O‘zbekiston | 12:00 / 11.11.2018
26758
3 daqiqa o‘qiladi

Sankt-Peterburgda MDH davlatlari rahbarlari sammiti o‘tkaziladi

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

6 dekabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT/ODKB) sammiti, MDH mamlakatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvi va katta ehtimol bilan Yevroosiyo iqtisodi ittifoqi (YeOII/YevrAzES) tashkiloti sammit ochiladi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga asoslangan holda RIA Novosti agentligi xabar bergan.

«KXShT sammiti, katta ehtimol bilan YeOII sammiti ham, shuningdek, MDH rahbarlarining norasmiy uchrashuvi», – degan Peskov jurnalistlarning 6 dekabr kuni Sankt-Peterburgda qanday tadbirlar o‘tkazilishi haqidagi savoliga javoban.

Bundan avvalroq Rossiya O‘zbekistonga KXShT parlament assambleyasida kuzatuvchi maqomini taklif etgani ma'lum qilingandi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga 1992 yil 15 mayda Toshkentda asos solingan. O‘shanda Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan. 1993 yil 9 sentabrda Gruziya, 24 sentabrda Ozarboyjon va 31 dekabrda Belorussiya  shartnomani imzolagan.

Shartnoma 1994 yil 20 apreldan kuchga kirgan. Shartnoma 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, uzaytirilishi ko‘zda tutilgandi. 1999 yil 2 aprelda Armaniston, Belorussiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston prezidentlari shartnomani yana besh yil muddatga uzaytirish to‘g‘risidagi protokolni imzoladi, ammo Ozarboyjon, Gruziya va O‘zbekiston shartnomani uzaytirishni istamadi va tashkilotdan chiqib ketdi.

2006 yil 16 avgustda O‘zbekiston KXShT tarkibiga qaytadan kirdi. 2012 yil 28 iyunda esa Toshkent KXShTga a'zoligini to‘xtatib turishini bildirdi.

KXShTning maqsadi shartnomaga a'zo davlatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi siyosiy tajovuzlardan hamda yirik miqyosdagi tabiiy ofatlardan birgalikda armiya va boshqa yordamchi bo‘linmalar yordamida himoya qilish hisoblanadi.  KXShT yagona harbiy-siyosiy ittifoq sifatida jangovar operatsiyalarda hech qachon ishtirok etmagan.

KXShT pozitsiyalarini kuchaytirish uchun Markaziy Osiyo mintaqasida tezkor harakatlanuvchi kollektiv kuchlar islohoti o‘tkazilmoqda. Bu kuchlar o‘nta batalondan iborat: uchta batalon Rossiyaga, ikkitasi Qozog‘istonga tegishli, qolgan davlatlar bittadan batalonga ega. Kollektiv kuchlar shaxsiy tarkibining soni 4 ming kishiga yaqin bo‘lib, uning 10ta samolyot va 14ta vertolyoti Rossiyaning Qirg‘izistondagi aviabazasida joylashtirilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid