Qarshi shahridagi yangi uylar nuramoqda. Aholi ne qilarini bilmayapti
Inson bolasi borki, uy qilaman, joy qilaman deydi. Yaxshi niyatlar bilan imorat soladi. Yoki zamona zayliga ko‘ra, har oy falon so‘m to‘lab turiladigan uylardan oladi. «Prezidentim ishonib, bizga shu uyni berdi», deb ko‘krak keradi, qarindosh-urug‘ oldida qaddini g‘oz tutadi. Ammo qabul qilib olgan uyi yarmidan bo‘linib ketsa-chi, unda nima bo‘ladi? Qarshi shahri, «Rovguzar» mahallasi, Jayhun ko‘chasida joylashgan «Kamolot» uylari xuddi ana shunday holatga tushdiki, uy egalari o‘z dardini «KUN.UZ»ga to‘kib soldi.
Gap shundaki, yuqorida ko‘rsatilgan manzilda joylashgan xonadonlar 20 yil muddatga kam ta'minlanganlar, sobiq «Kamolot» tashkiloti tomonidan e'tirof etilgan yosh oilalarga berilgan. Ammo bugunga kelib, bu uylarning holati achinarli, «essiz shuncha mablag‘, essiz shuncha orzu-umidlar», deydigan holatga kelib qolgan. Bu uylar 2-3 xonadondan iborat va ularga har oylik 7 foiz ustamasi bilan 800-900 ming so‘mdan to‘lov qilinadi. Kam ta'minlangan oilalar esa alohida to‘lov qiladi.
«Mana bu yoriqlarni qarang. Yangi uyning holati ham shunday bo‘ladimi? Men uyda, o‘g‘lim «pojarniy»da ishlaydi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlab topgan pulining ko‘p qismini olgan uyiga to‘laydi. Uyning holati esa, mana bunday bo‘lib yotibdi, alam qilmaydimi?», — deydi mazkur uyda yashovchilardan biri.
«Uyat bo‘lsa ham aytaman, hojatxonaga kirib bo‘lmaydi. Quvurlar chala qurilganmi, sassiq hid umuman ketmaydi. O‘zim to‘rtinchi qavatda yashayman, yoriqlarni ko‘ring, zilzila bo‘lsa, ne holatga tushadi bu uy. 150 million to‘lashimiz kerak bu uy uchun hali?», — deydi shu xonadonlarda yashovchilardan yana biri.
Uy egalarining ma'lum qilishicha, ular murojaat qilmagan joy qolmagan – hokimiyat, prokuratura, Prezident virtual qabulxonasi va hokazo. Ammo hech qayerdan hech qanday najot yo‘q. Aholi vakillarining aytishicha, ushbu xonadonlarda toza ichimlik suvi har ikki kunda bir beriladi, shunda ham sanoqli soatlarda. Qish mavsumida esa besh kunda bir.
«Tasavvur qilyapsizmi? Ikki kunda bir marta suv beriladi. Biz ovqat qilishga, kiyimlarni yuvishga, uy tozalashga suvni qayerdan olamiz. Yuvinishni-ku qo‘ya turing. Chiqindixonani qarang, dabdala. Sassiq hidi butun «dom»ni tutadi. Biror kishi bu ishlarga bosh-qosh bo‘lmaydi. O‘g‘lim mana shu uyni qabul qilayotgan paytda ham devorlarida yoriq bor edi, ammo ilojsiz qabul qilib olgandi», — deydi o‘g‘li chegarada xizmat qilayotgan onaxonlardan biri.
Ma'lum bo‘lishicha, ushbu uylarga joriy yilning mart oyida ko‘chib kirilgan. Aholi kommunal xizmatlar uchun va uy to‘lovini oyma-oy, o‘z vaqtida amalga oshirib kelmoqda. Ularning aytishicha, tomda ham yoriqlar bo‘lib, yuqori qavatda joylashgan uylar shiftidan suv tomadi.
Biz quruvchi Shavkat Azimovdan mazkur muammo yuzasidan izoh oldik.
«Ushbu uylar Qashqadaryo viloyati temir yo‘l qurilish va ta'mirlash boshqarmasi tomonidan qurilgan. Haqiqatan ham yoriqlar bor. Shu maqsadda, biz uylarning yoriqlariga kun sanalarini qo‘yib chiqqanmiz. Chunki namlik ketishini kuzatib borishimiz kerak. Odamlar qachon desa, o‘sha kuni uylarni qayta ta'mirlashga o‘tamiz», — deydi u.
Shu uylarda yashovchilarning aytishicha, xonalar uch marta ta'mirlangan, ammo biror ijobiy natija bo‘lmagan.
Biz vaziyatga yanada oydinlik kiritish maqsadida «Suvoqova» vakillari va quruvchilar bo‘lmish G‘ayrat hamda Baxtiyor ismli kishilar bilan bog‘lanishga urindik, ammo buning imkoni bo‘lmadi. «Suvoqova»dagilar telefon chaqiruvlariga javob berishmadi, quruvchilar biz borgan payt tushlik qilishayotgan ekan – vaqtlari bo‘lmadi.
Katta orzu-umidlar bilan mazkur xonadonlarga ko‘chib kelganlar esa nima qilarini bilmaydi. Qo‘rquv va hadikda. Uyi o‘pirilib tushishidan xavotirda.
Tushlik sabab ishlariga vaqt ajrata olmayotgan mutasaddilar esa mudroqda. Umid qilamizki, ular sergaklanishadi, uylari nurab borayotgan aholi dardiga quloq tutishadi va muammolarga ijobiy yechim topishadi.
Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri
Mavzuga oid
10:27 / 14.11.2024
Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi qaysi tumanlarda ekani aytildi
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
13:32 / 06.11.2024
Toshkentda oktyabrda uy-joylar uchun ijara narxi oshishi sekinlashdi
17:03 / 29.10.2024