Light | 16:08 / 12.11.2018
37915
2 daqiqa o‘qiladi

Yurak xuruji va insultga qarshi samarali vosita ma'lum bo‘ldi

Foto: Shutterstock

Baliq moyidan olingan dori vositalari yurak-qon tomir kasalliklari, jumladan infarkt va insultlardan vafot etish xavfini kamaytiradi. Ikkita yirik tadqiqot o‘tkazgan amerikalik olimlar ana shunday xulosaga kelishdi, deb yozmoqda Science Alert nashri.

REDUCE-IT deb nomlangan birinchi tadqiqotda etil-eykozapentayen kislotasi (etil-EPK) yoki platsebo qabul qilgan sakkiz ming kishi ishtirok etdi. Etil-EPK baliq moyida uchraydigan omega-3 to‘yintirilmagan yog‘ kislotasidir. Undan ateroskleroz rivojlanishiga sabab bo‘ladigan triglitseridlar darajasini kamaytirish uchun foydalaniladi. Yurak-qon tomir kasalliklariga duchor bo‘lgan va etil-eykozapentayen kislotasi qabul qiladigan kishilar yurak xuruji va insultdan kamroq vafot etishlari ma'lum bo‘ldi.

VITAL deb nomlangan ikkinchi tadqiqotda esa 26 ming kishi qatnashdi. Qatnashchilarning bir qismi tarkibida eykozapentayen va dokozageksayen kislotalari bo‘lgan preparatni kuniga 1 grammdan qabul qildi. Ma'lum bo‘lishicha, omega-3 to‘yintirilmagan yog‘ kislotasi yurak xuruji xavfini 28 foizga kamaytirar ekan. Bundan tashqari, olimlar D vitaminining saraton rivojlanishiga yoki yurak bilan bog‘liq muammolarga ta'siri yo‘qligini ko‘rsatib berishdi.  

Mavzuga oid