O‘zbekiston | 11:22 / 08.11.2018
47718
15 daqiqa o‘qiladi

Obuna - O, bu nadur?

Bunday o‘ylab ko‘rsak, o‘sha yaqin o‘tmish — «qora tushlar» ko‘rib yurgan kezlarimizda juda ko‘plab sohalar qatori, matbuot ham davlat qaramog‘iga, otalig‘iga qattiq suyanib qolgan, boqimandalik kayfiyatida tebranib yurgan ekan. O‘zimizni o‘zimiz «davlat siyosatining beminnat propagandisti» deya atab mazza qilgan ekanmiz-da. Bu tobora kuz yarimlab, qish yaqinlashganida sezilyapti. Axir bu pallada «davlat nashrlari» degan tamg‘a yopishtirilgan matbuot lashkari «obuna» degan ulkan protsessni boshlaydi.

Ammo kutilmaganda ta'lim vazirining inqilobiy o‘zgartishlarga qo‘l urishi va uning Prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi oqibatida, ya'ni birgina (!) ta'lim tizimi xodimlarini davlat gazeta va jurnallariga avvalgidek majburiy obuna qildirish mexanizmiga «o‘t qo‘yib» yuborilishi qanchadan-qancha «orzu»larni sarobga aylantirmoqda. «Protsess» tobora taranglashmoqda. Do‘ppisi yerga tushib ketsa, pul berib oldirishdan toymaydigan moliyaviy barqaror nashrlar ham kelajakni o‘ylab qattiq sukutga cho‘mdi — «Bu yog‘i nima bo‘larkin?».

Noteng raqobatning «beshafqat» to‘lqini

Ha, bugun — ilg‘or texnologiyalar zamoni. Bu holat an'anaviy matbuot uchun notanish emas. O‘tgan asrning 50-yillaridan keyin jurnalistikaning yangi to‘lqini — televideniye degani hayotimizga jadal kirib kelgan pallalarda ham bunday tebranish, aniqrog‘i, kuchli yo‘tal yuzaga kelgan. Hatto ayrim mutaxassislar «Tamom, ming yillardan buyon yashab kelayotgan qog‘oz nashrlarning kuni bitdi», deyishdan ham tap tortmagandi. To‘g‘ri, o‘shandan buyon dunyo bo‘yicha minglab gazeta va jurnallar sinib, yo‘q bo‘lib ketdi. Hozir ularni faqat kutubxona yoki muzeylardan topish mumkin.

Biroq bizni shunday noteng raqobat muhitida ham yashab qololgan nashrlar ko‘proq qiziqtiradi. Ular nimaning evaziga jon saqladi? Aynan shu savol bugun bizning davlat nashrlari oldida ham ko‘ndalang turmog‘i lozim.

Chunki bugun an'anaviy matbuot televideniyedan ham kuchliroq va «beshafqat» raqib — internet bilan kuch sinashishi, o‘quvchilarga o‘zining takrorlanmas afzalliklari borligini isbotlashi kerak. U gazetaning «hidi», «qo‘l bilan ushlash mumkinligi», «asrab qo‘yish mumkinligi», «yoqmasa yirtib yoki chizib tashlash mumkinligi», «ichidagi faktlarni o‘zgartirish ilojsizligi» va yana boshqa «masala»larda ishlatish mumkinligi bilan emas, balki ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy, kerak bo‘lsa, iqtisodiy jabhadagi konkret yangiliklari bilan jurnalistika bozoriga kirib borishi lozim.

Professionallik qani?

O‘zim esimni taniganimdan beri qog‘oz nashrlar ichidaman. Ochig‘i, aniq bir sohaga yo‘nalib, shu tarmoqning «titi-piti»sini chiqarib tashlaydigan nashrni ko‘rmadim. Buning sabablari ko‘p, albatta. Eng birinchisi — bu kadrlar masalasidir. Biz o‘quvchilar «Nega tanqidiy material yozmaysizlar?» desa, darhol «mumkin emas», deya aslida o‘zimizning saviyamiz pastligini oshkor etmaslikka o‘rganib qolgandik. Axir qonunni bilmasak, bilmaganimizdan keyin haqimizni talab qilolmasak, jamiyat dardi qolib, o‘z tashvishimizda g‘ingshib yursak, biror natijaga erishib bo‘ladimi?

Jurnalistika — bozor iqtisodiyoti sharoitida professionalizmgagina suyanishi mumkin. Bu har bir ishni o‘z egasiga topshirish, degani. Shunda soha rivojlanadi. Bizga aslida yolg‘onchi va bahonachi bo‘lgan «universal» kadrlar emas, professionallar kerak. Bir ish o‘rnida yarimta-yurimta ishlayotgan va shunga yarasha maosh olib (albatta u kam), «jon kuydirib o‘libmanmi?» deb qotib qolgan chala kadrlarni safimizdan haydash yoki qayta ishlash vaqti ham keldi. Guruch ortida suv ichayotgan kurmaklar oz emas, afsuski...

Endi, bozor tilini bilmagan, bozor munosabatlarini tushunmaydigan, hisobga olmaydigan rahbar ham nashr qalovini odob bilan biladiganlarga berishi kerak. Aks holda, o‘nlab oilalarda moliyaviy to‘lqin uzilib, inqiroz tutuni burqiraydi. O‘nlab iste'dodli jurnalistlar galstukni yechib, o‘zlariga boshqa ish izlashga majbur bo‘ladi.

Uyg‘onish payti — jasorat payti keldi

Nahotki, bir-ikkita saytlarimiz amalga oshirayotgan inqilobiy o‘zgarishlarni gazetalarda qo‘llab bo‘lmaydi? Nega biz biror maqola yozsak, odatiy shablonga solishimiz kerak? Masalan, «Mamlakatimizda» deya maqolani boshlashimiz va ikkinchi abzatsda «Yuksak sharoitlar va imkoniyatlar» haqida, so‘ngra uni «yanada mustahkamlash» uchun Prezident qaror va farmonlari yoki Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlarini to‘g‘ri kelsa-kelmasa beraverishimiz kerakmi?

Nazarimda, biz o‘tgan yillar davomida (bunga sovet davrini ham qo‘shish mumkin) iste'molchilarga nima kerakligi bilan emas, balki ayrim nobop amaldorlarga nima kerakligi, nima yoqishi bilan qiziqib kelganmiz. 30 million odamning ko‘ngli qolsa qolaversinu, ammo o‘sha arboblar ranjimasin, deganmiz kamtarona.

Arboblar «tashakkur» o‘rnida «majburiy obuna»ni tashkil etib berdi go‘yo. Majburiy obuna yuki, tabiiyki, o‘sha davrlarning beminnat «dastyori» — o‘qituvchilar gardaniga tushgandi. Bu nashrlar o‘qituvchiga aslida kerakmi-kerakmasmi, birovni qiziqtirmasdi. «Birov» kim? Ular — RayONO boshliqlari va direktorlar, yana sekin... yuqorilashib boraverardi. Ularning ham o‘ziga yarasha «ulushi» bor edi-da bu borada — pul o‘lsin-a... Mingta o‘qituvchi bir so‘mdan bersa ham ming so‘m bo‘lardi-da.

Endi-chi? G‘alvir suvdan ko‘tarilyapti. Prezidentimiz haqiqat va adolatga xayrixoh. Davlat rahbari majlislardan birida qattiq kuyunib: «Odamlarni uyg‘otish kerak», deya bejiz aytmadi. Mudroqlar safida davlat nashrlarini ham uyg‘otish kerak. Uyg‘oqlik — bu tiriklik, hayot degani.

Eng asosiy masala shuki, davlat ham xalqi istaganni istaydi, uni qiynagan og‘riqlar davlatni ham chetlab o‘tmaydi. Bu ikki institut o‘rtasida ko‘prik bo‘lgan jurnalistika ana shu birdamlikni mustahkamlashi lozim. Buni qanday og‘ir-og‘ir muammolarni dadil va davomli ko‘tarib chiqayotgan internet saytlari misolida ham ko‘rish mumkin. Shuncha muammoni yozayotgani uchun nega «surbet» «kun.uz» yopilib ketmadiykin? G‘alatimasmi?

Matbuot tarqatuvchi kerakmi?

To‘g‘ri, qog‘oz nashrlar birdan muammolarni yozib boshlagani bilan vaziyat yaxshilanib qolmaydi. Buning uchun bir qator yangi sohalarni joriy etishimiz kerak. Masalan, gazeta «piar»i bilan shug‘ullanadigan tarmoq shakllanishi, ayniqsa, matbuot tarqatish tizimini butunlay, tag-tomiri bilan isloh etish kerak.

Mushtariy dushanba kuni chiqqan gazetani nima uchun shanba kuni o‘qishi kerak? Dushanba kungi gazetaning shanba kuni oddiy qog‘ozdan nima farqi qoladi?

Axborot asrida yashayapmiz — aslida juma, shanba va yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan, internetda berilgan xabarlarni shunchalik kechikib o‘qish uchun obuna bo‘lish kerakmi gazetaga? Undan ko‘ra, top-toza qog‘ozga obuna bo‘lgan yoki bir kilo go‘sht sotib olgan yaxshimasmi? Dahshatli savolmi?

Gigantlarni «parcha»lash masalasi

Balki joylarda regional nashriyotlar qurish payti ham kelgandir? Qachongacha gigant nashriyotlar monopoliyasiga chidaymiz? Qachongacha matbuot tarqatuvchining «chek-chegarasiz» erkaliklarini ko‘tarishimiz kerak? Nega bu masalalar bizni qiynamaydi, vijdonimizni o‘rtamaydi? Nega qilt etmaymiz, qimirlamaymiz?

Men Chirchiqda, Toshkent shahrida sovet ittifoqi paytida gullab-yashnagan, u parchalanib, mustaqillik e'lon qilingach, harakatdan butkul to‘xtab, xarobazorga aylangan gigant zavodlarni ko‘rdim. Bunga tabiiy qaradim — zamon shuni talab etadi: o‘sha paytda bu zavodlar bir O‘zbekiston emas, balki butun ittifoqqa mahsulot yetkazib bergan. Yoki bir viloyatga emas, butun respublikaga mahsulot tarqatgan. Endi bunday ulkan xarajatni zamon ko‘tarmaydi. G‘oya shuki, har bir hudud o‘ziga yarashasini qurib oladi.

Xuddi shunday o‘sha kezlar tele-radio u qadar rivojlanmagan, internet umuman bo‘lmagan paytlarda qog‘oz nashrlar million nusxagacha chop etilgan va odamlar kioskada navbat uchun turnaqator bo‘lgan. Bugun u kunlar «o‘ta o‘tib ketgan o‘tgan zamon fe'li»da aytiladi.

Obuna tashkil etishni o‘rganaylik

Aybni, muammolar sababini, avvalo, o‘zimizdan izlashimiz kerak. Islohot qilish kerak bo‘lsa, uni birinchi bo‘lib o‘zimizni o‘zgartirishdan boshlash zarur.

Masalan, tuppa-tuzuk turgan majburiy obuna yo‘q qilinishidan nolimay, chinakam obuna tashkil etishning ta'sirchan mexanizmi yaratilishi kerak. Axir bozor iqtisodiyoti menejment degan so‘z bilan uyg‘un ekan, obuna — bu bozor degani ekan, gazeta mijozlar qo‘liga yetib borishi masalasini ham o‘ylash lozim. Holbuki, biz mahsulotimizni bozorga olib chiqish va u yerda qo‘lma-qo‘l bo‘lishiga ishonmas ekanmiz, obuna biz uchun har tomonlama qulay ekan, demak, mukammal obuna shakllarini joriy etish talab etiladi.

Tahririyatlarda ochilgan reklama bo‘limlari va hisobchilar (buxgalteriya) faqat «obuna mavsumi»da, ya'ni yil yakunida bir yoki ikki oy chiranib, kerakli adadni «yig‘ib» olgach, yo‘q bo‘lib ketmasin. Ular yil bo‘yi tinim bilmasin. Joyida o‘tirolmasin, viloyatma-viloyat yuraversin. Obunachilar uchun aksiyalar, chegirmalar va boshqa sovg‘a (pora emas) ko‘rinishidagi rag‘batlantiruvchi tadbirlar uyushtirsin. Kerak bo‘lsa, buning uchun muassis (yoki banklardan)dan kredit olsin.

Reklama beruvchilar qanday nashrlarni tanlashadi? Avvalo, tiraji katta va ishbilarmon, puldor kishilar orasida nufuzga ega bo‘lganlarini. Bu tahririyatlarimiz o‘z nashrining imijini yaratishi kerakligini anglatadi. Gazeta nomi biznesmenlar uchun brend darajasiga ko‘tarilmas ekan, «go‘shtli» reklamani tushida ko‘radi. Lo‘lining eshagini sug‘orib, pulini ol, deyishadi-ku.

Gazeta chop etishdan maqsad nima? «Itog»mi?

Yana bir jihat shuki, nashrlarimizda aniq pozitsiya yo‘q. Pozitsiya nima degani? Bu nuqtai nazar, bu fikr degani. Bu gazetalar nima uchun ochilgani va faoliyat yuritayotganini unutmasligidir. Shaxmatda ham pozitsiya degan atama bor. Masalan, partiyada hatto piyoda kuchli pozitsiyada tursa, bemalol shohni ta'qib etishi mumkin. Gap ta'qib etishda emas, albatta. Muhimi, pozitsiyaning qanday qudratga egaligida.

Hatto kattakon nashrlar ham bugun sahifalarida qanday materiallar chop etishini o‘zi bilmaydi. «Zapas» materiallar tog‘dek uyulib yotadi, lekin ulardan sahifaga qo‘yish uchun «Itog»ga tik boqish kerak. Bunday «surbet»likka qaysi muharrir qodir? Qo‘rqamiz — kamida tizzamizgacha ariqqa botishdan qo‘rqamiz...

Bir kun oldin sahifalangan betlarni ertasi kuni, nashr etilganda ko‘rsangiz, ancha o‘zgarishlar bo‘ladi. Bir nashr bergan material (O‘zAning materiallari) boshqalarida ham o‘zgarishsiz bosiladi. Shu voqelikni har bir gazetaning o‘z muxbiri yozsa bo‘lmaydimi? Plyuralizmdan buncha qo‘rqmasak?

Mushtariy ikkita davlat nashriga a'zo etilgan bo‘lsayu, ikkovidayam bitta narsani o‘qisa, bu holat nega unga yoqishi kerak? Nega o‘zi shundog‘am kamsahifagina bo‘lgan nashrni qo‘lga olganda, unda o‘ziga aloqasi yo‘q reklamalarni ko‘rishi kerak? Nahotki shu sahifalarni asl materiallar bilan «to‘ldirish» shunchalik qiyin bo‘lsa? Nega o‘quvchi o‘zi obuna bo‘lgan nashrida o‘zi uchun kerakli materialni o‘qiyolmaydi? Unda bu gazetani nega sotib olishi kerak?

Darvoqe, gazetalarda «itog» degan ko‘rinmas kuch bor. Uning aytgani aytgan, aytmagani aytmagan bo‘ladi. «Itog» degani kelmagunicha hech kim hech narsani bashorat qilolmaydi. Vaholanki, gazeta sahifalari nashr uchun 5-6 soat oldinoq tayyor holga keladi. Lekin «Itooooog»ni kutish kerak. Ana shundan so‘ng hamma yengil nafas olib, og‘ir-og‘ir qadam tashlab uyiga ketadi — uxlab kelgani... «Itog» mavjud ekan, hech qachon nashrlarda o‘z pozitsiyasi bo‘lmaydi. Pozitsiyasiz nashr xalq mehrini qozonolmaydi.

Xulosagacha...

Keyingi o‘zgarishlar ta'sirida ayrim nashrlarimiz ham ancha jonlanib qoldi. Sanoqli bo‘lsa-da, nashrlarda qator muammoli materiallar chop etila boshladi. Joylarda bu ijobiy javobini ham olyapti. Lekin bunday nashrlar safi yanada kengayishi kerak. Ayniqsa, soha nashrlari jiddiy jonlanishi lozim. Toki o‘quvchilar davlat nashrlarini o‘qib, hayron qolsin, «Bo‘larkan-ku» deb ko‘zidan yosh chiqib ketsin, menga desa. Toki oddiy odam ko‘targan va yozgan matndan ko‘ra muhimroq va ravonroq yoza olaylik, professionalligimiz uzoooqdan ham yaqqol bilinib tursin.

Zohidjon Xolov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid