Jamiyat | 02:12 / 08.11.2018
11927
9 daqiqa o‘qiladi

Ayollar masalalariga bag‘ishlangan ilk xalqaro konferensiya haqida xorijiy va mahalliy ekspertlarning fikri qanday?

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrida «Mamlakatning demokratik yangilanishi hamda modernizatsiyasida ayollarning roli: O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot» nomli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, ayollar masalalari O‘zbekistonda birinchi marta shu qadar keng ko‘lamda muhokama qilinmoqda.

Xalqaro konferensiyada quyidagi mavzular ko‘tarildi:

  1. Davlat boshqaruvida ayollarning roli va imkoniyatlarini kengaytirish hamda gender tengligini ta'minlashning ahamiyati.

  2. Ayollar bandligi va tadbirkorligi – oila mustahkamligi  kafolati.

  3. Xotin-qizlarni ijtimoiy himoyalash va ularning salomatligini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, ayollar bilan ishlash davlat siyosati darajasigacha ko‘tarildi.

“O‘zbekiston Prezidentining fevral oyidagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan. Shu bilan birga, yil davomida ayollar huquqini himoyalash masalalariga bag‘ishlangan yana 14 hujjat qabul qilindi – bu davlat rahbarining qarorlari, farmonlari,  hukumat qarorlari va b. Eng avvalo, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligiga e'tibor qaratildi. Bizning ayollarimiz barcha mehnat resurslarining 48 foizini tashkil qiladi. Ular orasida 514 nafar fan doktori, 6 akademik, 17 senat, 15 nafar Qonunchilik palatasi deputati, 1 Bosh vazir o‘rinbosari, 1 vazir va 2 vazir o‘rinbosari, 15 nafar “O‘zbekiston qahramoni”  faoliyat yuritadi”, - deydi Bosh vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, ma'lum qilinishicha, mahalliy kengash deputatlarining 23 foizi hamda fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san'at sohalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning 72 foizi ayollardir. 285 nafar iste'dodli  qiz - Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori. 2018 yilda “Mo‘'tabar ayol” ko‘krak nishonining ta'sis etilishi ayollarga bo‘lgan ehtiromning yana bir ko‘rinishidir.

BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Tashkilotning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German bildirilgan tashabbus va ayni vaqtida o‘tkazilgan ushbu tadbir uchun O‘zbekiston hukumati va Xotin-qizlar qo‘mitasiga minnatdorchilik bildirdi.

“Ayni vaqtida o‘tkazilayotgan tadbir deyishimning boisi, Markaziy Osiyo mintaqasi bugungi kunda keng ko‘lamli islohotlarni boshdan kechirmoqda. Bu Markaziy Osiyoning barcha  davlatlari siyosiy irodasi va Prezident Shavkat Mirziyoyevning odilona siyosati tufayli O‘zbekistonda kechayotgan islohatlar ko‘lami sharofati bilan amalga oshayotgan ahil qo‘shnichilik, o‘zaro hamkorlikka asoslangan ijobiy o‘zgarishlarni nazarda tutadi. Albatta, fuqarolar turmush tarzini yaxshilash yo‘lida qilinayotgan ishlarda ayollarning roli ham sezilarli bo‘lishi kerak. Shunisi quvonchliki, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda bu yo‘nalishga katta e'tibor qaratilmoqda. Qonunchilik takomillashtirilmoqda, eng avvalo gender tenglik masalasi bo‘yicha. Bu yo‘lda BMT mintaqaning barcha mamlakatlariga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka va kamsitishning barcha shakllariga qarshi qonunchilik ishlab chiqilmoqda. Bu juda ijobiy o‘zgarish bo‘lib, bizning tashkilotimiz ushbu hujjatning xalqaro standart va me'yorlarga muvofiq yaratilishiga ko‘mak beradi. Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyevaning tavsiyalar ishlab chiqishda aynan gender tenglik mavzusini tanlashi quvonarli hol. Bu borada O‘zbekistonning bugunga qadar erishgan yutuqlarini alohida qayd etib o‘tmoqchiman. O‘zbekistonga ko‘p sonli tashriflarim davomida tobora ko‘proq hukumat a'zolari, vazir va o‘rinbosarlar, senator va deputat ayollar bilan tanishayotganimdan  xursandman. Islohotlarning muvaffaqiyati davlat boshqaruvi jarayoniga ayollarning qay darajada jalb qilinganiga bog‘liq. Zero ayollar o‘z tabiatiga ko‘ra, tinchlikparvar bo‘ladi, ular ziddiyatga olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarni oldindan ko‘ra biladi”, - deydi mutaxassis.

Afg‘onistonning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha vaziri Dilbar Nazariy KUN.UZ muxbiriga ma'lum qilishicha, bugunga kelib Afg‘onistonda 4 nafar ayol vazir va 9 vazir o‘rinbosari faoliyat yuritadi, parlamentda - 27 foiz ayollar, 23 foiz ayol davlat idoralarida ishlaydi, 5 nafar elchi – ayol, 40 foiz qiz -  umumta'lim maktablarida, 23 foiz qiz - universitetlarda ta'lim olmoqda. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 15-16 yil ilgari Afg‘onistondagi qizlarda ta'lim olish imkoni yo‘q edi. Bugun esa ular maktab va universitetlarda ta'lim olish imkoniga egalar.

“Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan bu xalqaro anjumanning Afg‘oniston xotin-qizlariga ta'siri katta, albatta. Bu yerda muvaffaqiyatli rahbar xodimlar bilan ko‘rishdim, ularning faoliyati bilan tanishdim. Xalqaro konferensiya yakunlariga ko‘ra, hamkorlik kelishuvini imzolab, rejalarni hayotga tatbiq qilamiz. Shukurki, Afg‘onistonning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalari kundan-kunga yaxshilanmoqda. O‘zbekiston va Tojikiston kabi do‘stlarimiz bor ekan, hech bir dushmandan qo‘rqmaymiz. Shunday ekan, mamlakatlarimiz ayollarining o‘zaro hamkorlikda iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotda yanada faollashishiga umid qilamiz”, - deydi Nazariy.

Butunxitoy xotin-qizlar federatsiyasi Departament raisi Chen Syaosya O‘zbekistondagi ayollar masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya juda yuqori darajada o‘tayotganini ta'kidladi.

“Bu yerda davlat va nodavlat tashkilotlar, biznes hamjamiyati vakillari va boshqalar ishtirok etmoqda. Bu O‘zbekiston hukumatining ayollar masalasiga katta e'tibor qaratayotganidan dalolat beradi. Ushbu xalqaro konferensiya barcha mamlakatlar ayollarining o‘zaro muloqot qilishi va tajriba almashishi uchun ajoyib platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugungi anjumanda ko‘plab boshqa mamlakatlarning qiziqarli tajribasini tingladik va ayollar masalalari bo‘yicha fikr almashdik. Biz turli mamlakatlarda yashasak-da, ayollarning gender tengligi masalasida umumiy tushunchalar va chaqiriqlar bor. Shu bois bu konferensiya barcha uchun juda foydali bo‘ldi, deb hisoblayman”, - dedi u.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining ilmiy-tahliliy bo‘limi rahbari Nigina Rahimovaning so‘zlariga ko‘ra, markaz faoliyatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri ayollar fikrini o‘rganish bo‘lib, ularning hayoti, qadriyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy va ma'naviy rivojlanishini o‘rganishga qaratilgan. Ushbu xalqaro konferensiya esa bu yilda amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtiradi. Shu o‘rinda mutaxassis KUN.UZ muxbiriga ba'zi tadqiqotlar natijalari haqida ma'lum qildi.

Yaqindagina ijtimoiy fikrlarni o‘rganish markazida o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, O‘zbekiston ayollari – so‘rovnoma ishtirokchilarining 88 foizdan ortig‘i  “Respublikada demokratik jamiyat qurishda ayollarning tutgan o‘rni qanday?” degan savolga ularning roli o‘sib borayotganini tasdiqlovchi javob berdi. 80 foiz ayol o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari va orzulari albatta amalga oshishiga ishonch bildirgan. “Ayol kishi oliy ma'lumotli bo‘lishi kerakmi?” degan savolga aksariyat ishtirokchilar “bu shaxsning shakllanishida juda muhim omil” ekanini ta'kidlashgan. 76 foizdan ortiq ayol “Baxtlimisiz?” degan savolga “Ha” javobini bergan. “Baxtingiz nimada?” savoliga so‘rovnoma ishtirokchilari “Oilada” javobini berishgan. Tadqiqotlarimiz davomida yilma-yil ayollarning dunyoqarashi o‘zgarib, rivojlanib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Tobora ko‘proq ayollar oila, jamiyat, davlat farovonligi yo‘lida xizmat qilish istagini bildirishmoqda. Qanday avlodning voyaga yetishi aynan ayol kishiga bog‘liq, zero u farzandni dunyoga keltiradi va uni tarbiyalaydi”, - deydi Nigina Rahimova.

Mavzuga oid