O‘zbekiston | 18:03 / 05.11.2018
20561
4 daqiqa o‘qiladi

Bekobodda o‘qituvchilar obunaga majburlanishi ortidan tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri ishdan ketdi

Bekobod tumani xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i Xasan Soibnazarov davriy nashrlarga majburiy obuna to‘g‘risida bergan ko‘rsatmasi uchun o‘z lavozimidan ozod etildi. Bu haqida Xalq ta'lim vazirligi xabar bermoqda.

1 noyabr kuni internet nashrlarida Bekobodda o‘qituvchilar 2019 yil uchun obunaga majburlanayotgani haqida maqolalar e'lon qilingandi. Xalq ta'limi vazirligi mutaxassislari ushbu ma'lumotlarni o‘rgangan.

«Ta'kidlash lozimki, Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 25 yanvardagi 33-sonli Qarorining 5-bandida qishloqlarda joylashgan umumta'lim maktablarini o‘ntagacha gazeta va jurnallarga mahalliy byudjyet hisobidan obuna qilish belgilangan.

Ushbu qaror talabidan kelib chiqib, Bekobod tumani xalq ta'limi bo‘limiga «Toshkent haqiqati», «Xalq so‘zi», «Bekobod ovozi», «Ma'rifat» gazetalariga obuna bo‘lishlari uchun mahalliy byudjyet hisobidan mablag‘lar ajratilgan.

Toshkent viloyati xalq ta'limi boshqarmasining Bekobod tumani xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i Xasan Soibnazarov tomonidan o‘zboshimchalik bilan 2018 yil 30 oktabrda imzolangan 01-650/18-sonli xatida tumandagi jami 57ta umumiy o‘rta ta'lim maktablari direktorlariga bir necha gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish vazifasi yuklatilgan.

Ta'kidlash lozimki, 2018 yil 14 avgustdagi Prezident qarorining 16-bandida xalq ta'limi xodimlarining bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish taqiqlangan.

Ko‘rilgan choralar natijasida tumandagi umumiy o‘rta ta'lim maktablarining o‘qituvchilari Bekobod tumani xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i xatida ko‘rsatilgan nashrlarga majburiy obuna bo‘lishmagan.

O‘rganish natijasida Bekobod tumani xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i Xasan Soibnazarov lavozimidan ozod etildi va uning majburiy obuna to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi bekor qilindi.

Shu bilan birga majburiy obunani oldini olish bo‘yicha kerakli choralar ko‘rmaganligi va to‘liq nazoratga olmaganligi uchun Toshkent viloyati xalq ta'limi boshqarmasining boshlig‘i Shukur Burhonovga intizomiy chora ko‘rildi.

Ushbu holat yuzasidan barcha xalq ta'limi hududiy boshqarmalariga yana bir bor majburiy obunani oldini olish bo‘yicha qat'iy topshiriq berildi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 1 noyabr kuni Turon24 «Bekobodda o‘qituvchilar 2019 yil uchun obunaga majburlanmoqda» sarlavhali material e'lon qilgandi. Unda obuna puli o‘qituvchilarning oyligidan bosib qolinishi, buning uchun rozilik so‘rab ham o‘tirilmasligi aytilgan, o‘qituvchilardan biri o‘tgan yili oyligining 10-15 foizini obuna uchun olib qolishganini bildirgandi.

Maqolada Bekobod tumanidagi 57ta maktabda ishlovchi 2069 nafar xodim 2019 yil uchun jami 3417 nusxadagi gazeta-jurnalga obuna bo‘lishga majburligi bayon qilingandi.

2 noyabr kuni esa O‘zAda «Ayrim veb-saytlar chop etgan maqolasi bilan ziyolilarni ma'rifatdan ayirmoqchimi?..» sarlavhasi ostida raddiya maqola e'lon qilindi. Unda bekobodlik bir guruh o‘qituvchilar jurnalistlarni «ziyolilarni ma'rifatdan ayiruvchilar» deb atashgandi. 

«Bekobodda o‘qituvchilar 2019 yil uchun obunaga majburlanmoqda" kabi uydirmalardan so‘ng ham ko‘plab pedagoglar murojaat qilib, kitobsiz, gazeta-jurnallarsiz faoliyat yuritish mumkin emasligini va ixtiyoriy ravishda tarmoq va ijtimoiy-siyosiy gazetalarga obuna bo‘lishlarini bildirmoqdalar. Bu ularning shaxsiy fikri va qaroridir. Unga aralashishga hech kimning haqqi yo‘q», deyilgandi raddiyada.

Mavzuga oid