O‘zbekiston | 18:30 / 31.10.2018
53225
6 daqiqa o‘qiladi

Men korrupsiyaga qarshimanmi? Aslo!

Foto: PROMDEVELOP

Bugun korrupsiyaga qarshi kurash ko‘lami shu qadar kengaydiki, kunora shov-shuvli hibslarga guvoh bo‘lmoqdamiz. Televizor pora olgan o‘qituvchini ko‘rsatib jar soladi, internet qo‘lga tushgan hokim-u «zamhokim»larni e'lon qilib bong uradi. Bu turishda amaldor tugab ketadi-yov, deb o‘ylab qolaman ba'zida.

Xo‘sh, poraxo‘rlarning hammasini qamab tashlasak, korrupsiyaga chek qo‘yamizmi?

Jamiyatning oddiy bir vakili sifatida o‘z turmush tarzim, odatlarimdan kelib chiqib bir savolga javob izlab ko‘raychi. Shaxsan men korrupsiyaga qarshimanmi? Menimcha yo‘q! So‘rashsa yomonlayveraman, internetda ko‘zim tushib qolsa, qoralab rosa izohlar yozaman, lekin aslo qarshi emasman.

Oddiy bir kun.

Ertalab bolalarim bilan maktabga otlanaman. Ko‘chadagi kirakashlarning 90 foizdan ortig‘i nolegal ishlashadi. Menga esa farqi yo‘q, arzon bo‘lsa bo‘ldi, chiqib ketaveraman. Kirakash menga noqonuniy xizmat ko‘rsatib pul ishlaydi, kimdir uni tekshirsa yoki ko‘chada «GAI» to‘xtatsa, o‘sha mendan olgan pullarining bir qismini tiqishtirib qutulib ketadi. Bu bilan ishim ham yo‘q. Rostda, menga nima farqi bor?!

Ishga borib internetni titkilayman. Samarqand hokimi 1 mln dollar, Yunusobod hokimi 400 ming dollar pora olibdi....

400 ming dollara... Yigirmata uy sotib olish mumkin. Yanayam zo‘ri – dang‘illama hovli olsang, mashinasiniyam qo‘shib berishyapti hozir. 300 mingiga olsam, qolgan 100 mingi yayrab yeb yotishga bemalol yetardi.

400 mingni qo‘ying, 1 million-chi?! «Limonchik»ni seyfga bosganiga qaraganda ko‘mmalaridayam yana shuncha bordir. Buncha pul bilan xorijda, dengiz bo‘yida hashamatli villa sotib olsa bo‘ladi. Xayol surib ketaman. Hokim bo‘lsam, xalqimga xizmat qilishni emas, cho‘ntakni qappaytirishni o‘ylayman. Korrupsiya aybi bilan qo‘lga tushishdan qo‘rqib o‘tiramanmi? Imkon borida yulib qolish kerak, mana bosh maqsad!

Do‘stimning mashinasida yo‘lga tushamiz. Tabiiyki xavfsizlik kamarini taqmaymiz. Kamiga, do‘stim mumkin bo‘lmagan joyda shartta buriladi va xavfli harakat qiladi. Qayoqdandir «GAI» paydo bo‘ladi. Aksiga olib do‘stimning hujjatlarida ham bir talay muammo...

Cho‘ntakni kovlab, topganimizni tiqishtiramiz. «Hech kimning qoida buzishga haqqi yo‘q!» deydi qat'iy. «Falonchini taniysizmi?» deya so‘rayman bo‘sh kelmay. Falonchi akamning raqamini terib, dardimni aytaman. Hujjatlarni qaytarib tutqazadi. Odamgarchilikni unutmaganman. Umid bilan, bola-chaqa deb ko‘chada turibdi. Bir kilo go‘shtning pulini cho‘ntagiga tiqaman.

Axir hammasi qonun doirasida hal qilinganida kamida yarim millionlik jarima, yana avtomobil «stoyanka»ga tiqilardi-da.

Yaqin insonim shifoxonaga tushadi. Shifokor oldida tumonat odam. Yana o‘sha tanish-bilishchilik, qistirishlar bilan ishlarni bitiraman. Shifokor diagnoz qo‘yadi va bir talay dorilar yozib beradi va ularni qaysi dorixonadan topish mumkinligini shipshitib qo‘yadi. Shu dorilarning aksariyati anchagina qimmatligi, dorixona bilan til biriktirib sotilishini juda yaxshi bilaman. Bir paket dorini shifokorga beraman va cho‘ntagiga yarim maoshimni solib qo‘yaman. Men uchun yaqinlarimning sog‘ligi muhim, pul esa topiladigan narsa!

Yaqinda kelib ketgan «svetchi» birpasda qaytib kelibdi. Ikkovimiz azaldan tanishmiz. Ikki yuz ming so‘mlik aylanishga ulgurgan «schetchik»ni «tuzatish»ga usta bu yigit. Qo‘liga yuz ming beraman, ellik mingiga kvitansiya yozadi, qolgani o‘ziga. Yuz ming so‘m «ekonom»!

Bozorga boraman. Hokim bo‘lmasam-da, menda ham dollar bor. Ko‘chadagi «valyutchik»lar bankdan besh ming so‘m ko‘proq berishyapti ekan. Uyoq-buyoqqa qarab haligini sekin uzataman. Men ishim bitganiga xursandman, dollarchi foyda olganiga!

Soliqchi tanishim bilan ko‘rishib qolamiz. Bir restoranga boshlaydi. Rosa yayrab, yeb-ichamiz. Restoran boshlig‘i «Kamchilik bo‘lmadimi, akalar?» deya so‘raydi. G‘ururlanib ketaman.

Bular mening oddiy kunimdagi oddiy holatlar. Sudga, prokuraturaga va undan katta tashkilotlarga ishim tushsa ham yo‘lini topaman. Ko‘z tegmasin, «odamgarchilik», «yaxshi muomala» hamma joyda bor. Ishlar bitaveradi-da!

Men harqalay shundayman. Qo‘lingizni ko‘ksingizga qo‘yib javob bering-chi, siz boshqacharoqmisiz? Bu odatlar aksariyatimizning qon-qonimizga singib ketgan emasmi?!

Dunyoni o‘zgartirishni biz nimadan boshlashimizni o‘ylab ko‘rish fursati yetmadimi?

Faqat maoshga kun kechirayotganlar, pora olmaydiganlar, ololmaydiganlar, kasbiga ko‘ra pora berilmaydiganlar qanday ro‘zg‘or tebratishayotgan ekan? Men kabi uddaburonlar ming yo‘l bilan ish bitirib ketayotgan bir paytda, qonun doirasida harakat qilsalar, qanday natijalarga erishyapti? Umuman ularning muammolari hal bo‘layaptimi?

E, o‘ylab nima qildim, menga nima?..

Abror Zohidov

Mavzuga oid