O‘zbekiston | 18:07 / 26.11.2018
34614
10 daqiqa o‘qiladi

Yangi alifbo: yo najot – yo halokat, yo sa(v)odat – yo falokat masalasi

Bilamizki, o‘zbek tili turli tarixiy davrlar va tuzumlar hukmronligi davomida turlicha - 1929 yilgacha arab yozuvi asosida, so‘ng 1929 – 1940 yillar oralig‘ida lotin yozuvi asosida, 1940 yildan boshlab to 1993 yilgacha kirill yozuvi asosida, 1993 yildan boshlab esa yana lotin yozuvi asosida ishlatib kelinmoqda.

Katta avlod vakillari hamon kirill yozuvidan foydalanayotgan bo‘lsa, maktab ta'limini 1994 yildan boshlagan va savodi lotin yozuvida chiqqan yosh avlod esa, tabiiyki, lotin yozuvidan o‘zi bilganicha foydalanib kelyapti.

Lotin yozuvida yozayotgan aholi qatlamining bir qismi uni imlo qoidalariga rioya qilgan holda ishlatayotgan bo‘lsa, boshqa qismi yozuvni o‘zi uchun qulaylashtirib, kirill yozuvidagi harflar bilan almashtirib yozib keladi.

1993 yilda O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida» Qonuni, mazkur qonunning o‘ziga o‘zgartirishlar kiritish haqida 1995 yil 6 mayda Qonun qabul qilingan bo‘lsa-da, lotin yozuviga to‘liq o‘tish uzil-kesil hal bo‘lmagani sabab jamiyat aro yo‘lda sarson.

2018 yilning may oyi o‘rtalarida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Prezidentning o‘sha vaqtdagi davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov imzolagan Harakatlar rejasida O‘zbekiston hukumati lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish qoidalarining istisnosiz va so‘zsiz bajarilishini ta'minlash choralarini ko‘rishi haqida so‘z boradi.

Bunga qadar ham turli platformalarda lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosini takomillashtirish bo‘yicha turli taklif va fikrlar ilgari surilgan, ayni kunga kelib esa bu boradagi muhokamalar yana kuchaydi, chunki 2019 yilning yanvar oyiga qadar yuqorida keltirilgan qonun moddalarining istisnosiz bajarilishini ta'minlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlar ishlab chiqiladi.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish, undagi ba'zi harflarni o‘zgartirish borasidagi muhokamalar kundan-kunga qizimoqda. Kun.uz sayti alifboga kiritilajak o‘zgartirishlar va u bilan bog‘liq o‘zgarish keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan masalalarning texnik tomonlama yechimi, jamiyatga ta'siri, bu masalada olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida mutaxassis va blogerlarning munosabati bilan qiziqib ko‘rdi.

Hamza Foziljonov,
AKT sohasida tarjimon

Tarjima matnlar bilan ko‘p ishlaganim bois, alifbo va imlo qoidalari bilan bog‘liq turli muhokamalarga befarq tura olmayman. Jamiyatda alifboga o‘zgartirish kiritishni yoqlamaydiganlar qatlami ham shakllanib qolgan. Juda ko‘p kishilar matn bilan ishlashda harf belgilaridan xato foydalanadi, chunki bunga alifbo yo‘l bermaydi. Ayniqsa  O‘ , G‘ va tutuq belgisi puxta o‘ylashsiz kiritib qo‘yilganki, ularni to‘g‘ri yozish uchun turli xil murakkab kombinatsiyalardan foydalanishga to‘g‘ri keladi yoki odamlar o‘zlariga qulay belgidan foydalanib yozaverishadi.

Shaxsan o‘zim lotin yozuviga asoslangan hozirgi o‘zbek tili alifbosidan to‘g‘ri foydalanish uchun Windows operatsion tizimida klaviatura terilmasini (keyboard layout) yaratib, alifboni qulay va bexato rejimga moslashtirib olganman.

Innovatsiyalar, zamonaviy yuqori texnologiyalar haqida gapiryapmizmi, ertami-kechmi, sun'iy idrok bilan ham hisoblashishimizga to‘g‘ri keladi. Sun'iy idrok tabiiy til bilan ishlash (Natural Language Processing) bilan ishlaydi, ya'ni – kompyuter tizimi bevosita til orqali inson bilan muloqot qiladi. Masalan, ingliz tili orqali muloqot qiluvchi AI (artificial intelligence) yordamchi kiritilgan «book» so‘zini tushunadi, biroq o‘zbek foydalanuvchisi «O‘zbekiston» deb yozib kiritgan so‘zini tizim ikki qismga bo‘lib tushunadi: O- ‘ –zbekiston (bu yerda alohida O, tinish belgisi va –zbekiston). Chunki bu belgilar diaktrik belgi emas.

O‘ harfi uchun quyidagi belgili harflar mos kelishi mumkin:

G‘ harfida ham shu tushunarsiz holat. G‘ harfi uchun esa quyidagi belgili harflar mos kelishi mumkin:

Ğ – brevisli G, kengaytirilgan lotin alifbosi tarkibiga kiradi. Bu belgi ko‘pchilikka tanish, chunki 1993 yilgi lotin alifbomizda hozirgi O‘ va G‘ harflari uchun aynan yuqoridagi Ö (umlautli O) va Ğ (brevisli G) harflari ishlatilgan, biroq oradan atigi ikki yil o‘tib, 1995 yilda bu harflar O‘ va Gʻ harfiy birikmasi bilan almashtirilgan. Qolaversa, umlaut va brevisli harflar turk, ozarboyjon, turkman kabi turkiy xalqlar alifbosida ham mavjud. Bu belgilarni aksariyat mobil qurilmalar klaviaturalarida ham qiyinchiliksiz yozish mumkin (yangi o‘zbek lotin alifbosi uchun klaviatura terilmasi ishlab chiqilgunicha vaqtinchalik yechim sifatida). Shuningdek, agar Oʻ harfi uchun Ŏ harfi qabul qilinadigan bo‘lsa, diaktrik belgisi u bilan juda mos tushadi. Natijada, qabul qilinayotgan harflardagi diaktrik belgilarning turi ko‘paymaydi va bu odamlarga ancha qulaylik yaratadi.

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek tili alifbosi harflarini o‘zgartirayotganda UNICODE tizimida tez-tez va ko‘p qo‘llanadigan diaktrik belgilardan foydalangan maqsadga muvofiq. Shuningdek, chalkashliklarning oldini olish va aholini tezroq yangi alifboga o‘rgatish uchun yangi harflar ergonomik jihatdan qulayligiga qarab to‘g‘ri terib chiqilgan klaviatura terilmasi (layout’i) ham zarur.

Shahnoza To‘raxo‘jayeva,
bloger

Alifbo doim din va siyosatning izmidagi narsa bo‘lib kelgani uchun o‘zi ham kuchli bir qurolga aylanib qolgan.

Mayli, tarixda nima bo‘lsa bo‘lgandir. 21 asr ― pragmatiklar asri. Ayniqsa, siyosat yetovida bir necha bor alifbo o‘zgartirgan o‘zbek endi esini yig‘di. Endi alifboni kimgadir yoqish, kimdandir uzoqlashish va yana kimgadir yaqinlashish uchun emas, o‘zi uchun, buguni, kelajagi, bolalari uchun qulay qilish maqsadida almashtirmoqchi!

Men masalaning aynan shunday, siyosatdan tashqarida ko‘rilishini istar edim. Ya'ni, alifbo siyosat tufayli emas, ichki ehtiyoj sabab isloh qilinayotganini odamlarga tushuntirish kerak deb o‘ylayman.

Buning uchun nima qilish kerak?

Buning uchun, avvalo, chindan ham alifbo islohida siyosiy motivlardan voz kechish lozim. Agar J harfini ikkita qilish uchun turkiy dunyo bilan yaqinlashishdan boshqa salmoqliroq sabab bo‘lsa va u sabab shuncha ovoragarchiliklarga arzisa, almashtirish kerak. Lekin birlashtirish, uzoqlashtirishni alifboga yuklamaslik lozim.

Sababi, endi bu ishni alifbo qila olmaydi. Qolaversa, siyosatga qarab o‘zgargan alifbo beqaror alifbo ekan degan xulosamiz bor, afsuski.

Hozir harf islohidan ham muhimrog‘i imlo qoidalari! 20 yildan ortiq vaqt o‘tdi, imlo qoidalarimiz chalkash, sentabr ―sentyabr deya bo‘linib yotibmiz.

Undan ham muhimrog‘i ― umuman o‘zbek tili masalasi. Asli oyog‘ida mahkam turgan tilning imlosi ham mahkam bo‘ladi (mayli, bu daftarni ochmayman hozir).

Alifboni siyosatdan ajratish kerak. Tashqarida 21 asr, janoblar!

Umid Gafurov,
Bloger

Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zaro yozishmalarda ch, o‘ yoki sh harflari o‘rniga 4, 6 yoki w kabi belgilarini yozadigan foydalanuvchilar o‘zlari uchun belgilarni qulaylashtirib olgani bor gap. Bir tomondan qarasak, balki buni o‘z tezroq fikrlarini tezroq ifoda etish uchun qulay usul deya hisoblash ham mumkin, afsuski bu borgan sari ko‘pchilik tomonidan normal holatga aylanib boryapti.

Hatto rezyumeda ham shunaqa yozuvdan foydalanishyapti. Saytlarning katta qismi kirill yozuvida. Eski alifbo umuman heshteg bilan kelishmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘p sonli kuzatuvchilarga ega sahifalarda alifbo o‘zgarishidan kelib chiqadigan chalkashliklarga nisbatan salbiy kayfiyatdagi fikrlar ko‘paydi. Ba'zilar tomonidan alifbomizga turk alifbosidagi harflarning kiritilishi ortidan Turkiyaga yaqin bo‘lamiz, degan fikr esa mantiqsizlikdan o‘zga narsa emas. Deylik, Xitoy yoki Hindiston bilan hamkorlikni mustahkamlash, ular bilan yaqinlashish degani ularning iyerogliflari yoki sanskritdan foydalanish kerak, degani ham emas-ku?

Yangi alifbo joriy qilinsa ham savodsizlar savodsizligicha qoladi. Meni o‘ylantirayotgani davlat ramzi, hujjatlarning o‘zgarishi, qilinadigan sarf-xarajatlar.

Alifboning o‘zgartirilishiga sarflanayotgan mablag‘ ta'lim sifatini yaxshilashga sarflangani ma'qul deb o‘ylayman. Alifbo islohotlaridan so‘ng ta'lim tizimi islohoti ham o‘tkazilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Mirzayor Erkinov

Mavzuga oid