Jahon | 17:10 / 09.11.2018
42111
3 daqiqa o‘qiladi

Avstriyada «Rossiya josusi» mojarosi. Putinni to‘yiga taklif etgan vazir Moskvaga safarini bekor qildi

Foto: AFP

Avstriya Tashqi ishlar vaziri Karin Knaysl Rossiyaga rejalashtirgan tashrifini bekor qildi. Bunga Rossiya foydasiga josuslik qilib kelgan Avstriya armiyasining iste'fodagi polkovnigi qo‘lga olinishi sabab bo‘ldi.

9 noyabr kuni qo‘lga olingan polkovnik 20 yildan buyon Rossiya razvedkasiga maxfiy ma'lumotlarni yetkazib kelgani aniqlangan.

Kronen Zeitung nashrining yozishicha, ismi oshkor etilmayotgani, yoshi 70da bo‘lgani aytilayotgan polkovnik o‘tgan davr mobaynida xizmatlari uchun 300 ming yevroga yaqin pul olgan.

Gazeta ma'lumotiga ko‘ra, josus «do‘st» davlatlarning yordami evaziga aniqlangan. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, Avstriya razvedkasiga ma'lumotlarni Germaniya tomoni topshirgan. Qo‘lga olish chog‘ida harbiyning noutbuki musodara qilingan, ekspertlar ayni vaqtda uni o‘rganishmoqda. Polkovnikka nisbatan Avstriya Jinoyat kodeksining 319-moddasi bo‘yicha ish ochilgan.

Gumonlanuvchi Avstriya armiyasi shtabida «ahamiyati yuqori bo‘lmagan» lavozimda xizmat qilgan. U har ikki haftada bir marta Rossiyadagi kuratori - Yuriy ismli shaxs bilan aloqaga chiqqan. Shifrlangan maktublar yoki sun'iy yo‘ldosh orqali aloqada polkovnik Avstriya harbiy aviatsiyasi va artilleriyasi haqidagi ma'lumotlarni, shuningdek, mamlakatdagi muhojirlar bilan bog‘liq vaziyat haqida ma'lumot yetkazgan. Bundan tashqari, u yuqori martabali amaldorlarning batafsil ma'lumotlarini to‘plagan. 2006 yilda polkovnik agentlik faoliyatini to‘xtatmoqchi bo‘lgan, ammo Rossiya razvedkasi uni ishni davom ettirishga ko‘ndirgan. Rossiyadagilar josusni fosh etishganidan xabardor bo‘lishgach, unga barcha materiallarni yo‘q qilishni buyurishgan. U o‘zini qo‘lga olgunlaricha bu buyruqni bajarishga ulgurgan.

Avstriya bosh vaziri Mario Kunasek bu holatga murosasizlik bildirgan. «Bu hodisa shuni ko‘rsatmoqdaki, sovuq urushdan keyin ham betaraf davlatlar josuslik nishonida qolmoqda», — degan u.

Rossiyaning Avstriyadagi attashesi vazirlikka chaqirildi, bunga javoban RF TIV Avstriya elchisi Yoxannes Aygnerni hodisa bo‘yicha izoh olish uchun chaqirtirgan.

Josuslik mojarosi ortidan Avstriya Tashqi ishlar vaziri Karin Knaysl Rossiyaga 2-3 dekabr kunlariga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi. Avstriya kansleri Sebastyan Kurtsning ma'lum qilishicha, rasmiy Vena hozircha Rossiyadan elchisini qaytarib olmoqchi emas, ammo bu hodisadan keyin Rossiyaning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari yanada yomonlashishi mumkin. Kantsler xalqaro hamkorlar bilan ushbu hodisani muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Bungacha Avstriya Rossiyaga qarshi sanksiyalarni keskinlashtirishga qarshi chiqib kelayotgandi. Avstriya Yevropa Ittifoqining Skripal ishi ortidan rossiyalik diplomatlarni o‘z hududidan chiqarib yubormagan sanoqli davlatlaridan biri bo‘lgandi. 2018 yilning avgustida esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin Karin Knayslning nikoh to‘yiga tashrif buyurgan va u bilan raqs tushgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid