Jahon | 23:10 / 06.11.2018
39250
3 daqiqa o‘qiladi

"Tejamkor" hojatxona: Bill Geyts suvsiz ishlovchi sanitariya qurilmasini namoyish qildi

Microsoft korporatsiyasi asoschisi Bill Geyts Pekin (Xitoy)dagi Reinvented Toilet xalqaro ko‘rgazmasida suv va kanalizatsiyaga ulanishni talab qilmaydigan yuqori texnologiyali hojatxona modelini namoyish qildi. Sanitar qurilma kimyoviy reagentlar yordamida chiqindilarni o‘g‘it va toza suvga aylantiradi, deya xabar beradi Bloomberg.

Foto: AP Photo/Mark Schiefelbein

"Bu yerda ko‘rayotgan texnologiyalaringiz so‘nggi 200 yil ichida sanitariya sohasidagi katta yutuqlar hisoblanadi", - deydi Geyts. Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, bunday yangicha yondashuv bolalar o‘limi bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga hamda vabo, ichburug‘ va boshqa xavfli kasalliklarga qarshi kurash uchun xarajatlarni yiliga 233 milliard dollarga qisqartiradi. 

Foto: AP Photo/Mark Schiefelbein

Ta'kidlanishicha, yangi modeldagi hojatxona ustida izlanish va uni ishlab chiqishga yetti yil vaqt ketib, 200 million dollar sarflandi. 

Geytsning aytishicha, konsepsiya deyarli tayyor va tez orada uni bozorga chiqarish maqsadida sinov uchun ishlab chiqaruvchilarga yetkazishadi. 

Foto: AP Photo/Mark Schiefelbein

Manbaga ko‘ra, bunday unitazning bir donasi 500 dollarga tushadi va u dastlab maktablar hamda ko‘p qavatli uylarda paydo bo‘ladi. Milliarderning fikricha, uy bekalari xuddi XX asr oxirida Microsoft kompyuterlarini xarid qilishga kirishgani kabi ushbu kimyoviy moddali qurilmalarni ham faol o‘rnata boshlashadi. 

Foto: AP Photo/Mark Schiefelbein

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma'lumotlariga ko‘ra, Yer yuzida 2,3 milliardga yaqin kishi asosiy sanitariya ehtiyojlarini qondiruvchi hojatxonaga ega emas. YUNISEF baholariga muvofiq, har yili 500 mingga yaqin 5 yoshgacha bo‘lgan bola ichburug‘ asoratlari tufayli hayotdan ko‘z yumadi, bu eng avvalo Janubiy Osiyo va Afrika mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Mavzuga oid