O‘zbekistonda paxta mavsumida 200dan ortiq mulozimga jazo choralari qo‘llanilgan
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta mavsumi davomida 200dan ortiq turli darajadagi davlat amaldorlari va mulozimlariga intizomiy choralar qo‘llanilgan. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev XMT tomonidan tashkil etilgan tadbirda shu haqda bayonot berdi. U, shuningdek intizomiy jazo choralarini jiddiylashtirish, xususan, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan amaldorga solinadigan jarima miqdorini keskin oshirish ustida hujjat loyihasi ishlab chiqilayotganini bildirdi, deb xabar qilmoqda tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri.
Xalqaro mehnat tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning biri paxta terganlik uchun to‘lanayotgan haq miqdorini oshirish va turli bosqichdagi terim sharoitlari orasida farq bo‘lganligi uchun bir kg paxta uchun turlicha to‘lov belgilangani bo‘ldi. Terim uchun to‘lov shkalasi 2018 yilda yanada takomillashtirildi, ya'ni mehnat resurslari yetishmagan va hosildorligi past bo‘lgan hududlarda terganlar uchun qo‘shimcha rag‘batlar taqdim etildi.
2018 yilda hukumat ishonch telefonlari orqali 2 500dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ko‘p hollarda mehnat huquqlari buzilishida aybdor deb topilgan mansabdor shaxslar, hokimlar va davlat tashkilotlari rahbarlariga nisbatan intizomiy va ma'muriy choralar ko‘rildi. Bunday choralar ishdan ozod etish, hayfsan va jarimalardan iborat bo‘ldi.
Tashkilotning qayd etishicha, O‘zbekiston paxta xomashyosini qayta ishlovchi va o‘zini to‘qimachilik sanoati ishlab chiqaruvchisi sifatida namoyon qila boshlagan.
«Bularning hammasi ijobiy o‘zgarishlardir, - deydi Beate Andreyes. – Ishlab chiqarishda to‘liq ish kunli, doimiy va munosib sharoitlarga ega ish joylarini yaratish paxta mavsumida ishchi kuchiga bo‘lgan keskin o‘sadigan talabni birmuncha qisqarishiga yordam beradi, ilgarilari terim davomida ushbu talabni qondirish asnosida adolatsiz ishga yollash amaliyotlariga yo‘l qo‘yilar edi».
Uning aytishicha, ko‘p joylarda xalqaro to‘qimachilik korxonalari tomonidan yaxshi mehnat standartlarini qo‘llash va ilg‘or xorij tajribasini amaliyotga joriy qilishga guvoh bo‘linmoqda. «Shu bois, O‘zbekistonda ham bunday ishlarni amalga oshirilmasligiga sabab ko‘rmayapman», – deydi XMT vakili. – Hali ham qilinadigan ishlar talaygina. Ammo O‘zbekiston yuqori ambitsiyali islohotlarning keyingi bosqichini amalga oshirishda xalqaro hamjamiyat tomonidan, xususan hukumatlar, sarmoyadorlar, to‘qimachilik sanoati va fuqarolik jamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga arzishini isbotlab berdi».
Ma'lumki, Xalqaro mehnat tashkiloti 2014 yildan buyon O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda «Mamlakat munosib mehnat kompleks dasturi»ni amalga oshirib kelmoqda. Ushbu dastur doirasida paxta yetishtirish sohasi bilan bir qatorda, bandlik va yollash siyosati, mehnat inspeksiyalari va boshqaruvi, mehnat huquqi, mehnat muhofazasi, ijtimoiy muloqot hamda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar uyushmalarini salohiyatini kuchaytirish masalalari qamrab olingan.
XMTning “Uchinchi tomon monitoringi” loyihasi YeI, Shveytsariya va AQSh tashkil etgan “Ko‘p donorli trast jamg‘armasi” tomonidan moliyalashtirilgan.
Mavzuga oid
19:00 / 24.10.2024
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 283 ta murojaat kelib tushdi
18:02 / 10.10.2024
Shahrisabzda aholini paxta terishga majburlagan mahalla raisi salkam 19 mln so‘m jarimaga tortildi
10:15 / 10.10.2024
“Mas’ullarning faoliyatiga huquqiy baho beriladi” – Senat paxta terimiga majburlash holatlariga munosabat bildirdi
19:45 / 09.10.2024