O‘zbekiston | 17:30 / 07.11.2018
41936
3 daqiqa o‘qiladi

GM Uzbekistan avtomobillarini xarid qilish bo‘yicha yangi platforma taqdim etildi

«O‘zavtosanoat» AJ O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi avtomobillarni onlayn sotish, avtomobillar savdosida shaffoflikni ta'minlash va oshirish yo‘lida navbatdagi qadamni tashladi. 2018 yil 7 noyabrdan e'tiboran GM Uzbekistan hamda boshqa korxonalarda ishlab chiqariluvchi transport vositalarini onlayn tarzda xarid qilish imkonini beruvchi internet resursi va mobil ilovasi ishga tushadi, deb xabar qilmoqda KUN.UZ muxbiri. 

Shu munosabat bilan tashkil etilgan press-brifingda «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisining marketing va rivojlanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Umidjon Salimov hamda veb-sayt hamda mobil ilovalarni ishlab chiqqan mutaxassis Aziz Abdullayev ishtirok etdi. 

Umidjon Salimovning so‘zlariga ko‘ra, shu yilning avgust oyidan boshlab O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish borasida «O‘zavtosanoat» AJ kompaniyasining yangi rahbariyatiga sohaning barcha asosiy jabhalari, ishlab chiqarish, mahalliytirish, butlovchi qismlar, logistika yo‘nalishlarini sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilab berilgan. 

«Shunday yo‘nalishlardan biri, shubhasiz, avtomobillarni sotish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, xaridorlarga sifatli servis xizmatini ko‘rsatishdir. Bunda asosiy vazifa shundan iboratki, GM Uzbekistan avtomobillari savdosida yuqori darajadagi shaffoflikni hamda ushbu avtomobillardan foydalanish chog‘ida oliy servis xizmatini ko‘rsatishni ta'minlash bo‘lib turibdi. Chunki, kompaniyaga nisbatan jamoatchilik fikri, uzoq kutilgan avtomobilga buyurtma berish, xarid qilish va nihoyat avtomobil kalitini olish bilan bog‘liq jarayon asnosida shakllanadi», - dedi Umidjon Salimov.

Brifing doirasida avtomobillar savdosida shaffoflikni oshirish, avtomobil xaridida sun'iy navbatlarga yo‘l qo‘ymaslik va turli huquqbuzarliklarning oldini olish, salohiyatli xaridorga avtomobil xarid qilishi uchun qulay, oshkora va oson imkoniyat taqdim etish maqsadida tashkil etilgan Uzavtosavdo.uz onlayn savdo platformasining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. 

 

Yangi savdo platformasi www.uzavtosavdo.uz veb manzilida joylashgan bo‘lib, hozircha, so‘nggi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Maqola yozilayotgan vaqtda sayt faoliyat yuritmayotgan edi. Umidjon Salimov, ayrim texnik masalalar hal etilgach, veb sayt orqali istagan xaridor avtomobil xarid qilishi mumkinligini bildirdi. Bundan tashqari, mazkur platforma Android va iOS qurilmalari uchun maxsus ishlab chiqilgan ilovalar orqali ham foydalanish mumkin bo‘ladi. Ilovalarni Google Play Store yoki AppStore do‘konlaridan yuklab olish mumkin. 

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

Mavzuga oid