«Barselona»ning Messisiz g‘alabasi va Salohning yangi rekordi. YeChLda tur yakunlari
24 oktabr oqshomida Yevropa Chempionlar ligasida yana 4 guruhda 3-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Salohning «Liverpul»dagi 50-goli, «PSJ»ning omadsizligi, «Atletiko»ning Simeone davridagi eng yirik mag‘lubiyati, gipsdagi Messi va Lorisning chetlatishi «Tribuna» tahlilida keltiriladi.
Simeone hali bunday mag‘lubiyatga uchramagandi
«A» guruhi
«Borussiya» D (Germaniya) – «Atletiko» (Ispaniya) 4:0 (1:0, 3:0)
Gollar: 1:0 – 38 Vittsel, 2:0 – 73 Gerreyru, 3:0 – 83 Sancho, 4:0 – 89 Gerreyru.
Borussiya D – Byurki, Pishchek, Diallo, Zagadu, Xakimi, Vittsel, Dileyni (Daud, 35), Pulishich (Sancho, 79), Gettse, Bruun Larsen (Gerreyru, 63), Roys.
Atletiko – Oblak, Xuanfran, Godin, Lyuka Ernandes, Filipe Luis, Parti (Rodri Ernandes, 46), Saul (Korrea, 70), Koke, Lemar, Diyego Kosta, Grizmann.
Ogohlantirishlar: Diallo (13), Parti (35), Lemar (45), Filipe Luis (82), Diyego Kosta (87), Zagadu (90), Korrea (90).
«Asalarilar» jamoasi asosiy hujumchi Pako Alkaserning yo‘qligini bildirishmadi. Lyusen Favr maydonga toza hujumchisiz tarkibni tushirishga majbur bo‘lgandi. «Yolg‘onchi to‘qqizlik» rolini Marko Roys bajardi, bu o‘yin uning faoliyatidagi 50-yevrokubok o‘yini bo‘ldi. Bunday tarkib bilan «Borussiya» hujumlari yanada rang-barang ko‘rinish oldi, futbolchilar doimiy ravishda joylarini o‘zgartirib turishdi.
Birinchi bo‘limda Vitselning zarbasi himoyachilardan biriga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirdi va Oblak hech narsa qila olmadi.
Ikkinchi bo‘limda «Atletiko» o‘ziga keldi va hujum uyushtira boshladi. Ammo to‘p ikki marta darvoza ustunidan qaytdi.
Lekin ikkinchi bo‘limning ikkinchi qismida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan portugaliyalik himoyachi Rafael Gerreyru dubl qayd etdi, mavsum kashfiyotiga aylangan Sancho ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Gollardan 3tasiga bu mavsum uchun «Real»dan ijaraga olingan Ashraf Hakimiy hammualliflik qildi.
Diyego Simeone «Atletiko» murabbiyligida 2011 yil dekabridan buyon 391 o‘yin o‘tkazib, bunday yirik hisobda mag‘lub bo‘lmagandi. «Atletiko» guruhdan chiqishi aniq, ammo birinchi o‘rinni egallashi katta so‘roq ostida. «Borussiya» nafaqat Germaniyada, balki Yevropa miqyosida ham kuchli jamoalardan biriga aylanganini isbotladi.
«Bryugge» (Belgiya) – «Monako» (Monako) 1:1 (1:1, 0:0)
Gollar: 0:1 – 31 Silla, 1:1 – 39 Uesli.
Bryugge – Letitsa, Pulen, Mexele, Densvil, Nakamba, Vlitink (Mata, 83), Bonaventure (Diatta, 90), Vormer, Vanaken, Rezayei (Openda, 79), Uesli.
Monako – Badiashile, Radji, Glik, Jyemerson, Sidibe (Xenrixs, 64), Ait-Bennasser, Tilemans, Shadli, Golovin, Silla, Yovetich (Diop, 12; Axolu, 73).
Ogohlantirishlar: Sidibe (44), Jyemerson (57), Nakamba (64), Uesli (85), Bonaventure (89), Tilemans (90).
Keyingi yillarda yevrokuboklarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelgan, bir marta Fransiyada «PSJ»ning gegemonligiga chek qo‘yishga erishgan «Monako» bu mavsumni o‘ta muvaffaqiyatsiz boshladi. Monegaskliklar jamoasi chempionat o‘yinida birinchi va oxirgi g‘alabasiga 11 avgustda erishgan, keyingi 9 tur davomida jamoa turnir jadvalida pastga sho‘ng‘ishda davom etgan.
Chempionlar ligasida ham jamoaning ahvoli chatoq. Avvaliga o‘z maydonida «Atletiko»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan jamoa, ikkinchi turda Dortmundga safarida 3ta javobsiz gol qabul qilib oldi. «Bryugge»ga qarshi o‘yinlar oldidan bosh murabbiy Leonardu Jardimni iste'foga chiqarib, fransiyalik sobiq futbolchi Terri Anrini olib kelgan rahbariyat kuchsiz raqibga qarshi o‘yinlarda vaziyatni o‘nglab olishga umid qilgandi.
Anrida hujum chizig‘i uchun tanlov ko‘p emasdi. Hujumchilar Pellegri, Falkao, Jyebbel va Roni Lopesh jarohat olishgan. «Bryugge»ga qarshi o‘yin boshidayoq Yovetich jarohat olib, uning o‘rnini Diop egalladi. Diop ham ikkinchi bo‘limda almashtirildi. O‘yinda amalda rossiyalik yarimhimoyachi ikkinchi hujumchi vazifasini bajardi.
O‘yinning 32-daqiqasida Aleksandr Golovinning uzatmasini Mussa Silla darvoza to‘riga joyladi. Ammo 7 daqiqa o‘tib Uesli hisobni tenglashtirdi.
Jamoa Belgiyada ham g‘alabasiz seriyasini davom ettirdi. Endi «Monako» pley-off uchun emas, Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun «Bryugge» bilan kurash olib boradi.
Hech kimga kerakmas durang
«V» guruhi
«PSV» (Niderlandiya» – «Tottenhem» (Angliya) 2:2 (1:1, 1:1)
Gollar: 1:0 – 29 Losano, 1:1 – 39 Lukas Moura, 1:2 – 54 Keyn, 2:2 – 87 de Yong.
PSV – Zut, Dumfris, Shvaab, Virgever, Tasende, Rosario, Xendriks, Losano, Pereyro (Gakpo, 83), Malen, de Yong.
Tottenhem – Loris, Tripper, Sanches, Alderveyreld, Devis, Dayyer, Dembele (Uinks, 74), Lukas Moura (Lamela, 64), Eriksen, Son Xin Min (Vorm, 81), Keyn.
Ogohlantirishlar: Dembele (20), Tasende (59), Dumfris (90), Rosario (90).
Chetlatish: Loris (79).
«Kelajagimiz shu o‘yin natijasiga bog‘liq. Bosim ostida o‘zimizni professionallarcha tutib, aql bilan o‘yin ko‘rsatishimiz kerak», dedi o‘yindan avval «Tottenhem» ustozi Maurisio Pochettino. Dastlabki turlarda «Inter» va «Barselona»dan qabul qilib olingan mag‘lubiyatlardan keyin London jamoasi qiyin ahvolga tushib qolgandi.
Lekin Niderlandiyada ko‘zlangan natijaga erishilmadi. Holbuki Pochettino shogirdlari o‘yinda ustunlik qilishdi, buni statistika ham ko‘rsatib turibdi (24 zarbaga qarshi 11, 9 aniq zarbaga qarshi 3).
Eyndxovenliklar jamoasi oxirgi 10 uchrashuvidan 8tasida gol o‘tkazmagan, to‘plar nisbati 30:3. «Shporlar» tarkib jihatidan Mark van Bommel jamoasidan kuchliligi aniq edi. Ular buni o‘yinning dastlabki daqiqalaridanoq isbotlashga kirishishdi, Keynning zarbasi ustundan qaytdi. Ammo Alderveyreld qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va hisob Losano tomonidan ochildi.
¡GOL DE CHUCKY!
— #ThankYouDeuce (@JogaBonito_USA) 24 oktabrya 2018 g.
Lozano capitalizes on the mistake by Alderweireld, and gives #PSV the 1-0 lead over #Tottenham!#PSVTOT #UCL #ElTri 🇲🇽 pic.twitter.com/Zni6NPSXIP
Birinchi bo‘limning o‘zida hisob tenglashdi, Eriksen va Tripperning kombinatsiyasi Lukas Mouraning goli bilan yakunlandi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Eriksenning pasidan keyin Keyn jamoasini oldinga olib chiqdi. Bu uning YeChLdagi 13-o‘yinida 11-golni urishi edi.
Harry Kane's close range header gives #Tottenham the 2-1 lead away to #PSV. Great cross by Christian Eriksen.#PSVTOT #THFC #UCL pic.twitter.com/sAEWDFqATQ
— #ThankYouDeuce (@JogaBonito_USA) 24 oktabrya 2018 g.
Ammo jamoa sardori Lloris jamoani og‘ir ahvolda qoldirdi, 79-daqiqada u jarima maydonchasidan tashqarida Losanoni yiqitgani uchun maydondan chetlatildi.
Keyingi daqiqalarda Lamelaning ham zarbasi ustundan qaytdi, o‘yin oxirida de Yong hisobni tenglashtiruvchi golni urdi. Hujumlarga boy o‘tgan o‘yindagi durang hech qaysi jamoani qanoatlantirmaydi. Ikki haftadan keyin «Uembli»da kechadigan javob o‘yini guruhda kim uchinchi o‘rinni olib, Yevropa Ligasida ishtirok etishini aniqlash uchun o‘tkaziladi.
«Bunday o‘yinda g‘alaba qozona olmas ekanmiz, guruhdan chiqishga haqli emasmiz», dedi o‘yindan keyin Pochettino.
Messi qoniqish hosil qildi
«Barselona» (Ispaniya) – «Inter» (Italiya) 2:0 (1:0, 1:0)
Gollar: 1:0 – 32 Rafinya, 2:0 – 83 Alba.
Barselona – ter Stegen, Serdji Roberto, Pike, Langle, Alba, Rakitich, Buskets, Artur (Vidal, 78), Rafinya (Nelson Semedu, 72), Suares, Koutino (Munir, 88).
Inter – Xandanovich, D`Ambrozio, Shkrinyar, Miranda, Asamoa, Vesino, Brozovich, Kandreva (Politano, 46), Valero (Martines, 63), Perishich (Keyta Balde, 77), Ikardi.
Ogohlantirishlar: Suares (62), Brozovich (73), Shkrinyar (74), Martines (85).
Qo‘lini sindirib olgani uchun 3 haftaga safdan chiqqan Lionel Messi kepka kiygan va qo‘li yelkasiga bog‘langan holda o‘yinni tribunadan turib kuzatdi. Uning sevimli jamoasi sardor qarshisida ishonchli o‘yin ko‘rsatib, muhim g‘alabaga erishdi.
Lionel yo‘qligi tufayli hujumda Suares, Koutino va Rafinya uchligi harakat qildi. Dembele maydonga tushirilmadi, uning o‘rniga o‘tgan mavsum «Inter» safida o‘ynagan Rafinya tanlandi. Suares va Rafinya birinchi golni yuzaga keltirishdi - urugvayli hujumchi qanotdan darvozabon hududiga a'lo darajada to‘p yetkazib berdi va hisob ochildi. Suares o‘yin davomida eng faol futbolchi bo‘ldi, u darvoza tomon 7ta zarba berdi va 4 marta hal qiluvchi pasni amalga oshirdi. Spalletti jamoasi esa o‘yinning asosiy qismini sust o‘tkazdi, jamoaga Raja Nayngolan yetishmayotgani ko‘rinib turardi. Yoki jamoa «Milan»ga qarshi o‘yinda ko‘p kuch yo‘qotgani sezilib qolgan. Milanliklar jamoasi o‘yindagi ilk zarbasini 78-daqiqaga kelibgina berdi. «Barselona» esa bu vaqt davomida Xandanovich darvozasi tomon 10dan ortiq zarba yo‘llab ulgurgandi.
O‘yinning oxirgi qismida Alba yakuniy hisobni o‘rnatdi. 83-daqiqada Alba-Vidal-Rakitich «uchburchagi» gol keltirdi.
«Inter» «Barselona»ning Chempionlar ligasida uy uchrashuvlaridagi mag‘lubiyatsiz seriyasini buza olmadi. Kataloniyaliklar «Kamp Nou»da oxirgi marta 2013 yilning 1 mayida «Bavariya»ga yutqazgandi (0:3). Shundan keyingi 27 o‘yinda hech bir jamoa YeChL doirasida ko‘k-anorranglilar maydonidan 3 ochko olib keta olmadi.
Kataloniyaliklar endi birinchi o‘rinda.
Salohning yangi rekordi
«S» guruhi
«Liverpul» (Angliya) – «Tsrvena Zvezda» (Serbiya) 4:0 (2:0, 2:0)
Gollar: 1:0 – 20 Firmino, 2:0 – 45 Saloh, 3:0 – 51, penalti Saloh, 4:0 – 80 Mane.
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold, Gomes, van Deyk, Robertson (Moreno, 82), Veynaldum, Fabino, Shakiri (Lallana, 68), Firmino, Mane, Saloh (Starrij, 73).
Tsrvena Zvezda – Boryan, Stoykovich, Degenek, Babich, Gobelich, Krstichich, Yovichich (Chaushich, 75), Ben-Nabuan (Simich, 81), Ebesilio (Yovanchich, 65), Srnich, Boachi.
Ogohlantirishlar: Stoykovich (50), Krstichich (55), Yovichich (74), Yovanchich (86), Gobelich (88).
Liverpuldagi o‘yinni ko‘rmasa ham bo‘lardi, mezbonlar osonlik bilan g‘alaba qozonishiga hech kimda shubha yo‘q edi. Kutilgandek bo‘lib chiqdi, «Tsrvena Zvezda» o‘yin davomida biror marta ham raqib darvozasi tomon aniq zarba yo‘llamadi, mersisaydliklar jamoasi esa mehmonlar darvozabonini 4 bor ranjitdi.
O‘yindagi e'tiborli voqealardan biri Muhammad Saloh «Liverpul» safidagi yubiley - 50 golini urishi bo‘ldi. Bu natijaga erishish uchun, misrlik futbolchi jamoa safida 65 o‘yin o‘tkazishi kifoya qildi. U jamoa tarixida eng qisqa muddatda 50talik dovonni zabt etgan futbolchi bo‘ldi.
Ikkinchi golini penaltidan urgan Saloh hakam yana bir marta penalti belgilaganida, to‘pni Sadio Manega uzatdi. Ammo senegallik hujumchining zarbasi darvoza to‘sinidan qaytdi. Manening o‘zi o‘yin oxirida to‘rtinchi golni urdi, uning bu goli «Liverpul» uchun YeChL doirasida uy o‘yinlarida urilgan 100-gol bo‘ldi.
O‘yindagi yana bir jihat: Shachiri yana bir marta jamoaning asosiy tarkib futbolchisi bo‘la olishini isbotladi. U birinchi gol urilgan hujumni boshlab berdi, Salohning goliga ham hammualliflik qildi.
«PSJ» (Fransiya) – «Napoli» (Italiya) 2:2 (0:1, 2:1)
Gollar: 0:1 – 29 Insine, 1:1 – 61, avtogol Mariu Ruy, 1:2 – 77 Mertens, 2:2 – 90 Di Mariya.
PSJ – Areolya, Mene, Markinos, Kimpembe, Bernat (Kerer, 46), Verratti (Diabi, 83), Rabo, Mbappe, Neymar, Di Mariya, Kavani (Draksler, 76).
Napoli – Ospina, Maksimovich, Albiol, Kulibali, Mariu Ruy, Kalexon (Rog, 88), Allan, Gamshik, Fabian Ruis, Insine (Zelinski, 53), Mertens (Milik, 84).
Ogohlantirishlar: Markinos (5), Mertens (9), Mariu Ruy (33), Kalexon (81), Maksimovich (86), Ospina (90), Draksler (90).
Anchelotti «Napoli» bilan sobiq jamoasi mehmoni bo‘ldi. Parijliklar ham, neapolliklar ham mag‘lubiyatga uchrashga haqli emasdilar, birinchi turda «PSJ» «Liverpul»ga mag‘lub bo‘lgan, «Neapol» guruh autsayderi bo‘lmish «Tsrvena Zvezda»ni mag‘lub eta olmagandi.
Tomas Tuxel Fransiya chempionatining oxirgi turida Neymar boshchiligidagi bir qator yetakchi futbolchilarga dam bergan, Karlo Anchelotti esa Mertens va Insinening sog‘ligi tufayli tashvishda edi. Ammo ular Parijdagi o‘yinga ikki kun qolganida safga qaytishdi. Ikki futbolchi ham o‘yin boshidanoq ketma-ket xavfli vaziyatlar yarata boshlashdi. Birinchi bo‘limda belgiyalik futbolchi darvoza ustunini nishonga oldi, keyinroq esa Insineni chiroyli pas bilan ta'minlab, birinchi gol urilishiga xizmat qildi.
O‘z navbatida mezbonlar ham qator hujumlar uyushtirib, qator golli vaziyatlar yaratishdi. Neymarning qulay paslarini Mbappe va Kavani yo‘qqa chiqardi.
Ikkinchi bo‘limda Menening zarbasi Mario Ruyga tegib, darvoza to‘riga borib tushdi va hisob tenglashdi.
77-daqiqada esa Mertensning o‘zi gol urdi, ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Di Mariyaning fenomenal goli italyanlarga 3 ochko bilan qaytishga imkon bermadi.
Endi «PSJ» guruhda uchinchi o‘ringa tushib qoldi. Tomas Tuxel jamoasi endi Neapolda kechadigan o‘yinda g‘alaba qozonishga majbur.
Istanbulcha qurg‘oqchilik
«D» guruhi
«Galatasaroy» (Turkiya) – «Shalke» (Germaniya) 0:0 (0:0, 0:0)
Galatasaroy – Muslera, Linnes, Maykon, Kabak, Nagatomo (Bayram, 81), Belxanda, Donk, Ndiayye, Gyumyush (Inan, 61), Derdiyok (Chelik, 70), Rodrigesh.
Shalke – Nyubel, Stambuli, Sane, Nastasich, Kalidjuri, Serdar, Rudi, Ut (Burgshtaller, 90), Mendil, Embolo (Makkenni, 82), Konoplyanka (Skjibski, 77).
Ogohlantirishlar: Embolo (49), Nagatomo (52), Linnes (60), Belxanda (90).
«Galatasaroy» to‘pni o‘zida ushlashga harakat qildi, «Shalke» o‘z hududlarini nazorat qilishga e'tibor qaratdi. Nemislar raqibga nisbatan 4 barobar ko‘proq zarba berishdi (mezbonlarning 2 zarbasiga qarshi 8 zarba).
Bu o‘yinda nemislar jamoasi darvozasini 22 yoshli Nyubel qo‘riqladi. U o‘zining YeChLdagi debyut o‘yinida birinchi bo‘lim oxirida qahramonlik ko‘rsatib, jamoani bir necha bor goldan saqladi. Umuman, o‘yin darvozabonlar uchun ataldi, «Galatasaroy» darvozaboni avvaliga Konoplyankaning zarbasini darvoza ustuni yonida to‘xtatib qoldi, keyin ikki marta Embolo bilan duelda g‘olib chiqdi. Shveytsariyalik hujumchi o‘yinning eng omadsiz futbolchisiga aylandi, birinchi vaziyatda u ikki marta zarba berib ham gol ura olmadi, keyingi vaziyatda simulyatsiya ishlatgani uchun sariq kartochka bilan jazolandi, uchinchi vaziyatda u gol urdi, ammo hakam ofsayd qayd etdi.
«Lokomotiv» (Rossiya) – «Portu» (Portugaliya) 1:3 (1:2, 0:1)
Gollar: 0:1 – 26, penalti Marega, 0:2 – 35 Errera, 1:2 – 38 Miranchuk, 1:3 – 47 Korona.
Lokomotiv – Gilerme, Ignatev, Kverkveliya, Kryxovyak, Xevedes, Miranchuk, Barinov, Denisov, Fernandesh (Jyemaletdinov, 66), Miranchuk, Eder (Lysov, 81).
Portu – Kasilyas, Maksi Pereyra, Felipe, Eder Militao, Telles, Danilu Pereyra, Oliver Torres (Bazur, 83), Korona (Andre Pereyra, 69), Errera, Braimi (Adrian, 82), Marega.
Ogohlantirishlar: Eder (25), Oliver Torres (27), Barinov (50), Korona (59), Ignatev (84).
Chetlatish: Kverkveliya (76).
Moskvadagi o‘yin boshidayoq mezbonlar hisobni ochish imkoniyatiga ega bo‘lishgandi. Ammo Fernandeshning 11 metrlik nuqtadan bergan zarbasini Iker Kasilyas bartaraf etdi. Ko‘p o‘tmay endi portugaliyaliklar penalti tepish huquqini qo‘lga kiritishdi va bu ishni Marega a'lo darajada uddaladi. 35-daqiqada Errera ikkinchi golni urdi, Miranchuk tanaffus arafasida javob qaytardi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshida Korona jamoasining ishonchli g‘alabasini ta'minladi. Mezbonlar esa o‘yinni to‘liq tarkibda yakunlay olishmadi, 76-daqiqada himoyachi Solomon Kverkveliya qizil kartochka olib, maydonni tark etdi.
Rossiyaning amaldagi chempionlari ishonchni oqlay olishmadi. Jamoa uch o‘yinda uch mag‘lubiyatga uchradi, to‘plar nisbati - 1:7.
Mavzuga oid
13:34
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
12:52 / 27.10.2024