O‘zbekiston | 19:20 / 27.11.2018
74041
5 daqiqa o‘qiladi

Bizga Ukraina bilan savdo urushi kerakmi?

Hokim Xlestakovga: «Unter-ofitserning xotini yolg‘on gapiradi; men uni urganim yo‘q, Xudo haqqi,yolg‘on. O‘zini-o‘zi urgan».

N.V. Gogol, «Revizor» (1836)

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi Ukraina farmatsevtika mahsulotlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazmayapti. Bu borada hech qanday rasmiy izoh berilmaganidan esa, bu Ukraina tomonidan O‘zbekistonning yengil avtomobillar importiga nisbatan subsidiya masalasida tergov-surishtiruv ishlari o‘tkazilishiga javob deb taxmin qilish mumkin. Bu yerda gap O‘zbekiston mahsulotlariga nisbatan qandaydir harakat yoki qarorlar haqida emas, faqatgina tekshiruv haqida bormoqda.

Bojxona qo‘mitasining bu harakati to‘g‘risida nima deyish mumkin?

Bu noqonuniy

Ukraina tomoni hech qanday noqonuniy ish qilgani yo‘q. Buning ustiga, hech qanday nodo‘stona harakatni amalga oshirmadi. Bunday tekshiruv bozorda halol raqobatni ta'minlash maqsadida o‘tkaziladigan oddiy amaliyotdir. 

Bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston qonunchiligini (yuk hech qanday asoslarsiz ushlab turilibdi) va xalqaro kelishuvlarni buzmoqda.

Bu mantiqqa zid

Yaxshi bilamizki, xorijda o‘zbek avtomobillari o‘zimizdagiga nisbatan arzonroq narxda sotilgan. Ko‘pincha tannarxidan ham arzonroqqa. Bu amalda o‘zbek iste'molchilari va soliq to‘lovchilari xorijlik xaridorlarni subsidiyalab kelganini bildiradi. Ya'ni mahalliy avtomobillar eksporti o‘sishining chiroyli ko‘rsatkichlari bizning cho‘ntagimizdan moliyalashtirilgan. Keling, bir savolni berib ko‘raylik: bu bizga kerakmi?

Agarda Ukrainaning tekshiruvi bizning avtomobillar subsidiyalangan narxlarda sotilganini ko‘rsatib bersa, menimcha, buni tan olish va Ukraina tomoniga bu holat boshqa qaytarilmasligini tushuntirish mantiqqa mos bo‘ladi. Ayniqsa, bundan buyon bunday qilishning bizga foydasi yo‘q.

Savdo urushiga kirish eng bema'ni qaror. Buning ustiga, biz endi avtomobillarni tannarxidan arzon sotmaymiz. Shunday ekan, «urush»ning nima keragi bor?

Buning bizga foydasi yo‘q

Endi kimni jazolayotganimizni ko‘rib chiqamiz.

Ukrainalik ishlab chiqaruvchilarnimi? Balki. Aslida ular aybdormas. O‘zimizdan boshqa hech kim aybdor emas.

Kimlar ozor chekadi?

- Kompaniyalar, jumladan, sotib olingan mahsulotlarini olib kira olmaydigan o‘zbek kompaniyalari. Ularning aybi nima?

- Ukraina mahsulotlarining o‘zbekistonlik iste'molchilari. Endi ular qimmatroq yoki sifati pastroq muqobil mahsulotlarni izlashlariga to‘g‘ri keladi. Mabodo bozorda qandaydir dori topilmasa-chi? Ammo aftidan, bunday arzimas narsalar Bojxona qo‘mitasini tashvishlantirmaydi. 

- Olinmagan bojxona to‘lovlari sababli Davlat byudjyeti. Bu ham arzimas narsa shekilli?

- Xo‘sh, biz kimni jazolamoqdamiz? Birinchi o‘rinda o‘zimizni!

Bu taraqqiyotimiz uchun zararli

Bundan tashqari, bunday noqonuniy qarorlarning strategik oqibatlari ham bor.

Birinchisi. Biz dunyoga borgan sari ochilib bormoqdamiz. Xorijlik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli tijorat munosabatlarini o‘rnatmoqchimiz, xorij investorlari va sayyohlarini jalb etishni istayapmiz. Bunday qarorlar bilan esa ishonchli hamkor imijini o‘zimiz yo‘qotyapmiz. Biz salohiyatli sheriklar va investorlarga bizdagi qonunlar hech narsani anglatmasligini ko‘rsatayotgandek bo‘lyapmiz. Bu esa investitsion muhit uchun o‘ylab topish mumkin bo‘lgan eng kuchli antireklamadir. 

Ikkinchisi. Importni sun'iy ravishda cheklash orqali o‘zimizni xalqaro mehnat taqsimoti va xalqaro savdoda qatnashish ustunliklaridan mahrum qilyapmiz, yana «mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish»ni ta'kidlaydigan turli protektsionistlarning yo‘rig‘iga yuryapmiz. Men boshqa himoya haqida o‘ylagan bo‘lardim: a) mahalliy iste'molchilarni – mahalliy monopoliyachilarning sifatsiz va qimmat mahsulotlaridan, b) mahalliy ishlab chiqaruvchilarni – har xil «himoyachilar» tomonidan muntazam ravishda o‘ylab topiladigan raqobatni o‘ldiruvchi noteng «o‘yin qoidalari»dan.

Ukraina mahsulotlarini to‘sish harakati «Revizor»dagi unter-ofitserning o‘zini-o‘zi urgan bevasining harakatini eslatib yuboradi. To‘g‘ri, Gogolga ko‘ra aslida u o‘zini-o‘zi urmagan. Ammo biz o‘zimizni o‘zimiz jazolayapmiz. Shu kerakmi?

Yuliy Yusupov

Mavzuga oid