Jahon | 16:40 / 19.11.2018
7456
2 daqiqa o‘qiladi

Maykl Blumberg o‘zi o‘qigan universitetga 1,8 mlrd dollar xayriya qildi

Foto: REUTERS

Tadbirkor Maykl Blumberg o‘zi ta'lim olgan Jon Xopkins universitetiga 1,8 milliard dollar xayriya qildi.

The New York Times sahifasida uning umid bildirishicha, bu xayriya Jon Xopkins universitetiga iqtidorli talabalarni moliyaviy imkoniyatlariga qaramasdan o‘qishga qabul qilish imkonini berishi kerak.

Foto: The New York Times

Blumbergning aniqlik kiritishicha, Amerikadagi ko‘pgina oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari abituriyent o‘qish uchun pul to‘lay olishiga e'tibor qaratadi. «Kam ta'minlangan yoki o‘rta darajadagi daromadli oilalar farzandlariga ko‘p holatlarda rad javobi berilib, bunda o‘rinlar yuqori daromadli oilalar bolalariga saqlab qolinadi», - deyiladi uning maqolasida.

The Wall Street Journal Blumbergning xayriyasini o‘quv muassasalari tarixidagi eng kattasi, deb atadi.

Ma'lumot uchun, Jon Xopkins universiteti 1876 yilda tashkil etilgan Merilenddagi xususiy universitet bo‘lib, AQShdagi birinchi tadqiqot maskani sanaladi. Nobel mukofoti laureatiga aylangan 37 shaxs u bilan bog‘langan.

Blumberg 60-yillarda Jon Xopkins universitetida o‘qib, ta'limga talabalik krediti yordamida pul to‘lagan. 80-yillarda u dunyodagi eng yetakchi moliyaviy axborot agentligiga aylangan Bloomberg kompaniyasini tashkil qildi. 2002-2013 yillarda Blumberg Nyu-York meri lavozimida ishlagan. 

Mavzuga oid