O‘zbekiston | 12:30 / 20.11.2018
11533
4 daqiqa o‘qiladi

Soliq kodeksining maxsus qismi muhokamaga taqdim etildi

Foto: Norma

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi Maxsus qismining dastlabki varianti e'lon qilindi. Umumiy qism ustidagi ish yakuniga yetkazilmoqda, u 2018 yil 1 dekabrgacha taqdim etiladi, deb yozadi Norma.
 
Loyihada O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi asosiy qoidalari hisobga olingan:

• barcha tadbirkorlik sub'yektlari uchun yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etish;
• yillik aylanmasi (yalpi tushumi) 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun soliqni 4% miqdordagi bazaviy stavkadan kelib chiqib hisoblash va to‘lash tartibini hamda ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash imkoniyatini belgilash;
• jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasini joriy etish va fuqarolarning byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallarini bekor qilish;
• davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning aylanmasidan (yalpi tushumidan) undiriladigan majburiy ajratmalarni bekor qilish va b.
 
Bo‘limlar, boblar, qismlar, moddalar, bandlar va h.k. raqamlari hozircha saqlanib qoldi, barcha muhokama va tavsiyalardan so‘ng ularga tuzatish kiritiladi. E'lon qilingan loyihaga oid taklif va fikr-mulohazalar umumlashtirish va keyinchalik muhokama qilish uchun taxcode@mf.uz elektron manzilida qabul qilinadi.
 
Soliq kodeksining Umumiy qismi va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘limi ustidagi ish yakuniga yetkazilmoqda. Ular bilan 2018 yil 1 dekabrgacha tanishib chiqish mumkin bo‘ladi. O‘zaro aloqador shaxslarga soliq solish masalasini ishlab chiqish zarurligi sababli ish uzoq ko‘rilmoqda. O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish va tashqi iqtisodiy faoliyat jadallashishi sharoitida bunday bitimlar soni ortib borayotganligi bois bu alohida e'tiborni talab qiladi.
 
Umumiy qismda transfert narx belgilash masalalarini aks ettirish rejalashtirilmoqda, shu jumladan:

• nazorat qiluvchi xorijiy kompaniyalar va o‘zaro aloqador shaxslarni belgilash;
• «nozik kapitallashtirish» qoidalari;
• qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarga soliq solish xususiyatlari.
 
Shuningdek, transfert narx belgilash bo‘yicha alohida qonun loyihasi ishlab chiqildi. Soliq kodeksining yangi Umumiy qismi asosida Maxsus qismning ayrim boblariga, ayniqsa transfert narx belgilash va nazorat qiluvchi xorijiy kompaniyalar qismida qo‘shimcha ishlov beriladi.
 
Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘limi tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilmoqda. Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 1 yanvardan boshlab o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik aylanmasi (yalpi tushumi) 1 mlrd so‘mdan oshgan yoki yil davomida ushbu belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni, shu jumladan QQSni to‘lashga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
 
Bunda hozirgi vaqtda sotib olinadigan asosiy vositalar, qurilishi tugallanmagan obektlar va nomoddiy aktivlar narxiga kiritiladigan QQSni hisobga olish summalariga kiritish huquqini berish rejalashtirilmoqda. Ko‘p soliq to‘lovchilar – YaST to‘lovchilar QQS to‘lashga o‘tkazilishi munosabati bilan Soliq kodeksidagi ushbu masalaga doir qoidalar, shu jumladan mazkur soliqni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash ustida jiddiy ish olib borish zarur.

Mavzuga oid