Jamiyat | 12:09 / 20.11.2018
30055
4 daqiqa o‘qiladi

Shifokorlar sovuqqonligimi?! Sergelida chaqaloq emlanganidan keyin vafot etdi

Foto: Fotolia

Toshkent shahar prokuraturasiga fuqaro X.E.ning Sergeli tuman 10-sonli oilaviy poliklinika va 3-sonli shahar bolalar klinik shifoxonasi (ShBKSh) xodimlarining harakatlaridan norozi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Xalq qabulxonasi orqali yo‘llagan murojaatida farzandi R.X.ga 10-sonli OP shifokorlari tomonidan noto‘g‘ri emlash jarayoni o‘tkazilganligi, so‘ng 3-sonli ShBKSh xodimlari yetarlicha muolajalar olib borishmaganligi natijasida vafot etganligi ko‘rsatilgan.

Bosh prokuraturaning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, 2018 yil 24 avgust kuni 10-sonli OP shifokori N.R. tomonidan R.X. ko‘rikdan o‘tkazilib, bola V1 OPV 2 tom ser 598+V1 PNeVMO 0,5 ser 73692’ga emlangan. Shu bilan soat 19:00larda bolaning tana harorati ko‘tarilgan va hamshira tavsiyasi bilan bolaga tsefekon svecha qo‘yilgan.

2018 yil 26 avgust kuni soat 11:00larda bolaning tana harorati 38,5 darajaga ko‘tarilgan va tez yordam avtomashinasida R.X. 3-sonli ShBKShga olib kelingan. U yerda shifokor-nevropatolog Sh.N. bolani ko‘rganidan so‘ng, R.X.ga “talvasa sindromi, samotogen asoslangan, bosh miya shishi xavfi” tashxisi qo‘yilgan va kerakli davolash choralari ko‘rilgan.

2018 yil 27 avgust kuni soat 20:00larda R.X.ning umumiy ahvoli keskin og‘irlashganligi, ya'ni intoksikatsiya belgilari kuchayganligi, taxipnoe, taxikardiya, nevrologik simptomlar va ichak parezi kuchayganligi sababli sun'iy o‘pka ventilyatsiya apparatiga ulangan.

28 avgustda 3-sonli ShBKSh maslahatga Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi shifokorlari taklif etilganida, ular tomonidan  bemorni davolashni RShTYoIMda davom ettirish tavsiya etilgan hamda soat 19:30larda R.X. RShTYoIM toksikologiya reanimatsiyasiga o‘tkazilgan va choralarga qaramay soat 24:00larda biologik o‘lim qayd etilgan.

STEning 152-K-sonli komissiyaviy xulosasiga ko‘ra, R.X. 3-sonli ShKBShda soat 13:20larda nevropatolog ko‘rigida ahvoli og‘ir deb baholangani, vaholanki bemor shifoxonaga soat 13:30larda olib kelinganligi, navbatchi shifokorlar tomonidan bemor har 6 soatda ko‘rilgani, bunday holatlarda har 3 soatda ko‘rilishi lozimligi, navbatchi shifokor kundalik yozuvlarida nafas harakatlari soni va qon bosimi ko‘rsatkichlari bir xil ko‘rsatilgan daqiqaga “44 ta hamda 80/50 mm sim ust.” deb ko‘rsatilganligi, bu ma'lumotlar bir-biridan ko‘chirib yozilganidan dalolat berishi, reanimatsiya bo‘limida ikki kunda ham asosiy klinik tashxis chiqarilmaganligi, laborator analizlar interpritatsiyasi yo‘qligi sababli,davo muolajalarining korrektsiya qilinmaganligi, vrachlar konsiliumi juda kech (3 sutkada) chaqirilganligi, bu o‘z navbatida kasallikning og‘irlashuviga olib kelganligi, agar bemorda kasallik dinamikasi o‘z vaqtida to‘g‘ri baholanib, o‘z vaqtida klinik diagnoz to‘liq qo‘yilib, tegishli tibbiy muolajalar o‘tkazilganida uning hayotini saqlab qolish imkoniyati bo‘lishi mumkinligi aniqlangan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, 3-sonli shahar bolalar klinik shifoxonasi shifokorlari o‘z kasbiga nisbatan beparvolik yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi, kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida fuqaro R.X.ning o‘limiga sababchi bo‘lganliklari qayd etilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2018 yil 17 noyabr kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Uchtepa tuman prokuraturasiga yuborilgan. Mazkur jinoyat ishi tergovi Bosh prokuratura nazoratiga olingan.

Mavzuga oid