O‘zbekiston | 22:12 / 28.10.2018
26223
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhi Umra safariga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ishlab chiqilgan qarori loyihasi bilan joriy yildan boshlab Umra mavsumi yil davomida tashkil etilishi O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Haj va Umra safari to‘g‘risida”gi brifing davomida e'lon qilingani haqida xabar berilgan edi.

Ilgari muayyan sondagi ziyoratchilargina Umra safariga bora olgan bo‘lsa bo‘lsa, endi O‘zbekistonda Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash bo‘yicha cheklovlar olib tashlangani haqida o‘sha brifingda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rais o‘rinbosari Nuriymon Abdulhasan Kun.uz muxbiriga ma'lum qilgani yozilgan edi.

Shu paytga qadar har yili 5 ming nafar o‘zbekistonlik ziyoratchilar haj safariga va 6 mingi umra ziyoratlariga yuborilgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishguncha, ya'ni 1943 – 1991 yillarda bor-yo‘g‘i 140 nafarga yaqin yurtdoshimiz haj safariga borish baxtiga musharraf bo‘lgan.

2019 yildan boshlab yiliga ming minglab vatandoshimiz umra amallarini bajarish imkoniga ega bo‘ladi.

Toshkent xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tgan, ilk Umra ziyoratchilarini Saudiya Arabistoniga kuzatishga bag‘ishlangan marosimda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abdulhasan chiqish qildi.

Boshlangan Umra mavsumini yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rildi, — dedi o‘z so‘zida N.Abdulhasan. — Ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish, ularning salomatligini muhofaza qilish va xavfsizligini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, haj va umra amallarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish ishlari muvofiqlashtirib borilayotgani qayd etildi.

Haj ibodatlarini to‘la-to‘kis ado etish, bu boradagi tartib-qoidalar, shuningdek, safar talablari xususida tushuntirish berish maqsadida joylarda ziyoratchilar guruhlari uchun safaroldi uchrashuvlari tashkil etilgani e'tirof etildi.

Saudiya Arabistoniga uchayotgan o‘zbekistonlik ziyoratchilar avvalo Madina shahridagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilganidan so‘ng Makka shahriga yo‘l olishadi. Ziyoratchilar uchun mavsum davomida 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar, oshxona va transport xizmatlari yuqori saviyada tashkil etiladi.

O‘z muxbirimiz

Mavzuga oid