Grizman Urugvayni o‘zining ikkinchi vatani deb hisoblashi yangilik emas. U «Atletiko»dagi jamoadoshlari bilan qalin do‘stligi va ilk murabbiylari sababli uzoq Janubiy Amerika mamlakatini o‘ziga qadrdon deb biladi.
Antuan JCh-2018dagi o‘zaro o‘yin oldidan ham buni tasdiqlab, shunday degan edi:
«Urugvayning haqiqiy fanatimanmi? Ha, albatta. Bu jamoada o‘ynaydigan do‘stlarim ko‘p. Men hatto Diyego Godindan («Atletiko»dagi jamoadoshi – Tribuna) Kavanining futbolkasini olib berishni so‘ragandim va uni oldim ham. Qolaversa, WhatsApp`dagi akkauntimda ham Urugvayning bayrog‘i suratini joylaganman».
Mundial chorak finalidagi uchrashuv 2:0 hisobida fransuzlar foydasiga hal bo‘lgan, Grizmann ikkala golda ham ishtirok etgan edi (bitta to‘pni o‘zi kiritgan va yana samarali pas ham uzatgan). O‘sha o‘yinda u urgan golini ham nishonlamagan.
27 yoshli hujumchi mundial finalidan keyingi matbuot anjumanida yelkasiga Urugvay bayrog‘ini tashlagan holda ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, 20 noyabr kungi Fransiya – Urugvay o‘yini 1:0 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘ldi.