O‘zbekiston | 13:50 / 20.11.2018
23889
11 daqiqa o‘qiladi

Tarixga qaytib: Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi qanday qabul qilingan edi?

Foto: Vice

2018 yil 10 dekabr kuni Umumjahon Inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganiga 70 yil to‘ladi. BMT Bosh Assambleyasining 3-sessiyasida qabul qilinib, tashkilotga a'zo barcha mamlakatlarga tavsiya mazmuniga ega bo‘lgan mazkur Deklaratsiya Yer sayyorasida yashayotgan insonlarning barchasiga birdek tegishli bo‘lgan huquqlarini ochiqlaydi. Bu hujjat dunyoning shu kungacha besh yuzdan ortiq tiliga tarjima qilingan bo‘lib, eng ko‘p tarjima qilingan hujjatdir. 30 moddadan iborat Deklaratsiya Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro qonunning tarkibiy qismi hisoblanadi.

Ta'kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yillardan Inson huquqlari va fuqarolar erkinliklarini ta'minlash borasida ayrim harakatlarni amalga oshirishga harakat qilib kelganiga qaramay, bu boradagi xalqaro reytinglarda hamon o‘z pozitsiyasini yaxshilay olgani yo‘q. Obro‘li huquq tashkilotlari, jumladan Human Rights Watch O‘zbekistonning hozirgi rahbariyati tomonidan inson huquq va erkinliklarini ta'minlash borasida ayrim ishlar amalga oshirilayotgani, biroq bu yetarli emasligi, inson huquqlarining himoya qilinishi bilan bog‘liq vaziyatni yanada yaxshilash uchun ko‘p ishlar qilinishi lozimligini ta'kidlamoqda.

Xo‘sh, Inson huquqlarini belgilab, izohlab, nimalardan iborat ekaniga oydinlik kirituvchi hujjat qanday qabul qilindi? Shunday deklaratsiyani ishlab chiqib, qabul qilishga nima turtki bo‘ldi? Umuman, mazkur deklaratsiyaga qanday ehtiyoj bor edi? Aslida, tug‘ilishidanoq hur tug‘iladigan har bir insonning huquqini dunyo miqyosida e'tirof etishga qanday zarurat bo‘lgandi?

Inson huquqlariga rioya qilinishi kun tartibiga chiqarilgan bugungi O‘zbekistonda Umumjahon Inson huquqlari deklaratsiyasini tarixini bilish foydadan xoli bo‘lmaydi, albatta.

1939-1945-yillar oralig‘idagi dahshatli voqealar, Ikkinchi jahon urushi vaqtida insoniyatga qarshi amalga oshirilgan qirg‘inlar insonning umume'tirof etilgan huquqlarini qayd qilish zarurligini ko‘rsatdi. 1941 yilda AQSh prezidenti Franklin Ruzvelt «Mamlakatdagi holat bo‘yicha murojaat»ida 4ta muhim erkinlik: so‘z erkinligi, vijdon erkinligi, ehtiyojdan erkinlik va qo‘rquvdan erkinlikni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Ayni shu narsa, tinchlik o‘rnatish va urush tugashiga imkon beradigan inson huquqlari rivojiga yangi turtki berdi.

Dunyo afkor ommasiga natsistlar Germaniyasining konslagerlarda sodir etgan jinoyatlari ma'lum bo‘lganida, BMT Nizomi inson huquqlarini kerakli darajada izohlab bera olmasligi, himoya qila olmasligi ayon bo‘lib qoldi. Shunga binoan Inson shaxsiyati huquqlarini birma-bir sanab beradigan umumiy shartnoma zarurati paydo bo‘ldi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining birinchi majlisi 1947 yil 27 yanvardan 10 fevralgacha Lake Success shaharchasida bo‘lib o‘tdi. AQShning o‘sha vaqtdagi birinchi xonimi Eleonora Ruzvelt komissiya raisligiga saylandi. Avstraliya, AQSh, Belgiya, BSSR (Belorussiya SSR), Buyuk Britaniya, Xitoy, Kuba, Misr, Hindiston, Eron, Liviya, Panama, Sobiq Sovetlar ittifoqi, Urugvay, Filippin, Fransiya, Chili, Yugoslaviya kabi davlatlar vakillari Huquqlar to‘g‘risida xalqaro qonun loyihasini ishlab chiqishlari kerak edi. Komissiya ishida BMT Kotibligi inson huquqlari bo‘yicha bo‘lim vakili, xalqaro huquq sohasida kanadalik mutaxassis Jon Hamfri ham qatnashdi.

Komissiya 18 kishidan iborat bo‘lgani hamda ularning har biri o‘z qarashlariga egaligi sababli Deklaratsiyaning qoralama matnini tayyorlash juda qiyin kechgan. Alaloqibat, qoralama matnini tayyorlashni Komissiyaning 3 a'zosiga ishonib topshirishga qaror qilinadi. Shunday qilib, Eleonora Ruzvelt, Xitoy vakili Chjan Penchun va livanlik diplomat hamda faylasuf Sharl Malikdan iborat Ishchi guruh Deklaratsiya matnini tajribali yurist Hamfriga ishonishdi.

Natijada kuchli va iqtidorli yordamchilarga ega bo‘lgan Hamfri Deklaratsiya matnining 48 moddadan iborat qoralama variantini tayyorlaydi. Bu vaqtga kelib, Ishchi guruh safini Yevropa hamda Sovet ittifoqi vakillari evaziga kengaytirishga qaror qilinadi.

1947 yil 9 iyunida Ishchi guruhning kengaytirilgan tarkibi o‘z ishini boshlaydi. Unga Ruzvelt xonim, Chjan Penchun, Malik va Hamfridan tashqari Avstraliya, Buyuk Britaniya, Chili va Sobiq ittifoq vakili ham kirdi.

Ta'kidlash o‘rinliki, Hamfri hujjatning dastlabki matnini tayyorlashda o‘sha vaqtdagi mavjud mamlakatlarning konstitutsiyalari, shu jumladan Buyuk Britaniyaning Erkinliklar buyuk xartiyasi, AQSh Mustaqillik deklaratsiyasi, Huquqlar to‘g‘risidagi qonun, Fransiya Inson va fuqaro deklaratsiyasi kabi hujjatlardan ham foydalangandi. Foydalanilgan manbalarning ko‘pligi, hujjatda insonning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy kabi keng huquqlari qamrab olinishiga imkon beradi.

Dastlabki loyiha muhokama qilinganidan so‘ng, Hamfri ishlab chiquvchilar tarkibini tuzishga qaror qildi. Bu safar Rene Kassen, Sharl Malik, Eleonora Ruzvelt va Uilson guruh a'zosi bo‘ladi. Loyihaning ikkinchi namunasini tayyorlash huquqshunos va yozuvchi Rene Kassenga ishonib topshiriladi. Kassen o‘ziga ishonib topshirilgan ishni 2 kunda muvaffaqiyat bilan uddalaydi. Uning vazifasi hujjat matniga aniq va tushunarli ko‘rinish, tuzilma berish edi. Hamfri qoralamasidan mantiqan bir-biriga bog‘langan hujjat paydo bo‘ladi.

Kassen loyihaga tuzilma ko‘rinishini berish uchun muqaddima yozishiga to‘g‘ri keldi. 6ta kirish moddasi qo‘shiladi. 32ta modda 8 guruhga taqsimlanadi. Bundan tashqari, hujjatni qo‘llashga doir ikkita yakuniy nizom ham qo‘shiladi.

Shunday qilib, Deklaratsiyaning 1-2-moddalari poydevor vazifasini bajarib, inson g‘ururi, ozodligi, tengligi va birodarligini qayd etgan. Muqaddimaning 7-xatboshisi Deklaratsiya qabul qilinishidan ko‘zlangan maqsadni va sabablarini e'lon qiladi. Hujjatning asosiy matni, ta'bir joiz bo‘lsa, uning 4ta ustunini tashkil etadi. 3-11-moddalardan iborat birinchi ustuni shaxsning yashash hamda qullikning taqiqlanishiga o‘xshash huquqlarini izohlaydi. 12-17-moddalardan iborat ikkinchi ustun shaxsning fuqarolik va siyosiy jamiyatdagi huquqlarini e'tirof etadi. Uchinchi ustun (18-21-moddalar) ma'naviy, jamoatchilik va siyosiy erkinliklar, xususan, diniy erkinlik va uyushmalarga a'zolik erkinligi kabilarni o‘z ichiga oldi. To‘rtinchi ustun esa, (22-27-modda) ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlarni belgilab beradi.

1947 yil 17 iyunida Kassen namunasi Ishchi guruhga havola qilindi. Qisman qayta ishlangan loyiha 1947 yil dekabrida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Jyenevada to‘plangan Komissiyasiga taqdim etildi. Sessiyada ko‘plab xalqaro tashkilotlar, jumladan Amerika mehnat federatsiyasi, Parlamentlararo ittifoq, Xalqaro qizil xoch jamiyati, Xalqaro ayollar kengashi kabilarning vakillari ham qatnashdi. E.Ruzveltning sa'y-harakatlari natijasi o‘laroq, Deklaratsiya loyihasi qisqa muddatda jiddiy muhokama qilinib, yagona to‘xtamga kelingan namunasi tasdiqlandi.

Foto: Eleonora Ruzvelt

Sessiyada ko‘rib chiqilgan eng muhim masalalardan biri - Deklaratsiyaga unda qayd qilingan qoidalarga amal qilinishini nazorat qilish imkonini beruvchi instrumentlarni qo‘shish masalasi bo‘ldi. Hindiston va Avstraliya vakillari busiz hujjat hech qanday yuridik kuchga ega bo‘lmasligi, uni buzgan kishi jazosiz qolishini ta'kidlashdi. Ular inson huquqlariga rioya qilmaganlikka doir javobgarlik bandini yo Deklaratsiyaning o‘ziga qo‘shishni yoki bu kabi holatlarni ko‘rib chiqadigan xalqaro tribunal tashkil etishni taklif qilishdi.

Shuningdek, endi tashkil etilgan davlatlar qarashlari yirik davlatlar nuqtai nazarlariga mos kelmadi. Sobiq mustamlakalar Deklaratsiyada inson huquqlarini ta'minlash borasida huquqiy asosni ko‘rishni istashar edi. Yirik davlatlar esa, haddan ortiq keskin qoidalar ularning jamiyatida birdamlik yo‘qolishiga zamin tug‘dirishidan xavotirda edi. Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, Deklaratsiyaning Geneva draft deb nomlangan uchinchi loyihasi tayyor bo‘ldi.

Komissiyaning 1948 yil may oyida Nyu-Yorkdagi majlisida ham hujjat loyihasini muhokama qilish davom etib, 18 iyunda yakunlandi. Loyiha 12ta «tasdiq», 0 «qarshi» va 3ta betaraf ovoz evaziga qabul qilindi. Deklaratsiyani tasdiqlash uchun ovoz bosqichma-bosqich tarzda o‘tdi. 31ta moddaning 23tasi bir ovozdan ma'qullandi. 3-modda esa, 2-modda tarkibiga kiritildi.

Inson huquqlari bo‘yicha umumiy deklaratsiyasi BMT Bosh Assambleyasining Fransiyaning Pale-de-Shayo qarorgohida bo‘lib o‘tgan 183-plenar majlisida o‘sha vaqtdagi BMTga a'zo 58 davlatdan 48tasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 1948 yil 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida Belorussiya SSR, Ukraina SSR, SSSR, Chexoslovakiya, Polsha, Yugoslaviya, Janubiy Afrika ittifoqi va Saudiya Arabistoni betaraf qolgan, Gonduras va Yaman ishtirok etmagan. Kanada Deklaratsiyani dastavval rad etgan bo‘lsa, keyinchalik uni tasdiqladi.

Sotsialistik lager davlatlari Deklaratsiyani erkin emigratsiya huquqini (inson va fuqarolarning mamlakatdan ko‘chib ketish huquqi) e'tirof etishni xohlamaganlari sabab rad etishdi. Janubiy Afrika ittifoqi va Kanada irqiy mazmunni ro‘kach qilishgan bo‘lsa, Saudiya Arabistoni dinga e'tiqod qilish erkinligi va nikoh tuzish erkinligi tan olinmagani sababli Deklaratsiyani rad etdi.

Avvalboshdanoq qayd etganimizdek, Deklaratsiya majburiy emas, balki tavsiyaviy maqomga ega. Biroq uning negizida xalqaro majburiy bo‘lgan ikkita hujjat qabul qilingan. Bular Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt. O‘zbekiston mazkur hujjatlarga 1995 yilda qo‘shilgan. O‘tgan yillar mobaynida Deklaratsiya odatdagi huquqiy me'yorlar maqomiga ega bo‘lgan bo‘lsa, ayrim davlatlar hamon uni qisman tan oladi.

1950 yili BMT Deklaratsiya qabul qilingani munosabati bilan 10 dekabrni Inson huquqlari nishonlanadigan kun sifatida belgiladi. Uni turli insonlar, jamiyatlar va diniy uyushmalar, parlamentlar, hukumatlar va albatta BMT ham ishonlaydi.

Internet ma'lumotlari asosida Tolib Rahmatov tayyorladi

Mavzuga oid