O‘zbekiston | 10:13 / 24.11.2018
14262
2 daqiqa o‘qiladi

Nuriddinjon Ismoilov Nursulton Nazarboyev bilan uchrashadi

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

2018 yilning 24-27 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashrif dasturida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilovning Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvi rejalashtirilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari Qozog‘iston Parlamenti Majlisi raisi Nurlan Nigmatullin bilan ham uchrashadi.

Muloqotlarda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama etilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi  Memorandum imzolanishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Oliy Majlis quyi palatasi a'zolaridan iborat delegatsiya a'zolari Qozog‘iston Respublikasi Senatida ham bo‘lib, Senat raisi Kasim-Jomart Tokayev bilan uchrashadilar.

Shuningdek, delegatsiya a'zolari Qozog‘iston Respublikasi birinchi prezidenti kuniga bag‘ishlangan xalqaro parlament anjumanida ham ishtirok etadi.

Rasmiy tashrif doirasida yana bir qator uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Dushanbeda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov bilan uchrashgandi.

Mavzuga oid