Jamiyat | 17:47 / 25.10.2018
47326
11 daqiqa o‘qiladi

Majburiy obuna sxemasi. Mushtariyga majburan tiqishtirilayotgan nashrlardan nima naf?

Guvoh bo‘lib turibmiz, ilgari majburiy mehnat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan paxta mavsumi bu yil mutlaqo boshqacha tarzda tashkil qilindi. Eshityapmiz, ayrim joylarda ahyon-ahyonda eskicha fikrlash qolipidan xalos bo‘la olmayotgan rahbarlar, nega paxta terimida majburiy mehnatdan foydalanish mumkin emasligini mushohada etish ne'matidan mosuvo bo‘lgan «kattakon»lar hamon odamlarga zug‘um qilishmoqda. Ular bitta-bitta fosh bo‘lmoqda.

Yana o‘qituvchi va do‘xtirlar balogardon

Bugun mulohaza qilmoqchi bo‘lganimiz boshqa mavzu. Bilsangiz, paxta mavsumidan so‘ng maosh olib ishlovchilarni doim «obuna mavsumi» qiynab kelgan. Ayniqsa, byudjyetdan maosh olib ishlovchi o‘qituvchi va shifokorlarni. Tahririyatga yana joylardan majburiy obuna uchun pul yig‘ilayotgani haqidagi xabarlar kela boshladi. Ularning aksariyati o‘qituvchilar…

Garchi respublikamizning turli go‘shalaridan arzlar kelayotgan bo‘lsa-da, ularning mazmuni hayratlanarli darajada o‘xshash: rahbarlar falon nashrga falon so‘mdan obuna uchun, deya o‘z xodimlarining peshona teri evaziga mehnat qilib topgan maoshidan «bosib» qolmoqda. Xuddi maoshni ularga bobosining cho‘ntagidan to‘layotgandek.

Aslida, bu ham majburlash hisoblanadi va qonunan mumkin emas!

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning KUN.UZ’ga ma'lum qilishicha, o‘qituvchining jamiyatdagi mavqeini oshirishga doir chora-tadbirlar ichida o‘qituvchilar maoshidan turli maqsadlarda (gazeta va jurnallarga majburiy obuna, avans kommunal to‘lovlar, turli tadbirlar chiptalariga va b.) majburiy ravishda olib qolish ham taqiqlanishi belgilangan.

Bu o‘rinda ayrim nashrlarning ham bu ishga bosh-qosh bo‘layotgani kishini o‘ylantirmasdan qo‘ymaydi. Nashrning obuna uyushtiruvchi vakillari hududlarga borib, obuna uyushtirganlik uchun rahbarlarga «bonus» taklif qilib chiqishmoqda. Bu — poraning zamonaviyroq va legallashganroq shakli, aslida.

«Bonus» evaziga rahbar o‘sha nashrni maqtashi, reklama qilishi, xodimlar esa rahbar ishontira olsagina o‘z ixtiyori bilan o‘sha nashrga obuna bo‘lishi kerak. Nashrdagilar aynan shunday bo‘lyapti deb og‘iz ham yirtishadi, indamasangiz. Biroq ayrim rahbarlar hamon ma'muriy richaglarni ishga solishmoqda — obunaga odamlar baribir majburlanmoqda.

Odamlarning og‘irini yengil qilishi, muammolarni yoritishi, bunday holatlarga qarshi kurashishi lozim bo‘lgan nashrlarning o‘zlari mana shunday ishlarga bosh-qosh bo‘lib, sharoit yaratayotganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Ammo…

Nashrlarga ham shu holat ma'qul

Ishlarning bu alfozda tashkillashtirilgani markaziy gazeta tahririyatlariga ham ma'qul. «Biz tanqid qilmaymiz, faqat maqtaymiz va piar qilamiz. Evaziga — obuna!». Lo‘nda qilib aytganda mana shunday «kelishuv»ga erishilgan.

To‘g‘ri-da, jon kuydirib ishlash o‘rniga, bir-ikki oy davomida qayerdadir yaxshi gapirib, ayrim joylarda yalinib, qayerdadir do‘q-po‘pisa bilan ishni bitirib, obunadan bir yil mobaynida mayda chaynab yeyishga yetadigan mablag‘ to‘plash — ba'zi tahririyatlarning asosiy ishi bo‘lib qolgan.

Obuna qay tarzda uyushtirilayapti, pul qanday yig‘ilayapti, mushtariy rozimi oyligidan shu pulni berganiga, o‘zi unga qiziqmi shu nashrni o‘qish — yigirmanchi o‘rindagi masala.

Ideal obuna mavsumi qanday bo‘lishi kerak o‘zi?

Har qanday nashr hokimlik, korxona-tashkilotlarning rahbarlari richagidan foydalanmasdan, odamlarni qiziqtirib, reklama va targ‘ibot qilib, mushtariylar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, obuna uyushtirishi kerak.

«Odamlarni majburlamasa hech kim obuna bo‘lmaydi-da», deyayotganlar ham bor. Hech kim majbur emas sizning nashringizni o‘qishga. Agar odamlar obuna bo‘lmayapti ekanmi, demak nashringiz nomunosib. Bo‘ldi, boshqa variant yo‘q!

Albatta, bunday tutum bilan ish ko‘rayotgan tahririyatlar shubhasiz, kasodga va parokandalikka mahkum.

O‘lib borayotgan davriy nashrlar

To‘g‘risini tan olish kerak, bugungi kunda davriy nashrlar jamiki pozitsiyalarda onlayn nashrlarga mag‘lub bo‘lib ulgurdi. Gazetalarning «paymonasi to‘lgani»ga ishongisi kelmayotganlargina bu fikrga qarshi chiqishadi, albatta. Men buni cho‘kayotgan insonning xasga yopishishiga mengzayman.

Aslida gazetalarning hayotda tutgan o‘rni tugab borayotgani butun dunyoda kuzatilayotgan holat. Odamlarning muammosini yoritib chiqayotgan, siyosiy faol gazetalar ham majburlikdan onlaynlashmoqda. Bizdagi gazetalarni endi qo‘yavering.

Bosmaxona xarajatlari, qog‘oz narxi qimmatlashdi. Ilgari, valyuta bozori erkinlashtirilmasidan avval bu sohadagi narxlarga chidasa bo‘lar edi. Biroq so‘mning devalvatsiyaga uchrashi bu sohaga ham o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmadi. Ikki bosma toboq hajmdagi o‘rtacha tiraji 2000 dona bo‘lgan gazetani bosmaxonada bosish tannarxi ayni kunlarda 550-600 so‘m atrofida bo‘lib turibdi. Bunga endi xodimlarning maoshi, gonorar va boshqa xarajatlarni qo‘shing. Bir dona gazetaning tannarxi 1500 so‘mdan oshib ketadi.

Yana bir jihat: nimagadir bizda doimo obuna narxi qimmat qilib belgilanadi. Masalan, ma'lum bir gazetani paydar-pay, haftama-hafta kioskdan naqd pulga sotib olsangiz — bir barobar arzonroqqa tushadi. Lekin shu gazetaga avvaldan pul to‘lab yillik obuna bo‘lish bir yarim-ikki barobar qimmat. Shuning o‘ziyoq obuna boshdan-bosh ura-urachilik bilan «xalqni shilish» maqsadida o‘tkazilayotganini anglatmaydimi?

Mayli, obuna bo‘ldi ham deylik. Baribir keragidan ortiqcha pul sarflagan odamlar nashrlardan yetarli informatsiya ololmaydi. Nashrlar odamlarning informatsiyaga bo‘lgan chanqoqligini to‘liq qondira olmaydi. Sotuvdagi gazetani xarid qilish uchun issiq uyini tark etib, kioskka tushib keluvchilar ko‘pchilikni tashkil etmaydi.

Internet asrida yashamoqdamiz. 9 yo 10-sinf bolasining Telegram kanali, sifatini qo‘ya turaylik, mayli, ammo tekin va tezkor informatsiya berib turganda, sizning nashringizni nima uchun sotib olish yoki obuna bo‘lish kerak? Po‘panak bosgan ongi ochilishi uchunmi? Kechirib qo‘yasiz, potensial mushtariy aslo o‘zining ongini po‘panak bosgan, deb hisoblamaydi.

Xullas, har qanday jimjimador so‘zlar bilan bo‘yab-bejalmasin, gazeta chiqarish eskirgan, qiziqmas informatsiyani majburlab sotishga o‘xshab bormoqda.

«Bajarasan!» «Bajaramiz…»

Ayni paytda eski usulda, tuman hokimliklarining jadvali yordamida obuna uyushtirish hamon aktual bo‘lib turibdi. Bunda tumandagi barcha korxona, tashkilotlarga qaysi nashrdan qanchadan obuna qilinishi belgilab chiqiladi. Bu ro‘yxatning boshida davlat, hukumat va tegishli vazirliklarning markaziy nashrlari bor. Ular sanalsa 15tacha chiqadi yo yo‘q.

Lekin qandaydir yo‘l bilan bu ro‘yxatga aslo boshqa muassislarning, xususiy korxonalarning nashrlari ham kirib qolmoqda. Ularni-ku qo‘ya turing, hattoki siyosiy partiyalarning nashrlari ham hokimliklar tomonidan tuziladigan ro‘yxatdan chiqarib tashlanishi kerak.

Siyosiy partiyalar o‘z dasturiga xalqni qiziqtira olishi kerak, o‘zini qiynashi, yelib yugurishi, ovozi uchun xalq ichida agitatsiya qilishi kerak. Buning eng yaxshi yo‘li — qog‘ozda chop etish emas, izlaganda ma'lumot darhol chiqib keladigan internet saytdan foydalanishdir. Siyosiy partiyalarning propaganda platformasi gazeta yoki jurnalda emas, internetda — ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishi lozim.

Qog‘oz ma'qulmi yoki sayt?

Tuman hokimliklariga ham gazeta nega kerak? Yoppasiga ulardan voz kechish vaqti kelmadimikan?

Bu borada hattoki namuna sifatida «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining axborotnomasi», «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari to‘plami», «O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari to‘plami»ni ular O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi — www.lex.uz’ga o‘tkazilgan holda e'lon qilinishi belgilandi. Qog‘ozga chop etishdan, obuna bo‘lishdan voz kechildi.

Bir tumandagi bo‘layotgan voqealardan aholini xabardor qilib turishning eng yaxshi yo‘li internet sayt yuritish emasmi? O‘sha yerdagi voqealardan nainki tuman, viloyat yoki O‘zbekiston, butun dunyo voqif bo‘lmaydimi? Unga yana messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarni qo‘shing. Qachongacha tumandagi hamkasblarimiz XX asrda yurishadi?

Aytaylik, xalq deputatlari tuman kengashi (hokimlik emas!) qoshida ana shunday tahrir kengashi — tuman matbuot va axborot xizmati tuzilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Aks holda, tuman nashri aksariyat joylarda hokimning «karnayi»ga aylanib qolmoqda. Bunday nashrlarda hech qachon xalqni qiynayotgan, hokimlik mas'ul bo‘lgan muammolar olib chiqilmaydi. Faqatgina tuman kengashi qoshida tahririyat tuzilsa, tumandagi jurnalistlarning qo‘li yechiladi va erkin ijod qilishi uchun sharoit tug‘iladi. Bu holda tahririyat jamoasi ham Xalq deputatlari tuman kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi.

Hozir har qanday informatsiya pul turadi. Viloyat miqyosida bitta markaziy nashr yetarli desak, tumandagi tahririyatlar ham viloyat, respublika nashrlariga, axborot internet saytlariga informatsiya sotishlari, buning ortidan pul ishlashlari ham mumkin.

Keyingi maqolamizda obuna uyushtirishda yo‘l qo‘yilayotgan qallobliklar, bu borada hattoki tahririyatlarni ham qiynayotgan muammolar to‘g‘risida gaplashamiz.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz jurnalisti

Mavzuga oid