Jamiyat | 12:46 / 19.11.2018
55385
10 daqiqa o‘qiladi

“Hokim kelib qishloqni obod qilamiz dedi, biroq...” Bolalarning bog‘chasiz qolayotganiga qaysi tashkilot aybdor?

KUN.UZ tahririyatiga kelib tushgan murojaatlarning yana biri Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumanining chekka bir hududida joylashgan Bahoriston qishlog‘idan yuborilgan edi.

Murojaat mazmuni «Obod mahalla va qishloq» dasturi bilan bog‘liq. Ya'ni, ushbu chekka qishloqda dastur bo‘yicha chala qilingan ishlar, to‘g‘rirog‘i, umuman qilinmayotgan ishlar bisyor ekan. Muammoni borib o‘rganishga qaror qildik va ijodiy guruhimiz bilan Bahoriston tomon yo‘lga tushdik.

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

Youtube'da ko‘rish

Murojaat mualliflaridan bo‘lib o‘tgan voqelikni tushuntirib berishlarini so‘radik. Avvaliga bizni qishloq faollari va mo‘ysafidlari kutib olishdi. Ammo ko‘p o‘tmay atrofimizda aholi yig‘ila boshladi. Birin-ketin kamchiliklarni so‘zlab ketishdi. Ma'lum bo‘lishicha, bu qishloq obod bo‘lishi uchun hal etilishi lozim muammolar qalashib yotgan ekan.

«Mart oyida tuman hokimi keldi. Hammani yig‘ib, majlis o‘tkazdi. Sentyabrgacha qurib bitkazib, xalqqa topshiramiz dedi. Drenajlaringizni qilib beramiz, chiroq simyog‘ochlarini almashtiramiz, deyishdi. Lekin hech kimga loyihani ko‘rsatishmadi. Obodonlashtirish ishlari iyun oylarida boshlandi. Bolalar bog‘chasini buzish, ambulatoriyani ta'mirlash ishlari - boshida hammasi yaxshi ketayotgan edi. Ammo biroz vaqt o‘tib, to‘xtab qoldi. Bog‘cha buzilishga buzildi, shu bo‘yi qoldi. Poydevor ham qurilish tugul, chiqindilar hali turibdi. Yaqin orada boshqa bog‘cha yo‘q. 10-15 km narida bog‘cha bor, lekin u Xovos tumaniga qaraydi. Bizni bolalarni olmaydi. Ambulatoriya qurilishi ham to‘xtab turibdi. Qishlog‘imizdan boshqa joydagi shifoxonalarda bizni kasallarimizni ko‘rishmaydi ham. Ilojimiz yo‘q deb Gulistonga boramiz, 50 km uzoqlikka», — deydi nafaqadagi mo‘ysafid Mamadali Hazratqulov.

Qishloqning sodda halqi dasturga tushganligini eshitib do‘ppisini osmonga otgan. Bu yerdagi bog‘cha buzilib keyin shu ahvolda qolib ketishini, QVPni (qishloq vrachlik punkti) ta'mirlash ishlari chala qolib ketishini, o‘lda-jo‘lda bo‘lgan asfaltlash ishlari bo‘lishini ular qayoqdan bilsin.

«Bu bog‘chani hozirga qadar buzib, materiallarini tashib ketishmoqda. Lekin qurishdan darak yo‘q. Ayollarimiz paxta terimga chiqib, 1-2 so‘m pul qilishardi. Hozir qishloqdagi ko‘pchilik ayollar ishlariga ham chiqa olishmayapti. Sababi, bolalarga qaraydigan odam yo‘q. Bizga o‘xshagan keksalari bor xonadonlar-ku, mayli. Qolganlar-chi?.. 1 dekabrga qadar bu bog‘chani qurib topshirilishi aytilgandi. Mana noyabr ham keldi. Hali poydevori qurilmagan. Endi qishda qurilish qilib bo‘ladimi?», — deydi Ostonaqul Eshboyev hafsalasi pir bo‘lganini yashirmay.

«Bu bog‘cha juda uzoq davrdan beri ishlab kelardi. Bu yerda tarbiya olgan farzandlarimiz 40 ga kiryapti», — deya kuyunib gapirdi Muhabbat aya Abdualiyeva.

«Ba'zi ayollar ishga chiqishgan edi, farzandlarining qo‘li yoki oyog‘i sindi. Ular qarovsiz qoldi-da axir. Birovga biron narsa bo‘lsa, ambulatoriyamiz bir ahvolda... Ko‘rib yig‘lagisi keladi odamni. Yoz bo‘yi amallashdi, ayvonda o‘tirib kasallarni qabul qilishdi. Buyog‘i qish kelyapti. Tez yordamdagilar ishlashayotgan joyni ko‘rib bechoralarga iching achiydi. Oq xalat kiyib yuradiganlarga bunaqa sharoit to‘g‘ri kelmaydi-ku», — deydi Nazira Rustamova.

Aholiga aytilgan 1 dekabr ham kelmoqda. Hali poydevor qurilmagan. Bog‘cha, ambulatoriya, tez yordam holati «obod» deydigan holatda emas. Aholining so‘zlariga ko‘ra, dastur bo‘yicha aytilgan asfaltlash ishlari chala qolgan ekan. Ozroq joyni ta'mirlagan bo‘lishdi, keyin ularni qorasini ham ko‘rmadik. 1976 yilda qurilgan yo‘llardan foydalanamiz, deydi qishloq ahli.

Bundan tashqari, qishloqning eng og‘riqli nuqtasi ichimlik suvi ekan. Avvallari, bu hududga to‘ppa-to‘g‘ri Zomindan ichimlik suvi kelgan bo‘lib, qishloq shu suvdan iste'mol qilib kelgan. Hozirda bu ichimlik suvi quvurlari kesib ketilgan. Aholiga 3-4 kunda bir Bek klasteri suv berib turar ekan. Yaxshisini oshirib, yomonini yashirib yuruvchi xalqimiz noshukrlikni suymaydi. Shunisiga ham shukr, ozroq bo‘lsa ham suv beriladi, deydi. Suv yetmay qolsa, ariqdan ichishar ekan. Ariqning holatini ko‘rib yoqamizni ushladik. Odamlarning so‘zlariga ko‘ra, bu ariqdan chorva mollari ham kelib ichishadi, hatto ba'zan hayvon o‘liklari ham oqib keladi. Zorimiz bor-u, zo‘rimiz yo‘q. Bu joylarda boshqa qayerdan ham suv topilardi, deya aholi yelkasini qisib ketaverdi.

Barcha shikoyatlarni eshitib bo‘lgach, tuman hokimiyati tomon yo‘l oldik. Qarshimizda oz emas, ko‘p emas 40 km ga yaqin masofa bor edi. Bir amallab hokimiyatni ham topib keldik. Bizni bu yerda hokim yordamchisi Xayrulla Norjigitov kutib oldi. Xayrulla akadan hokim bilan uchrashishimiz kerakligini so‘radik. «Hokim paxtada», — degan javobni oldik.

Shundan so‘ng, mas'ul mansabdorlar bilan savol-javob boshlandi. Dastlab, bog‘cha qurilishini bo‘yniga olgan shaxs «Tonggi yulduzchalar» MChJ rahbari Sanjar Haydarovning ushbu masala yuzasidan fikrini tingladik. Quruvchi ham o‘z dardini to‘kib soldi:

Sanjar Haydarov

«Obod mahalla» dasturiga biz ham o‘z hissamizni qo‘shaylik deb bu ishga qo‘l urgan edik. Hokim buvaga taklif kiritganmiz, hamma hujjatlarni tayyorladik. Bizda faqat maktabgacha ta'lim vazirligi bilan bitim tuzish qolmoqda. Bu bo‘yicha Respublikadagi boshliqlarga ham borib keldim. Ertaga kelasan, indinga kelasan, deyishmoqda. Bu hujjatsiz qurilishni boshlay olmayman. Viloyat hokimi o‘rinbosariga ham bordim. Ular ham kelib ko‘rishdi. Bizda bitta muammo – bitim. Shuni hal qilsak bo‘ldi, ishni boshlaymiz».

Bog‘cha masalasida vakolat doirasida mas'ul idora, tuman maktabgacha ta'lim muassasalari bo‘limi rahbari Eldor O‘rolovdan muammo haqida tushuntirish oldik.

Eldor O‘rolov

«Bu joyga oldin ham borganman, haqiqatan muammo bor. Bu sobiq 16-bolalar bog‘chasi hisoblanadi. Hokimiyat balansiga o‘tganidan so‘ng, tadbirkorga bergan. Tadbirkor ishni boshlashi uchun faqat shu bitim qolyapti. Bitim menga bog‘liq narsa emas. Bizning darajamizda qilinadigan ishlar bajarilib bo‘lingan. Masala faqat vazirlik doirasida hal etiladi. Men hozir shuni bilamanki, hududga bog‘cha juda zarur. 260 nafar 3 yoshdan 7 yoshgacha bolalar mavjud. Bu juda katta muammo. Shu sababli, hozir shaxsan o‘zim maktablardan xona so‘rab yuribman. Hokim nomiga ham xat bilan chiqqanman. Boshqa joylarga ham bog‘chalar zarur. 100 dan ortiq navbatlar bor», — dedi mas'ul shaxs.

Shundan so‘ng, tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari, To‘ychiboy Jangirov va salomatlik bo‘limi shifokori Komiljon Tog‘ayev bilan holat haqida suhbatlashdik.

To‘ychiboy Jangirov

«Bahoriston bilan tuman markazining orasi kamida 40 km. Bu oraliqda boshqa tibbiy yordam punkti yo‘q. Hududdagi ambulatoriya masalasi katta muammoga aylandi. Boshlig‘imiz yaqinda bu mavzuni ko‘tardi. O‘sha joy mukammal ta'mirlashga tushgan. Sentyabrda bitishi kerak edi. Prokuraturaga bu bo‘yicha ma'lumot yozildi. Qurilish firmasi ishni boshlagan, lekin tugatmay ketib qolgan», — dedi To‘ychiboy Jangirov.

Bu masalada mas'ul idoralardan yana biri, Sirdaryo viloyat Yagona buyurtmachi xizmati injiniring xizmati kompaniyasi rahbari Alisher Sangirov bilan bog‘landik. Viloyatdagi qurilish ishlari bo‘yicha vakolatli shaxs bo‘lganligi sababli qishloq ambulatoriyasi masalasida savolga tutdik.

Alisher Sangirov

«Bu qurilish bilan avval boshida biz emas, sog‘liqni saqlashdagilar shug‘ullangan. Buyurtmachi ular bo‘lishgan. Keyin bizga o‘tdi. 15 ta maktab, 10 ta QVP (qishloq vrachlik punkti) qurilib topshirib bo‘lingan deyarli. Bitta shu quruvchi bizga muammo bo‘lmoqda. 100 millionlik loyiha xolos. Milliard so‘mlik loyihalar topshirilmoqda. Faqat shu quruvchini topib bo‘lmaydi. 3-4 haftadan beri izsiz yo‘q. Prokuraturaga berganman, ish ochiladi hali unga», — dedi asabiy holda.

Shifoxona quruvchisi izsiz yo‘qolgan, bog‘cha bo‘yicha esa vazirlik bitim masalasida muammo qilmoqda. Puxta qilinmagan, rejasiz ishlar kasriga bir qishloq aziyat chekmoqda. Qishloq ham kichik emas, taxminan 780 xonadon, 4200 fuqaro, 250 dan ortiq malakali pedagoglar tarbiyasiga muhtoj bolalar istiqomat qiladi. Safarimiz so‘ngida Mirzaobod tumani ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosaridan masalani tez hal etilishi bo‘yicha va'da oldik.

Muammo tez orada hal etilishi, Bahoriston qishlog‘i ham chindan obod bo‘lishini umid qilib, ortga qaytdik.

MUXBIR: BAXODIR AHMeDOV
OPeRATOR: FAZLIDDIN ABDUQODIROV

Mavzuga oid