Sport | 12:07 / 10.11.2018
8030
2 daqiqa o‘qiladi

Kokorin va Mamayev fevral oyigacha qamoqda qoladigan bo‘lishdi

Foto: RIA Novosti/Ilya Pitalev

«Zenit» hujumchisi Aleksandr Kokorin va «Krasnodar» yarimhimoyachisi Pavel Mamayevga nisbatan ochilgan jinoyat ishining tergovi yana ikki oyga uzaytirildi.

Endi tergovchilar 2019 yil 8 fevraliga qadar surishtiruv ishini olib borishlari mumkin. Bu haqda Kokorinning advokati Tatyana Stukalova Instagram sahifasida xabar bergan.

«Tergov muddati yana 2 oyga uzaytirildi. Endi 18 tergovchidan iborat guruh ishni 4 oy davomida o‘rganib chiqadi, bu aqlga sig‘maydi», ‒ deb yozdi Stukalova.

Eslatib o‘tamiz, 8 oktabr kuni Aleksandr Kokorin va Pavel Mamayev Moskvadagi qahvaxonalardan birida Minpromtorg mulozimi Denis Pak va «NAMI» tashkiloti rahbari Sergey Gaysinni do‘pposlashgan edi. Bu mojarodan biroz oldin esa «Perviy kanal» boshlovchisi Olga Ushakovaning haydovchisiga hujum qilishgan. Jabrlanganlar turli tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. 

Shundan so‘ng, ularga Jinoyat kodeksining 116-moddasi «Tan jarohati yetkazish» va 213-moddasi «Bezorilik» bo‘yicha rasman ayblov e'lon qilinib, sud tomonidan 8 dekabrga qadar hibsga olingan edi. Aybdorlarga 7 yillik qamoq jazosi tahdid solmoqda.

Mavzuga oid