Jamiyat | 18:33 / 23.11.2018
3382
4 daqiqa o‘qiladi

“Yetakchilar yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlarning o‘ng qo‘li bo‘ladi”

Keyingi yillarda mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy ta'lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Bugungi kunda oliy ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirish, respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangilanishlarda talaba yoshlarning faol ishtirokini ta'minlash masalasi har qachongidan ham dolzarblik kasb etib kelyapti.

Mazkur jihatlarni hisobga olgan holda oliy ta'lim muassasalarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlari uchun tashkil etilgan o‘quv-seminarning 2-kuni ham foydali va qiziqarli ma'ruzalarga, qizg‘in bahs-munozaralar, savol-javoblar   turli muhokamalarga boy bo‘ldi.

O‘quv-seminarda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev so‘zga chiqib, “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining oliy ta'lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari kengashi, yetakchilari, fakultet va guruh yetakchilari faoliyatini samarali tashkil etish” mavzuida ma'ruza qildi. 

– Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlarning o‘ng qo‘li – bu yetakchi. Prorektor fakultet, guruh yetakchilarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, bir jamoa bo‘lib, yaxshi ma'noda, ularni qattiq ishlata olsa, bu mehnatlarning samarasi tez ko‘zga ko‘rinadi. Biz endilikda universitetdagi boshlang‘ich tashkilotlarning reytingini belgilash mexanizmini ishlab chiqmoqchimiz. Bu yetakchilarning faoliyatini samarali tashkil etishga yaxshi ta'sir ko‘rsatadi, shuningdek, muassasa rahbariyati tomonidan boshlang‘ich tashkilotga berilayotgan ko‘mak va qo‘llab-quvvatlashning ham ma'lum ma'nodagi mezoni bo‘ladi, – dedi u o‘z nutqida.

Tinglovchilar mavzu doirasida o‘z fikrlarini, takliflarini bildirishdi.

– Mening fikrimcha, universitet boshlang‘ich tashkilotlari iqtisodiy erkin,  o‘z mablag‘iga ega bo‘lishi kerak. Chunki faqat debat, dilemmalar bilan cheklanib qolish mumkin emas. Hisobida mablag‘i bor boshlang‘ich tashkiloti  katta loyihalarga qo‘rqmasdan qo‘l ura oladi, – dedi  Islom Karimov nomidagi Texnika universiteti prorektori.

Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori Aktam Jalilov esa o‘z ma'ruzasida oliy ta'lim tizimiga “Ustoz – shogird” amaliyotini joriy etish masalasiga to‘xtalib o‘tdi. 

– Otto fon Bismark aytgan ekan, “Kimki, bugun maktab qurishga pulni tejasa, ertaga turmalarni quradi”. Albatta, bu so‘zlarning tub mohiyati ta'lim-tarbiyani kuchaytirishga qaratilgan. Bugungi kunda professor o‘qituvchilarning borligi bu universitetning boyligi. Ular oltin to‘la sandiq. Xuddi shunday ustozlardan bilim olayotgan shogird ularning hayotiy tajribasini ham o‘rganib borgan holda, nafaqat ta'lim oladi, tarbiyalanadi ham. “Ustoz-shogird” an'anasi universitetlarimizda qaysidir ma'noda saqlangan. Endi esa “ustoz-shogird” amaliyotini joriy etishni tezlashtirish kerak, – dedi u o‘z so‘zida.

Seminarda Oliy ta'lim muassasalarida internet maydonlari, wi-fi zonalarini tashkil etishning samarali usullari hamda ijtimoiy tarmoqlarda xavfsizlik masalalari xususida ham alohida fikrlar ilgari surildi.

So‘ngra talabalarning OTM hududida telefon orqali internetdan foydalanishiga ruxsat berish kerakmi, degan savol o‘rtaga tashlandi.

Har bir prorektor bu savolga shaxsiy javobini, fikrlarini bildirdi.

Seminar davomida tinglovchilar o‘z vazifalarining mamlakat taqdiri, uning jadal taraqqiyoti uchun qay darajada ahamiyatli ekanligini tushunib bormoqdalar.

O‘quv-seminar o‘z ishini ertaga yakunlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid