Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Obuna - O, bu nadur-2? Yoxud tanganing ikkinchi tomoni
Tanganing ikkinchi tomoni ham bor!
Mazkur nomdagi avvalgi maqolani yozguncha aslida uzoq o‘ylaganman. Yozsammi, yozmasammi, degan ikkilanishlar bo‘lgan. Yozib bo‘lganimdan keyin ham ko‘p ikkilandim — e'lon qilsammi, yo‘qmi, deb. Orada tahrir qildim, ayrim «ehtiros»larni jilovladim. Oxiri, e'lon qilish kerak, degan qarorga keldim...
Maqola atrofida bildirilgan xolis va noxolis fikrlar, munosabatlarni to‘la-to‘kis kuzatolmadim. «Telegram», «Instagram» va boshqalarda fikr bildirgan og‘aynilarimizni, aka-yu opalarimizni eshitdim. Ustozlardan qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi — yomon yozmaganimni, muhimi, nimaningdir ilinjida yaltoqilik qilmaganimni aytib, ruhlantirishdi. Ba'zilar maqolani o‘qib: «Bu bola haliyam «Ma’rifat»da ishlayaptimi?», deb so‘rabdi («Nega haligacha bo‘shatilmadi?» demoqchi bo‘lgandir...). Biroq men barcha so‘zimni «egrilik» yoki «befahmlik» emas, chinakam vijdon amri bilan yozdim. Meni tushunmaganlar borligi, ayrimlar tushunib tushunmaganlikka olayotganidan xafa emasman.
«Og‘ir artilleriya»ning omadi nimada?
«Gazetalar yo‘q bo‘lib ketadi» yoki «Gazetalar yashashga haqli emas» degan fikrni aslo yoqlamayman. Gazeta shunday o‘lmas vositaki, uning o‘rnini internetdan zo‘ri paydo bo‘lsa ham — bosolmaydi. Boisi jahon tajribasidan ayon, har tomonlama pishiq, puxta va keng tahlil etilgan materiallar aynan bosma nashrlarda e'lon qilinadi. Buning yagona sababi — nashrlarda internet, teleradiokanallarga qaraganda, tahlil uchun, obektni chuqur o‘rganish uchun VAQT ko‘p. Shuningdek, oldinda ketayotgan zamonaviy, tezkor axborot vositalari, masalan, — «havo kuchlari» — internet saytlari, «piyoda qo‘shin» — radiokanallar va «o‘qchilar» — TV kanallari «axborot jangi» borayotgan ulkan maydonda o‘q qayerdan uchib kelishi-yu, qayer xavfsiz ekanini orqaroqda yuradigan «og‘ir artilleriya» — bosma nashrlarga bildirib qo‘yadi. Bizda ularga qarab xulosa qilishga vaqt ham, imkon ham bor. Shu jihatdan nashrlarning omadi chopgan.
Aks holda, «TASS», «Lenta», «Reyter» kabi yirik agentlik maqomidagi ilg‘or internet saytlari «Marca», «Times», «Mirror», «The Wall Street Journal», «Daily Mail», «The Sun», «AiF» singari nashrlardan maqola «qarz» olib yurmasdi. Faqat buning uchun o‘sha kungi maqolada tilga olingan jihatlar bizning tahririyatlardagi har bir xodimni o‘ylantirishi kerak. Bu uchta narsa: professionalizm, jasorat va pozitsiya.
Nega gazeta o‘qish kerak?
Qiziq-da, internet saytlarida bir kunda o‘nlab turli mavzudagi xabarlar ketma-ket nashr etilaveradi. Tabiiyki, odamlar ikkinchi xabarni o‘qiyotganda birinchisini unutadi va uchinchisi e'lon qilinishini kutadi. Eh-hey, shu ketishda 24 soat ichida hatto yuzta xabar o‘qishingiz mumkin. Yuzta!
Gazetada o‘sha xabarning 5-6tasini ko‘rasiz. Nega? Bu aslo qoniqarsiz holat emas. Chunki gazetada eng ko‘p muhokama bo‘lgan, eng ko‘p odamni qiziqtirgan va mentalitetga yaqin (yoki nomuvofiq bo‘lmagan) xabarni mutolaa qilasiz. Bu, sodda qilib aytganda, «filtrlangan» xabarlardir.
Internet saytlarida e'lon qilingan xabar yoki sharh (kam, lekin bor) borasida fikrlar xilma-xilligi, inglizcha, ruscha va boshqa tillardagi kommentlarni ko‘rasiz va bir mavzu atrofida turli millatga mansub odamlarning o‘y-xayoli, dunyoqarashi qanday degan savolga javob olasiz. Saytlarni ommalashtirayotgan jihatlardan biri shu — tilingizga kelganini ba'zan o‘ylab, ba'zan mag‘zini chaqmay yozib, bemalol «fikrlar tasmasi»ga joylashtiraverasiz. Birov mushugingizni «pisht» demaydi. Albatta, bu cheksiz erkinlik degani emas. Farangchasiga aytganda «erkinlikning burun uchiga kelib taqalgan» holatida u ham aks reaksiya beradi. U yog‘iga qonunlar ishga tushadi va sizni jazolaydi!
Nashrlarda esa muayyan (xos) auditoriya bor. Unda ziyolilar 60 foizdan kam emas. Va o‘sha 60 foizning ham 70 foizini katta yoshdagi fuqarolar tashkil etadi. Demak, uning sahifalaridagi materiallar tosh bosadigan, vazmin, ziyolilar o‘qib ijirg‘anmaydigan bo‘lishi kerak. Ziyolilar o‘qib ma'no topishi uchun tahririyatda ham ziyoli odamlar ishlashi kerak. Shunday muhitni bugun juda kam — sanoqli nashrlarda ko‘rish mumkin.
Yana bir masala. Agar gazetalar chindan ham ma'naviy ozuqa berishi kerak, desak, gazeta o‘qimagan odam kitob ham o‘qimaydi, deya yondashsak, bundan chiqdi, bizning mehnatimiz tufayli birgina gazeta emas, kitoblar savdosi, kitoblarga munosabat ham shakllanar ekan. Odamlarni gazetaga qaytarsak, demak, kitoblar olamiga ham qaytarar ekanmiz. Bu katta iqrorlik, juda chuqur muammo.
Gazeta egasiga (o‘z vaqtida) yetib borsa...
Maqolam Kun.uz saytida e'lon qilingach, bir necha pedagog bilan suhbatlashdim. Ayrimlari o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, «Dilimizdagini yozibsiz, rahmat», dedi. Va aksariyati o‘z mulohazalarini ham o‘rtoqlashdi. Masalan, Ilhom degan o‘qituvchi ukam: «Biz «Xalq so‘zi»ga, «Toshkent haqiqati», o‘zimizning soha nashri — «Ma’rifat»ga jon deb a'zo bo‘lamiz. Yana «Oila davrasida» va «Jamiyat» kabi nashrlarga ham befarq emasmiz. Chunki bugungi davr ziyolilari mazkur nashrlarni o‘qimay, darsga kirishi mumkin emas. Ilg‘or internet saytlari va boshqa o‘quv qo‘llanmalari o‘z yo‘liga. Buni to‘g‘ri tushunish va qabul qilish kerak. Biroq ularga «qo‘shimcha» tarzda yana o‘nga yaqin nashrlarga ham obuna bo‘lishdan charchaganmiz...». Xuddi shunga o‘xshash gapni tanish shifokorlar va hokimlik idoralarida mehnat qilayotganlardan ham eshitdik.
Odamlar obunaga, garchi nashrlarimizning mazmun mundarijasi, materiallar saviyasi va holati maqtanarli bo‘lmasa ham, «Yo‘q» demayapti. Shunga quvondim. Bu juda muhim. Odam ovqat yemay, yetti kungacha yashashi mumkin ekan, lekin ongsiz, uquvsiz bir lahzayam yasholmaydi. Axir suvdan sirka(zahar)ni farqlash uchun ong kerakmi? Axborot asrida xabarsiz millisoniya turib bo‘lmaydi. Faqat xaridor yoki mijoz emas, balki bir ziyoli inson sifatida obuna tashkilotchilaridan insof tilayapti. «Nega bir mavsumda mashina olib, hovli ko‘tarib, asosiy ishi — gazeta tarqatishni (mayli, kechikib bo‘lsa ham) butkul unutuvchi ba'zi matbuot tarqatuvchilarni, yana bizga aloqasi bo‘lmagan nashrlarni (egalarini) va ayrim zo‘ravon amaldorlarni faqirlikdan, bankrotlikdan, xoru zorlikdan, qamalib ketishdan asrab qolishimiz kerak?», deyapti ular.
Aynan shularning kasriga matbuotning bor obro‘si ham tushmayaptimikin? Lekin hamma ham ziyoli emas, tahririyat ishi gazeta nashriyotga yetkazilishi bilan tugashini va u to mushtariylar qo‘liga yetib borgunicha bir necha, masalan, obuna uyushtiruvchi, noshir, matbuot tarqatuvchi kabi «vositachi»lardan o‘tishini bilmaydigan odamlar ham bor. Ha, gazetalar o‘lmaydi, agar shunday bo‘lgan taqdirda ham unga o‘sha «vositachi»lar sabab bo‘ladi.
Afsuski, aldanayotganlar bor...
Bundan bir necha oy oldin ishxonamizga o‘qituvchi do‘stimiz kelib qoldi. U gazetalar taxlamini kuzatarkan, ko‘zlari katta-katta ochilib: «Ey, haftada ikki marta chiqadimi bu?», desa, bir kulgim, bir yig‘lagim keldi. Qarang, yosh, ko‘zi bugungi davr nafasidan yonib turgan pedagog «Ma’rifat» gazetasi haftada ikki marta chop etilishini bilmas ekan. Chunki unga haftada bitta gazeta kelar yoki ikkinchi haftada ikkita sonini «bitta» qilib olarkan. Qizig‘i, «Xalq so‘zi»dek nashr haftada 5 marta chop etilishini ham bilmas ekan. Undan ham bittasini olarkan, xolos. Bunday o‘qituvchilar safi yurtimizda oz emasligiga yuz foiz aminman. Keyin telefonda gaplashdim — matbuot tarqatuvchiga borib aytibdi — ular o‘shandan beri «o‘g‘irlik» qilmayotgan ekan.
Ehtimol avvallari obuna jarayoniga o‘qituvchilar aralashtirilmagani shunday «tushunmovchilik»larga sabab bo‘lgandir. Axir maktab direktori buyrug‘i bilan o‘qituvchi oyligidan obuna uchun pul ushlab qolinib, o‘qituvchilar hech narsadan bexabar sinfda darsini o‘tib yuravergan-da.
Taklifim shuki, bir zamonlardagi pochtaga o‘xshamagan, mukammal tuzilma yaratish kerak. Bunday tekinxo‘r «matbuot tarqatuvchi»lardan voz kechib, xuddi Majburiy Ijro Byurosi (MIB)ga o‘xshash halol, qat'iy, tanish-bilish, quda-anda, yuzing-ko‘zing deb o‘tirmaydigan tizim yaratish lozim. Toki u birovning ma'naviy mulki, peshona teri evaziga oldindan pulini to‘lab qo‘ygan bosma nashrlarni sohibiga (o‘z vaqtida) yetkazsin. Toki ularni deb tahririyatlar obro‘si tushmasin. Bu borada kichik kamchiliklar kuzatilsa, ayab o‘tirmasin xuddi ta'lim vaziri Bekobod RayONOsi boshlig‘ini ayab o‘tirmaganidek...
Hammasi bir-biriga bog‘liq
Keyingi yillarda yurtimizda gazetalarni obuna qilish va tarqatishda ishtirok etadigan mas'uliyati cheklangan jamiyatlar paydo bo‘lgan va suvarakdek ko‘payib ketgan. Bular ayni kez qishloqlarda «dalniy»ga meva-cheva olib boradigan furalar egasi bilan mahalliy dehqon o‘rtasida turadigan «posrednik»larning o‘zginasi. Gap-so‘zi ham, ishi ham, oxirida qiyratib aldab, bechora dehqonning puliga ayshu ishrat qilib, o‘ynab yurishi ham aynan bir xil. Ish sudlashishgacha boradi.
Odamlar gazetalarga obuna bo‘ladi, lekin ularning puli tahririyat hisob raqamiga ha deganda kelib tushavermaydi, natijada xodimlar oyligini vaqtida ololmaydi — kayfiyatga ta'sir etadi. Kayfiyat ish sifatiga, ko‘lamiga soya soladi. Xodimlar bir oy, ikki oy fidoyilik qilishi mumkin, keyin yuzaki yozishga, shunchaki ishlashga o‘tadi... Bunday holatda qanday qilib sifatli gazeta chop etish mumkin? Bu «sahna ortidagi ishlar»dan bexabar mushtariylarga yoqmaydi. Ular o‘rtada obuna tashkil etuvchilar pulni «tuya» qilib, qochib yurganini xayoliga ham keltirmaydi. Va bizni yomon ko‘radi — «Tamom, keyingi yil gazetaga yozilmayman!», deydi.
Ehtimol obuna masalasida bunday qallobliklar takrorlanmasligi uchun tahririyat hisob raqamiga mushtariylarning puli to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushishini tashkil etish kerakdir? Masalan, Farg‘ona shahridagi 12-maktab o‘qituvchisi o‘zi istagan nashrga obuna bo‘lsa va yarim yil yoki bir yillik (hatto turli bonuslar bilan 2-3 yillik) obunaga pulni tahririyatning hisob raqamiga tushirsa, buni o‘sha joyning o‘zida MIBga o‘xshagan tashkilotning hududiy bo‘limlari rasmiylashtirsa. Albatta, bu mexanizmni yaratishda o‘tkir moliyachilar, bankirlar shug‘ullansa, nur ustiga nur bo‘lardi?
Kattalar o‘rnak bo‘lishi kerak
Parij shahrida 8 million eski gazeta va jurnallar saqlanadigan dunyodagi yagona joy — «La Galcante» muzeyi bor. Shuningdek, hozirda chop etilayotgan eng sara gazetalar nashrdan chiqishi bilan muzeyga keltiriladi. Uning fransuzlarni gazetalarga oshno etishdagi roli katta. Hatto bir yili puldan qiynalgan paytda muzeyga odamlar va Parij hokimi shaxsan ko‘mak bergani e'tiborli.
Aytmoqchi bo‘lganim shuki, bizda ham har bir oilada gazeta o‘qishni an'anaga aylantirish kerak. Balki Toshkentda matbuot muzeyini tashkil etish kerakdir. Unda o‘tgan asr boshida chop etilgan noyob gazeta va jurnallar, byulletenlardan to bugunga qadar muvaffaqiyatli ishlayotgan nashrlar hayoti aks etgan burchaklar, mashhur jurnalistlar burchaklari, gazeta chop etishda ishlatilgan stanoklar xronologiyasi, «Oltin qalam» sohiblarining eng sara asari asl nusxasi va boshqa yuzlab qiziqarli eksponatlar joylashtiriladi.
Keyin aynan maktab o‘quvchilari ko‘proq shu muzeyga olib kelinsa. Ular moziygohni tomosha qilsa, gid nuktadonlik ila gazeta nima, jurnal nima — bolalar shuuriga joylasa. Tarix va kelajak bog‘lansa. Maktablarda axborot soatlari tashkil etilib, gazetalar sharhiga ham e'tibor berilsa. Zora, yoshlar bir lahza smartfonlardan boshini ko‘tarib, atrofga nazar tashlarmidi?
Ammo hammasi kattalarning yoshlarga e'tibori, g‘amxo‘rligiga borib taqaladi. Yoshlarga taqiq emas, o‘rnak kerak. Kattalar kichiklarga nasihat bergani yaxshi, lekin o‘sha nasihatni o‘zi misolida ko‘rsatib bergani undan ham yaxshi. Axir internet saytini tushunmaydigan, gazeta o‘qimaydigan, televizorda axboriy dasturlarni kuzatmaydigan kattalardan yoshlar qanday namuna olsin?
Xulosa
Bu mavzuda mulohazalar, muhokamalar joylarda, OAVda hali uzoq davom etadi. Lekin quruq gapdan ne foyda? Bu borada davlat nashrlariga xalqning ham, davlatning ham, kerak bo‘lsa, raqobatchi zamonaviy nashrlarning ham xayrixohligi, qo‘llab-quvvatlovi zarur. Zero, bu xayrixohliklar allaqachon boshlanib ham ketgan.
Darvoqe, talabalik paytimda rus faylasufi P.Chaadayevni faqat bir gapi uchun eslab qolganman: «Men Vatanimni tanqid qilishim mumkin, xafa qilishim mumkin, hatto kamsitishim mumkin — biroq aldamayman», degandi u. Zo‘r gap. Gazeta tahririyati — men uchun ikkinchi uy. Hatto ishxonada uyimdan ko‘proq bo‘laman. Shunday ekan, uni qaysidir ma'noda «vatan» deyishimga haqqim bor. Balki uni tanqid qilgandurman, kamsitgandurman, lekin aldamadim, aldamayman ham...
Zohidjon OLOV
Mavzuga oid
22:05 / 17.03.2025
Yoshlar yetakchilari “Ibrat Academy” ilovasining pulli versiyasini sotib olishga majburlangani aytildi. Agentlik buni rad etdi
18:52 / 20.11.2023
Bog‘dod tumani hokimi o‘rinbosari obuna rejasini bajarmagan kollej direktorini kaltakladi
08:28 / 04.11.2023
Sud tizimi xodimlari majburiy obunaga tortilmoqda
22:42 / 01.12.2022