Sport | 08:43 / 29.11.2018
39858
2 daqiqa o‘qiladi

Chechenistonlik 5 yoshli Rahim Kuriyev 6 ta jahon rekordi o‘rnatdi

Foto: Yelena Afonina/TASS

Avvalroq bir urinishda qo‘llarga tayangan holda yotgancha 4105 marta gavdani ko‘tarib-tushira olgani xabar qilingan 5 yoshli chechenistonlik Rahim Kuriyev ushbu mashqdan 2,5 soatda 3202 marta bajarib, 6 ta jahon rekordini o‘rnatdi. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya rekordlar kitobi bosh muharriri Stanislav Konenko ma'lum qildi.

Rossiya rekordlar kitobida bolakayning avvalgi urinishi borasida “kichik savollar” tug‘ilgani sababli uning natijasini rasmiy vakillar guvohligida takrorlashga qaror qilingandi.

“Bugun Rahim Kuriyev 5 yoshli bolalar o‘rtasida bir urinishda gavdani eng ko‘p marta ko‘tarib-tushirish bo‘yicha rekorddan tashqari, yana 5 ta jahon rekordini o‘rnatdi: bir soatda, ikki soatda mashqni eng ko‘p bajarish; eng kam vaqt ichida gavdani ming, 2 ming, 3 ming marta ko‘tarib-tushirish. Bu rekordlarning barchasi rasman qayd qilindi”, deb aytgan Konenko. U bolakayga tegishli sertifikatni topshirgan.

Avvalroq Checheniston rahbari Ramzon Qodirov bolaning rekord natijasi uchun unga “Mersedes” mashinasini sovg‘a qilgandi. Bu gal esa respublika rahbari uni “Chechenistonning faxriy fuqarosi” unvoni bilan taqdirladi. Bolakay shu tariqa ushbu unvonni olgan eng yosh chechenistonlikka aylandi.

Mavzuga oid