Jamiyat | 17:31 / 01.11.2018
18750
6 daqiqa o‘qiladi

“Mening birinchi ensiklopediyam” turkumida 10 nomdagi bolalar ensiklopediyalari nashr etildi

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligining “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti “Mening birinchi ensiklopediyam” turkumida belgilangan 50 nomdagi bolalar ensiklopediyasining 10tasini nashrdan chiqardi.

Har bir ensiklopediya o‘zi ixtisoslashgan sohaga oid ma'lumotlarni qisqa va lo‘nda shaklda, yosh ko‘rsatkichlari inobatga olingan holda o‘zida jamlagan. Matnlar bevosita illyustratsiyalar bilan boyitilgan. Bolajonlar ushbu kichik ensiklopediyalarni o‘qir ekan, borliq va undagi mavjud tur va xillarning yaralishi, tuzilishi, tarkibi, voqeliklarning tarixi, ulkan kashfiyotlar va kishilik jamiyatining turli sohalariga oid bo‘lgan dastlabki qomusiy ma'lumotlarga ega bo‘ladilar. 

1. “Texnika olamiga sayohat” nomli ensiklopediyada avtomobillarning yaratilishi tarixi, turlari va yana boshqa ko‘plab umumiy jihatlar haqida so‘z boradi. Unda bolajonlar avtomobillar tuzilishi, kuzov turlari, bir-biridan ajoyib poyga avtomobillari, oilaviy avtomobillar haqida to‘liq ma'lumotlarga ega bo‘lishi mumkin. Ushbu nashr o‘quvchilarga avtomobillar haqida ma'lumot berish bilan birga ularda yangidan-yangi ixtirolar uchun rag‘bat hosil qiladi.

2. “Bu juda qiziq” nomli inson haqidagi tasavvurlarga ega bo‘lishga ko‘maklashadigan ajoyib kichik ensiklopediyada mehmon – O‘zga sayyoralik Yer kurrasining mezboni – Inson bilan o‘zaro muloqotga kirishadi. Kitobda O‘zga  sayyoralik mehmon o‘zi bergan turli savollarga javob olish mobaynida odam va uning tuzilishi haqida ma'lumotlarga ega bo‘ladi.

3. “Kapalaklar olami” nomli ensiklopediya yordamida siz Yer yuzida mavjud bo‘lgan kapalaklarning turlari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, tuzilishi haqida ma'lumotlar o‘rin olgan. 

4. “Koinotga sayohat” nomli kichik ensiklopediya aziz bolajonlarni koinot sarhadlari bo‘ylab sayohatga chorlaydi. “Buyuk portlash” natijasida olam yaraldi. Koinot paydo bo‘ldi. Yer, Quyosh, sayyoralar… xullas, hayot boshlandi. Ushbu kitobda tabiat hodisalarining nima ekanligi, tarixi, qanday yuzaga kelishiga doir savollarga ilmiy asoslangan holda javob berilgan. 

5. “Dunyo bo‘ylab sayohat” ensiklopediyasi kitobxon bolajonlarni yer kurrasining eng go‘zal maskanlari bilan tanishtiradi. Kitobxonlar ushbu bilimlar saltanatida dunyoning istalgan nuqtasida joylashgan davlatlar, shaharlar, ularning qaysi qit'ada joylashgani, maydoni, aholi soni, davlat tili, unda yashovchi turli millatlar va elatlar, ularning madaniyati, urf-odatlari, xushmanzara joylari bilan yaqindan tanishadilar. Kitobda yana har bir davlatning qiyofasi, tarixiy va dunyoga mashhur joylari rangli rasmlar bilan ko‘rsatilgan.

6. “Baliqlar olamiga sayohat” ensiklopediyasi bir necha bo‘limdan iborat bo‘lib, ularda baliqlarning muayyan oilasi yoki turkumi hamda ularning asosiy turlari bayon etilgan. Har bir bo‘limning boshlanishida ma'lum turkumdagi baliqlarning o‘ziga xos xususiyatlari, ularning yashash muhitida uchraydigan qiziqarli ma'lumotlar yoritilgan.

7. “Hayvonot olamiga sayohat” ensiklopediyasida fauna dunyosiga alohida to‘xtalib o‘tiladi. Hayvonot olami tizimli tartibda, bo‘limlarga bo‘linib, turkumlar yuzasidan o‘rganiladi. Sut emizuvchilar, tuxum qo‘yuvchilar va xaltalilar, ko‘rshapalaklar (qo‘lqanotlilar), hasharotxo‘rlar va yalqovlar, primatlar, yirtqichlar, tyulenlar, kitlar va delfinlar, tuyoqli sut emizuvchilar, kemiruvchilar va tovushqonsimonlar, qushlar haqida kabi turkumlar kitobdan o‘rin olgan.

8. “O‘simliklar olamiga sayohat” nomli ensiklopediya o‘simliklar dunyosini o‘rganishga bag‘ishlangan. O‘txo‘r hayvonlar haqida eshitgansiz, albatta! Shuningdek, go‘shtxo‘r o‘simliklar ham borligidan xabardormisiz? Shu kabi bir-biridan qiziqarli ma'lumotlarni jamlagan ushbu kitob o‘quvchilarda tabiatga nisbatan yanada ko‘proq qiziqishni oshiradi.

9. “Tarixga sayohat” ensiklopediyasi sizga moziyga, o‘tmish sarhadlariga sayohat qilish imkonini beradi. Kitob sir-sinoatga to‘la insoniyat tarixining eng qadimgi davrlaridan boshlab to XX asrning ikkinchi yarmigacha yuz bergan muhim voqealar, qadim manzilgohlar, jahonga yuz tutgan buyuk tarixiy shaxslar, turli geografik ekspeditsiyalar, olamshumul ixtirolar, mo‘jizaviy inshootlar tarixi haqida qisqacha hikoya qiladi.

10. “Yosh bilimdon” ensiklopediyasida havo va atmosfera, ixtiro hamda kashfiyotlar, mashina va mexanizmlar, son va raqamlar, fizika, matematika, yil fasllari, burjlar, televideniye, tovush yozib olish, tibbiyot, atom energiyasi, kompyuter, rang, rentgen nurlari kabi turi xil mavzularga oid ma'lumotlar mavzuga doir rasmlar bilan birgalikda berilgan.

Hozirda nashriyotda ushbu turkumga oid navbatdagi kitoblar tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid