O‘zbekiston | 22:20 / 28.11.2018
101328
3 daqiqa o‘qiladi

Tashqi Mehnat migratsiyasi agentligi rahbariyati qamoqqa olindi. Ular yirik korrupsiya ishida gumonlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining mansabdor shaxslari ommaviy ravishda qamoqqa olingan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator mansabdorlik jinoyatlari fakti yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati ma'lum qilishicha, 16 noyabr kuni tergov harakatlari davomida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi direktori Ravshan Rafaelovich Ibragimov, agentlik direktori o‘rinbosari Ulug‘bek Bahodirovich Nazarov, shuningdek, agentlik bo‘lim boshlig‘i A.A. va sho‘'ba mudiri O.M.ga ayb e'lon qilinib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bosh prokuratura tergov siri nuqtai nazaridan ish yuzasidan boshqa ma'lumotlarni oshkor qilmagan.

Ravshan Ibragimov
Foto: Kun.uz

Ravshan Ibragimov shu yilning bahorida Hojibaxlil Fazlitdinovich Asamov o‘rnida agentlik direktori sifatida ish boshlagandi (Asamov 2017 yil aprelidan buyon o‘sha vaqtda Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishdagi mojaro ortidan ishdan olingan Ulug‘bek Nazarov o‘rniga agentlikka vaqtinchalik rahbar sifatida ishlab kelayotgandi).

Ulug‘bek Nazarov
Foto: Kun.uz

Ulug‘bek Nazarov esa shov-shuvli ravishda ishdan olinishidan ko‘p vaqt o‘tmasdan, 2018 yilning yanvarida agentlik rahbariga o‘rinbosar sifatida qaytgandi.

Shu haftada OAVda agentlik rahbariyatidagi korrupsiya mojarosi haqida xabarlar tarqala boshlagandi. Xabarlarga ko‘ra, mansabdorlar Janubiy Koreyaga ishga boruvchi kishilardan (har bir kishidan 5 ming dollar miqdorida) jami 20 million dollar atrofida pul yig‘ib olgani aytilgandi. Bu xabarlarda agentlik rahbariyati ommaviy ravishda qo‘lga olingani, jami 20 nafar atrofida kishi Bosh prokuratura Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi xodimlari tomonidan olib ketilgani haqida yozilgandi.

Mavzuga oid