonlari hamda uni ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Adliya vazirligi telegram-kanali.

Nizomga muvofiq bolalar o‘rtasida tarqalishi cheklangan axborot mahsulotlariga:

• shafqatsizlik, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik, jinoyat yoki jamiyatga qarshi boshqa harakatlar tasvirlangan;

• qo‘rquv, vahima va sarosima uyg‘otadigan;

• jinsiy munosabatlar tasvirlangan yoki bayon etilgan;

• uyatli so‘zlar jumlasiga kirmaydigan haqoratli so‘zlar va iboralarni o‘z ichiga olgan axborot mahsulotlari kiradi.

Yoshga oid toifa belgisi bo‘lmagan axborot mahsulotini tarqatish taqiqlanadi.

Yetti yoshga to‘lmagan bolalar uchun axborotlarga (0+) quyidagilar kiradi:

• bolalarning sog‘lig‘i va rivojlanishiga zarar yetkazmaydigan;

• janri va syujyeti ezgulik yovuzlik ustidan g‘alaba qozonishi hamda zo‘ravonlik qurboniga nisbatan rahm-shafqat ifoda etilgan axborotlar.

Yetti yoshga to‘lgan bolalar uchun (7+) axborotlarga quyidagilar kiradi:

• yetti yoshga to‘lmagan bolalar uchyn axborot (“0+”);

• odam kasalliklari va ular oqibatlarining inson qadr-qimmatini kamsitmaydigan shakldagi naturalistik bo‘lmagan axborot;

• baxtsiz hodisa, avariya, falokat yoxud kuch ishatilmagan o‘limning bolalarda qo‘rquv, vahima yoki sarosima uyg‘otishi mumkin bo‘lgan oqibatlari namoyish etilmagan, naturalistik bo‘lmagan axborot;

• jamiyatga qarshi xatti-harakatlar va jinoyat sodir etishga undamaydigan jinoyatlarning epizodik tasviri yoki bayonini o‘z ichiga olgan axborot mahsulotlari.

O‘n ikki yoshga to‘lgan bolalar uchun (12+) axborotlarga quyidagilar kiradi:

• (0+) va (7+) axborotlar;

• shafqatsizlik va zo‘ravonlikning qurboniga nisbatan rahm-shafqat va shafqatsizlik, zo‘ravonlikka nisbatan salbiy, qoralovchi munosabat ifoda etilishi sharti bilan hayotdan mahrum etish yoki jarohat yetkazish jarayoni natural ko‘rsatilmagan axborot;

• jamiyatga qarshi xatti-harakatlar sodir etishga undamaydigan axborotlar.

O‘n olti yoshga to‘lgan bolalar uchun (16+) axborotga quyidagilar kiradi:

• (0+), (7+) va (12+) axborotlar;

• baxtsiz hodisa, avariya, falokat, kasallik, o‘limning bolalarda qo‘rquv, vahima yoki sarosima uyg‘otishi mumkin bo‘lgan oqibatlari naturalistik ravishda namoyish etilmagan axborotlar;

• narkotik vositalar yoki psixotrop va gangituvchi moddalar to‘g‘risidagi, ularni iste'mol qilishning xavfli oqibatlari to‘g‘risidagi, bunday vositalar yoki moddalarni iste'mol qilishga salbiy yoki qoralovchi munosabat ifoda etilishi yoki ularni iste'mol qilishning xavfli ekani haqida ogohlantirish mavjud bo‘lishi sharti bilan shunday holatlarni ifoda etuvchi axborotlar;

• uyatli so‘zlar jumlasiga kirmaydigan haqoratli so‘zlar va iboralarni o‘z ichiga olgan axborot;

• jinsiy munosabatlarning jinsiy aloqaga nisbatan bo‘lgan qiziqishdan foydalanmaydigan hamda qo‘zg‘atuvchi yoki haqoratlovchi tusga ega bo‘lmagan epizodik naturalistik bo‘lmagan axborotlar.

Bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan (18+) axborotlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

• bolalar hayotiga va sog‘ligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etishga targ‘ib qilishga undaydigan;

• bolalarda alkogol va tamaki mahsulotlari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar iste'mol qilish, qimor o‘yinlari, ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish, fohishabozlik, daydilik, tilanchilik yoki g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarning boshqa shakllari bilan shug‘ullanish istagini paydo qiladigan;

• odamlarga yoki hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik va shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslaydigan yoki oqlaydigan yoxud zo‘ravonlik xatti-harakatlarini amalga oshirishga undaydigan;

• oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, axloqsizlikni targ‘ib qiladigan;

• g‘ayriqonuniy xulq-atvorni oqlaydigan va huquqbuzarlik sodir etishga olib keladigan;

• jamiyatda buzg‘unchilik g‘oyalarini targ‘ib etishga da'vat qiladigan;

• uyatli so‘zlarni o‘z ichiga olgan;

• pornografiya xususiyatiga ega bo‘lgan axborotni o‘z ichiga olgan;

• g‘ayriqonuniy harakatlar natijasida jabrlangan bolalar to‘g‘risidagi axborotlar kiradi.

Axborot mahsulotining ekspertizasi Matbuot va axborot agentligi qaroriga ko‘ra ekspertlar tomonidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid