Jahon | 00:27 / 31.10.2018
38110
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida “qullik indeksi” eng baland davlat aniqlandi 

Walk Free Foundation xalqaro huquqni himoya qilish tashkiloti tomonidan tayyorlangan qullikka bag‘ishlangan dokladda Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari orasida qullikning tarqalganlik reytingida Turkmaniston birinchi o‘rinni egalladi.

Mazkur reytingni tuzar ekan, tadqiqotchilar har bir mamlakat uchun har 1000 nafar insonning qanchasi qullik qurboni ekanligini hisoblab, “qullik indeksi”ni ishlab chiqishdi. Turkmanistonda bu ko‘rsatkich 11,2 ni tashkil etmoqda. Belarus 10,9 indeks bilan ikkinchi o‘rinda bo‘lsa, uchinchi o‘rinni 8,7 ko‘rsatkich bilan Makedoniya SYuR egalladi.

Reytingda keyingi o‘rinlarga Yunoniston, Albaniya, Turkiya, Ukraina, Xorvatiya, Chernogoriya va Litva bormoqda. Rossiya 5,5 indeks bilan 11-o‘rinni, O‘zbekiston 5,2 ko‘rsatkich bilan 14-o‘rinni, Tojikiston 4,5 ko‘rsatkich bilan 15-o‘rinni egallagan. Qozog‘iston (4,2) 21-o‘rinda, Qirg‘iziston (4,1) 22-o‘rinda bormoqda.

O‘z-o‘zidan Yevropaning rivojlangan davlatlari jami 50 davlatni qamrab olgan reytingning tubidan o‘rin olishgan. Buyuk Britaniya 38-o‘rinda (2,1), Fransiya, Belgiya va Germaniya bir xil 2 indeks bilan 39–41 o‘rinlarni egallashgan. Reytingning eng oxiridan Lyuksemburg o‘rin olgan — u 1,5 indeksga ega.

Tadqiqotchilar shuningdek “ojizlik indeksi”ni ham hisoblab chiqishgan. Bu indeksga ko‘ra mamlakat aholisining qancha foizi qullikdan himoyalanmagani har qanday lahzada majburiy mehnat qurboniga aylanishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Turkmaniston bu borada ham birinchi o‘rinni egalladi: mamlakat aholisining 58,1 foizi qul bo‘lish xavfi ostida turibdi. Ikkinchi o‘rinda Tojikiston — 55,8 foiz va uchinchi o‘rinni Ukraina egallagan — 54,4 foiz.

Rossiya bu borada to‘rtinchi o‘rinda bormoqda — 51,6 foiz. O‘zbekiston esa Turkiya (51,6 foiz) va Ozarboyjon (47,8 foiz) dan so‘ng yettinchi o‘ringa loyiq ko‘rilgan — 47,5 foiz. Qo‘shnilarimiz Qozog‘iston (43,3 foiz) 14-o‘rinda, Qirg‘iziston (42,8 foiz) 15-o‘ringa joylashtirilgan

Tadqiqotchilarning fikricha, Turkmaniston va Rossiya hokimiyatlari mintaqada qullik xavfiga juda kuchsiz e'tibor berishmoqda. Bu ikki davlatda amaldorlar majburiy mehnatni bartaraf etish uchun eng kam sa'y-harakat qilishayotgani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyev 29 oktabr kuni barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatning har qanday shakl va ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi javobgarligini oshirish to‘g‘risida farmon qabul qildi.