Jamiyat | 10:50 / 28.11.2018
30619
6 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 20 ming mevali daraxtdan iborat bog‘lar buzilish arafasida. Hokimlik bu yerlarga paxta va g‘alla ekmoqchi

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, yurtimizni bog‘u bo‘stonga aylantirish xalqimizning ezgu qadriyatlaridan biri. Shu bois ham har bir inson yerga nihol qadab, bog‘ yaratishga intiladi. Yillar davomida parvarishlaydi, meva bera boshlagach, bundan o‘zgacha zavq oladi. Ammo bir necha yil parvarishlab, endigina hosilga kirgan mevali daraxtlar bog‘i buzib tashlanishi haqida eshitsa, har qanday inson ham qilgan mehnatiga, ko‘zni yashnatib turgan bog‘iga achinadi, albatta.

Kun.uz tahririyatiga Buxoro viloyati, Vobkent tumanidagi «So‘fidehqon» mahallasi aholisidan kelgan murojaat aynan shu mazmunda. Ushbu murojaat joyida o‘rganildi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu mahalladagi xo‘jaliklarga davlat tomonidan 1989 yilda qo‘shimcha tomorqa sifatida 7-10 sotixdan yer ajratilgan. Aholi shu kunga qadar ushbu yerlardan foydalanib keladi. 200dan ziyod xo‘jalik bu yerlarda bog‘ yaratgan. Bog‘dagi mevalarni bozorga olib chiqadi, daromad olib, ro‘zg‘orini tebratadi.

Biroq, yaqinda Vobkent tumani hokimining ushbu bog‘lar buzilishi va yerlar qaytarib olinishi haqidagi buyrug‘i mahalla aholisini tashvishga soldi.

«Yaqinda tuman hokimligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi va hokim yerlarni qaytarish, bog‘larni buzish haqida topshiriq berdi. Shu topshiriq asosida 20 noyabr kuni mahallada yig‘ilish o‘tkazdik va aholiga hokimning buyrug‘ini yetkazdik. Aholi bundan norozi bo‘lmoqda. Tuman hokimiga bu borada qaror bormi, aholiga qanday asoslaymiz, deganimizda, hokim «Kim norozi bo‘lsa, menga uchrashsin, o‘zim tushuntiraman», deb javob berdi. Hozir aholiga bog‘laridagi mevali daraxtlar ko‘chirilishi kerakligini aytayapmiz», – deydi «So‘fidehqon» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ulug‘bek Muhammadiyev.

Bog‘larni ko‘zdan kechirdik. Bog‘larda olma, shaftoli, o‘rik, gilos kabi turli mevali daraxtlarni ko‘rish mumkin. Har bir meva turidan alohida bog‘lar qilingan. Ayrimlari shu yil, ba'zilari esa bir-ikki yildan buyon hosil bermoqda.

«2009 yilgacha bu yerlarga qishloq xo‘jalik mahsulotlari ekardik. Suv masalasi muammo bo‘lgandan keyin menga ajratilgan yerga gilos ekdim. Necha yillar parvarishlab, bog‘ yaratdim. O‘tgan yildan buyon daromad ham ola boshladik. Ammo necha yillik mehnatimiz singgan bog‘imizdan va daromadimizdan bir zumda ayirishmoqchi», – deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi Muso Xolmatov.

Mahalla aholisining aytishicha, ushbu yerlarning solig‘i to‘liq to‘lab kelinmoqda.

«Yer solig‘ini har yili to‘lab kelmoqdamiz. Biz bu bog‘larni asrab qolishni istaymiz. Tuman hokimligi bu muammoni ijobiy hal etishiga umid qilamiz», – deydi fuqaro Anvar Savriddinov.

Aniqlanishicha, hozirda mahalladagi xo‘jaliklar tomonidan yaratilgan bog‘larda 20 mingga yaqin mevali daraxt mavjud. Olinayotgan hosil har yili viloyat bozorlarini turli sarxil mevalar bilan to‘ldirib kelmoqda.

O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, ushbu yerlar respublika hukumatining 1989 yil 17 avgustdagi  «Qishlokda yashovchi har bir oilani tomorqa bilan ta'minlash, ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish haqida»gi qarori asosida aholiga qo‘shimcha tomorqa sifatida berilgan.

Ushbu masala yuzasidan Vobkent tumani hokimi A.Javodov bilan suhbatlashdik.

«Qarorga ko‘ra ushbu yerlarda bog‘ yaratish, ko‘p yillik ekin ekish va uy-joylar qurish mumkin emas. Faqat qishloq xo‘jalik mahsulotlari ekishga ruxsat berilgan. Aholi tomonidan yaratilgan bog‘lar noqonuniydir. Bu kabi noqonuniy holatlarga chek qo‘yish uchun yerlarni qaytarib olmoqchimiz. O‘rniga paxta va g‘alla ekiladi. Aholiga boshqa hududdan tegishli tartibda yer ajratib beriladi», – deydi tuman hokimi.

Bog‘lar bir necha yillar davomida barpo etilgan. Aksariyat xo‘jaliklar 2009 yildan bu yerlarda bog‘ qilishni boshlagan. Nihollar ekilgandayoq aholi bu borada ogohlantirilganda, ular mehnatiga kuymasdi, bog‘lar ham uvol bo‘lmasdi. Lekin shuncha vaqt chora ko‘rilmay, nega aynan bugungi kunda bu muammo yuzaga keldi? Shu kabi savollar bilan tuman hokimiga yuzlandik.

«Bu borada aholini bir necha marta ogohlantirganmiz. Ammo ular o‘zboshimchalik bilan bu ishlarni davom ettirgan.  Noqonuniy qurilishlar olib borilgan holatlar ham bor. Hammasiga shunday chora bilan chek qo‘ymoqchimiz. Bu muammo bir bu mahallada emas, boshqa ayrim mahallalarda ham mavjud. Bog‘larni qoldiradigan bo‘lsak, tumanda bu kabi o‘zboshimchalik ildiz otib ketadi. Bugun qanchadir bog‘dan voz kechsak ham bu muammoning oldini olamiz», – deya javob berdi savollarimizga tuman hokimi.

U bog‘larni buzilishdan asrab qolishning hech qanday imkoni yo‘qligini ta'kidladi.

Suhbat so‘ngida tuman hokimi bu muammo yuzasidan mahalla ahli bilan uchrashib, muloqot qilishga va'da berdi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid