Sport | 22:12 / 31.10.2018
11257
7 daqiqa o‘qiladi

PFL demokratik jamiyat asoslariga bolta urmoqda - Championat.asia nashrining jazolanishiga munosabat

30 oktabr kuni Professional futbol ligasi Championat.asia nashri xodimlarining akkreditatsiyalarini bekor qildi. 

Bu haqda PFL saytida quyidagicha xabar berildi:

«Chempionat o‘yinlarini yoritib kelayotgan nashrlardan biri – Championat.asia sayti ayrim nohaqliklarga yo‘l qo‘yib, jamoatchilikning fikrini salbiy tomonga og‘ishiga sabab bo‘lmoqda... Bu nashr vakillari chegaradan chiqishda davom etaverganliklari sabab, O‘zPFL mazkur sayt xodimlarining O‘zbekiston chempionati va Kubogini bevosita voqea joyidan yoritib borish imkonini beradigan akkreditatsiyalarini bekor qilishga qaror qildi». 

Xabarda Championat.asia nashri aynan qaysi chegaradan chiqqani, qanday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani yozilmagan.

Avvalo, futbol xabarlariga ixtisoslashgan Tribuna.uz sayti xodimi sifatida hamkasblarga nisbatan PFL tomonidan qabul qilingan bu qarorning matbuot va so‘z erkinligiga qarshilik, shuningdek, jurnalistik faoliyatga nisbatan to‘sqinlik deb baholayman, bu harakatlarni qoralayman. Buni ushbu maqolada asoslashga urinib ko‘raman.

Dastlab, akkreditatsiya haqida qisqacha ma'lumotga ega bo‘lamiz. 

Akkreditatsiya — jurnalistlar ish faoliyatida eng qulay rejimni taqdim qilish, deganidir. Ya'ni, tadbirlar haqida oldindan xabardor qilish, hujjatlarning nusxalarini berish, stul, stol bilan ta'minlash va h.k. Akkreditatsiyadan o‘tmaganlar umumiy shart-sharoitlarda ishlayveradi: tadbir haqida o‘zlari xabardor bo‘lishadi, hujjat nusxalarini o‘zlari topishadi, stul va stol bilan ta'minlanishmaydi. 

Ammo, akkreditatsiya beruvchi tashkilot jurnalistni tadbirga kiritmaslikka haqqi yo‘q. Hatto, akkreditatsiya berilmagan taqdirda ham, OAV xodimlari ochiq tarzda o‘tkaziladigan har qanday tadbirlarda qatnashish huquqiga EGA. 

Bu haqda «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunda hech narsa deyilmagan (aslida shu bandni kiritish kerak, bu juda muhim), ammo «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasida jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida axborot to‘plash, uni tahlil etish va tarqatish, sudlarning ochiq majlislarida, harbiy harakatlar maydonlarida, tabiiy ofat yuz bergan hududlarda, ommaviy tadbirlarda hozir bo‘lish huquqiga ega ekani ko‘rsatilgan.

PFL xabariga ko‘ra, tashkilotda «O‘zPFL tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda OAV xodimlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi» mavjud va unda akkreditatsiyadan o‘tgan OAV va ularning vakillarining huquq va majburiyatlari quyidagicha belgilangan: 

Akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalist O‘zPFL, uning xodimlari va o‘tkazilayotgan Tadbir ishtirokchilarining haq-huquqlari, qarashlari va kasbiy obro‘sini hurmat qilishi, tadbir haqidagi tarqatayotgan ma'lumotning haqqoniyligiga to‘la ishonch hosil qilishi, faqat to‘liq asosga ega faktlarni taqdim etishi, faktlarga asoslanmagan, yolg‘on ma'lumotlarni tarqatmasligi, umumjoriy normalarga, jurnalistik etikaga rioya qilishi, negativ xarakterga ega ma'lumotlarni tarqatmasligi, O‘zPFL, O‘zPFL vakillari va Tadbir ishtirokchilarini asossiz va isbotsiz tanqid qilmasligi ko‘rsatilgan.  

Shu asnoda «Akkreditatsiyadan mahrum qilish, mazkur qoidalar va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligidan kelib chiqqan holda, tegishli OAVga ham, OAVning alohida xodimiga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin», deb yozilgan.

Darhaqiqat, akkreditatsiya beruvchi tashkilot yuqorida ko‘rsatilgan sabablarga asosan jurnalistni undan mahrum qilishi mumkin, biroq, faqat bu sabablar sudda isbotlanib, uning qonuniy kuchga kirgan qaroridan so‘ng.

PFL Championat.asia saytini ayrim nohaqliklarga yo‘l qo‘yib, jamoatchilikning fikrini salbiy tomonga og‘ishiga sabab bo‘lishda, ijtimoiy tarmoqlarda noo‘rin chiqishlar qilganlikda ayblagan. Ya'ni, tuhmat va bo‘hton xabarlarni tarqatganlikda. Aslida bu jiddiy ayblov, bunday qilmish uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Biroq, unutmaslik lozim, demokratik jamiyatda har qanday jinoyat faqat va faqat qonuniy kuchga kirgan sud qarori bilan tasdiqlanishi kerak. PFL o‘z ayblovlari faqat sudda tasdig‘ini topganidan so‘ng, Championat.asia va uning xodimlarini akkreditatsiyadan mahrum qilishga haqli edi. 

Tribuna.uz sayti Championat.asia nashri bilan bir maydonda faoliyat yuritadi. Demak, qaysidir ma'noda uni o‘ziga raqobatchi deb biladi, bu tabiiy hol. Tribuna.uz sayti xodimi sifatida, ba'zi masalalar bo‘yicha Championat.asia nashri xodimlari fikriga faqat qisman qo‘shilaman, ba'zilari bo‘yicha umuman qarama-qarshi nuqtai-nazarga egaman.

Ammo demokratik deb da'vo qilinayotgan jamiyat fuqarosi va jurnalist sifatida so‘z erkinligi va jurnalistik faoliyatiga hech kimning to‘sqinlik qilishga haqqi yo‘q deb hisoblayman. Bu borada Championat.asia nashridagi hamkasblar bilan hamfikrman, bu vaziyatda ularni qo‘llab-quvvatlayman.

PFL qanday mavqega ega tashkilot bo‘lishidan qat'i-nazar, jurnalistlarga o‘z siyosatini zo‘rlab singdirishga, o‘z yo‘liga «yo‘rg‘alatish»ga, o‘zini tanqid qiluvchilarni bu tarzda jazolashga haqqi yo‘q. Akkreditatsiya PFLga jurnalistlarga bosim o‘tkazish huquqini bermaydi. Yana bir bor ta'kidlash o‘rinli, OAV xodimlari huquqlarini cheklash faqat sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan qilinishi mumkin. 

Agar PFLga nisbatan tuhmat va bo‘hton xabar tarqatilayotgan bo‘lsa, buni O‘zbekiston Respublikasi qonunlari doirasida, faqat sudda hal qilish lozim. Bu demokratik jamiyatning xuddi temir-beton mahsuloti kabi mustahkam qoidasidir. 

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid