Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adliya vazirligi: ish beruvchilar tomonidan xodimlar puli noqonuniy ushlab qolingani aniqlandi
Joylarda xodimlarning oylik ish haqlaridan mablag‘lar ushlab qolish bo‘yicha haqiqiy holatga baho berish maqsadida adliya organlari tomonidan ushbu amaliyot o‘rganildi. Tanlov asosida o‘tkazilgan ushbu jarayon respublika bo‘yicha 729 ta ijtimoiy soha tashkilotlarini (maktabgacha ta'lim muassasalari, maktablar, tibbiy muassasalar) qamrab oldi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Natija ish beruvchilar tomonidan o‘z xodimlarining pul mablag‘laridan kommunal xizmatlar uchun noqonuniy undirib qolish shaklida qo‘pol qonunbuzarliklar mavjudligidan dalolat berib, bu amaliyot qonun hujjatlari talablaridan mutlaqo yiroq ekanligini ko‘rsatdi.
O‘rganish natijasida 345 mingdan ortiq holatda xodimlarning huquqlari buzilganligi aniqlandi. Ularning deyarli yarmi Farg‘ona vodiysidagi viloyatlar hissasiga (Andijonda – 72 250 ta, Namanganda – 50 198 ta, Farg‘onada – 49 897 ta) to‘g‘ri keladi.
Xususan, 237 434 ta (69 foiz) holatda xodimlarning ish haqidan ularning roziligisiz kommunal xizmatlar uchun ushlab qolingan, 37 696 ta (11 %) holatda xodim kasalligi, ta'tildaligi, xizmat safaridaligi sababli ishda bo‘lmasada pul mablag‘i ushlab qolingan, shuningdek, ish haqining 60-70 foizigacha bo‘lgan qismi ushlab qolinganligi holatlari uchradi.
Ma'lumot uchun. Qonunchilikka ko‘ra, agar xodim kasalligi, ta'tildagi va boshqa sabablar bilan ishda bo‘lmasa, kommunal xizmat uchun ish haqidan ushlanma keyingi oyda amalga oshiriladi.
Shuningdek, xodimning ish haqidan kommunal xizmat uchun ushlab qolishda ushlanmalarning umumiy miqdori xodimga beriladigan mehnat haqining 50 foizidan oshishi mumkin emas.
Masalan, Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida 1 821 nafar o‘qituvchilarning ish haqlaridan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ularning yozma arizasi bo‘lmasada 300 mln. so‘mdan ortiq ushlab qolingan.
Eng achinarlisi esa 2 000 ta xodimning 50 mln. so‘mga yaqin mablag‘i noqonuniy ravishda Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining tuman bo‘limiga o‘tkazib berilgan.
Andijon viloyatida 609 ta pedagog xodimlar malaka oshirish uchun xizmat safariga yuborilgan bo‘lsada, ushbu davrda ularning 44 mln. so‘mdan ortiq mablag‘ini ish beruvchilar belgilangan qoidalarga zid ravishda ushlab qolgan.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida 100 dan ortiq holatda kommunal to‘lov uchun ushlab qolingan to‘lov miqdori xodim ish haqining 70 foizgachasini tashkil etganligi qonun hujjati talabi buzilganligini ko‘rsatadi.
O‘rganish natijasi bo‘yicha tegishli tashkilot va idoralarga 394 ta taqdimnoma, 2 000 dan ortiq ogohnoma kiritilgan bo‘lsa, ayrim mansabdor shaxslarni ma'muriy javobgarlikka tortish yuzasidan 277 ta, jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan 2 ta taklif kiritildi, shuningdek sudlarga 8 ta da'vo arizasi kiritilishi ta'minlandi.
Joylarda ish beruvchilar tomonidan xodimlarning ish haqidan noqonuniy undirib qolish shaklida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi sababli, shuningdek xodimlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash maqsadida Adliya vazirligi ushbu amaliyotni tartibga soluvchi maxsus Nizomni tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif tayyorlamoqda.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi va boshqa tashkilotlarga joylarda yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilish holatlarini zudlik bilan bartaraf etish choralarini ko‘rish haqida Adliya vazirligi tomonidan taqdimnomalar kiritildi.
Mavzuga oid
18:42 / 14.04.2025
Xitoylik ayol 6 marta ishxonadan bir daqiqa erta ketgani uchun ishdan bo‘shatildi
20:19 / 20.05.2022
1 iyundan ish haqi 12 foizga oshirildi
07:39 / 05.04.2022
Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqini hisoblash avtomatlashtiriladi
17:35 / 15.03.2022