O‘zbekiston | 08:43 / 14.11.2018
28944
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev parrandachilikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni ma'lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, sohani yanada jadal rivojlantirishga, jumladan, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonini modernizatsiya qilish va tayyor parrandachilik mahsulotlari eksportini kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan qator muammolar mavjud. Xususan: 

birinchidan, parrandachilik mahsulotlarini qayta ishlash darajasi past, tarmoq mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishda yarim tayyor mahsulotlar ulushi yuqoriligicha qolmoqda, shuningdek, parranda chiqindilarini chuqur qayta ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilmayapti; 

ikkinchidan, parrandachilik sohasida asosan tovuq yetishtirish bilan cheklanib qolinmoqda, boshqa parranda turlari (kurka, bedana, g‘oz, o‘rdak, tuyaqush, kaklik va boshqalar) yetishtirishni ommalashtirish choralari ko‘rilmayapti; 

uchinchidan, parranda kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha zamonaviy biolaboratoriyalar tashkil etilmaganligi oqibatida parrandalar orasida yuqumli kasalliklar tarqalib bormoqda; 

to‘rtinchidan, sohada malakali kadrlar tayyorlash, ularni ishlab chiqarishning zamonaviy uslublariga o‘qitish, soha mutaxassislarida innovatsion yondashuvlar hamda ko‘nikmalarni shakllantirish, ishlab chiqarishda yuqori sifatga erishish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish ishlariga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti; 

beshinchidan, parranda ozuqa bazasini yaratish, import o‘rnini bosuvchi ozuqa mahsulotlarini ishlab chiqarish ishlari talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan; 

oltinchidan, parranda mahsulotlari eksport qilinayotgan davlatlar geografiyasini kengaytirish, shu orqali eksport hajmini keskin oshirish choralari ko‘rilmagan; 

yettinchidan, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni kiritish bo‘yicha tajriba yetarli emas, bu borada yetakchi xorijiy hamkorlar bilan yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilmayapti. 

Mavzuga oid