O‘zbekiston | 18:20 / 17.11.2018
48718
7 daqiqa o‘qiladi

Alifboni isloh qilishdan muddao ne?

Foto: Kun.uz

Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda lotin grafikasiga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi haqidagi bahs-munozaralar avjiga chiqdi. Taklif etilayotgan «sh» va «ch» harflarining yangi shakli qo‘lyozmada qanday aks etishini amalda sinab ko‘rish uchun qayta-qayta yozib ko‘rdim. Negadir o‘xshamadi... Ishonmasangiz, siz ham yozib ko‘ring...

Xat-savod chiqarish uchun qo‘liga qalam olgan bolakay bu harflarni qanday yozarkin? G‘ayritabiiy elementga ega bu harflar uning husnixatiga qanday ta'sir ko‘rsatarkin?.. 

«Kun.uz» saytida ayni masalada Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov bilan bo‘lgan suhbat mulohazaga chorladi.

Joriy yilning 22 oktabr kuni universitet tashabbusi bilan til va alifbo masalasiga bag‘ishlangan konferensiyada lotin grafikasiga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflarning ayrimlarini ma'qullash mumkin. Chunonchi, «o‘» va «g‘» harflariga o‘zgartirish kiritish, «ng» harfiy birikmasi va tovushini alifbodan chiqarish bo‘yicha berilgan takliflarda mantiq bordek. Biroq «sh» va «ch» harflarini o‘zgartirishga ehtiyoj bormi?

E'tibor bersak, dunyodagi aksariyat tillarda harfiy birikmalar mavjud va bu na yozuvda, na talaffuzda u qadar murakkablikni yuzaga keltirmaydi (agar shunday bo‘lganida ular bundan allaqachon voz kechgan bo‘lardi).

Rektor bilan suhbatdan ma'lum bo‘ldiki, alifbo masalasida tortishayotganlar uch guruhga bo‘lingan: birinchi guruh alifbo shu holatda qolishi kerakligini, ikkinchi guruh ayrim harflarni o‘zgartirishni, uchinchi guruh esa o‘zbek tilidagi 6ta unlini 9taga ko‘paytirishni taklif qilayotgan guruhlar. Uchinchi guruhning taklifiga mutlaqo qo‘shilib bo‘lmaydi: «h» va «x» harflarini to‘g‘ri qo‘llash ko‘nikmasini egallash qanchalik qiyinligi (hatto ayrim filolog-mutaxassislar ham bu masalada ba'zan ikkilanib qoladilar), imloviy xatolarning katta qismi shu harflarni chalkashtirib yozish bilan bog‘liq ekanini yaxshi bilganimiz holda, nahot bunday holatlar ko‘payishini istaymiz?  

Hurmatli rektor ma'naviyat, alifbo masalasida shoshmashosharlikka yo‘l qo‘yish mumkin emasligini, bu boradagi achchiq tarixiy tajribalarni to‘g‘ri eslab o‘tibdilar. Xo‘sh, alifboga kiritayotgan hozirgi o‘zgartirishlar xalqqa singib ketishiga, shu bilan savodxonlik keskin oshib ketishiga kim kafolat beradi? Bizning yana xato qilishga haqqimiz bormi?

Alifboga o‘zgartirish kiritish masalasi keyingi yil may oyigacha bo‘lgan davrda umumxalq muhokamasiga qo‘yilar, agar qabul qilinsa, u bilan bog‘liq o‘zgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilar ekan. Kirill va lotin yozuvlari parallelizmi jamiyatda qancha muammo, e'tiroz va savodsizlikka sabab bo‘layotgani bizga kamlik qilyapti chog‘i. Yo‘qsa, ikki alifbo va uch xil imlo (kirillcha, lotincha va yangi lotincha)ni o‘zimizga aslo ravo ko‘rmasdik.

Alifbo masalasi kun tartibiga chiqqach, respublikamizning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan bir yarim mingga yaqin ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarini jamlagan ijtimoiy tarmoqlardan biridagi «Metodik yordam markazi» chinakam bahs-munozara maydoniga aylandi. Foydalanuvchilar alifbodagi o‘zgarishlar jamiyatda savodsizlikni avj oldirishini yakdillik bilan e'tirof etgan holda, «Lingvistlar jamiyati»ni tuzib bunday islohotga qarshi chiqish, umumxalq muhokamasida faol bo‘lish kerakligini ta'kidlashdi. Fikri ojizimcha, bunga ularning ma'naviy haqqi bor.

Balki masalaning ma'naviy oqibatlarini oldindan to‘liq tasavvur qila olmasmiz, lekin moddiy tarafi-chi? Shu to‘rtta harfni o‘zgartirish davlat byudjyetidan milliardlab mablag‘, sarf-xarajat talab etishini ham e'tibordan soqit qilmasligimiz kerak.  

Hurmatli alifboga o‘zgartirish kiritish tarafdorlari! Siz keltirayotgan sabablar va dalillar alifboni o‘zgartirish uchun yetarli emas (shaxsan men Siz ro‘kach qilayotgan sabablarga va bugungi kunda dunyoning qaysidir chekkasida kimdir «Coca-cola» so‘zini «Joja-jola» deb o‘qishiga ishonmayman). Jamiyatdagi savodsizlikka, peshlavhalardagi xatolarga qarshi kurashni alifboni o‘zgartirish orqali emas, sifatli ta'lim (busiz na savodxonlikka, na taraqqiyotga erisha olamiz), imlo qoidalarini takomillashtirish orqali amalga oshirganimiz ma'qul emasmi? «Sh» va «Ch»ga dum qo‘yganimiz bilan nima o‘zgaradi? Ta'lim muassasalaridan tashqari amalda qo‘llanmayotgan yozuvni o‘zgartirishga bel bog‘lagandan ko‘ra, qabul qilinganiga salkam o‘ttiz yil bo‘layotgan yozuvga tezroq o‘tish haqida bong ursangiz o‘rinli bo‘larmidi?..

Yosh o‘qituvchilardan biri «Alifboni isloh qilishdan muddao nima?» deb savol qo‘yibdi. Haqli, o‘ylashga majbur etadigan savol. Balki, bu islohot amalga oshsa, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetining jamiyatdagi nufuzi bir pog‘ona yuksalar, kimdir moddiy, kimdir ma'naviy rag‘bat olar...

Bu savol millatimiz taqdiriga, ma'naviyatiga befarq bo‘lmagan har bir insonni o‘ylantirishi va o‘z so‘zini aytishga majbur qilishi kerak. Toki, yaqin tarixda yo‘l qo‘ygan xatolarimiz yana takrorlanmasin.   

                                                 Shahnoza Ergasheva,

filologiya fanlari nomzodi

Mavzuga oid